Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:58

«Turkmaniston Tixanovskayasi»: Biz endi qo‘rqmaymiz


Turkmanistonlik siyosiy faolga aylangan mehnat muhojiri Dursoltan Taganova 
Turkmanistonlik siyosiy faolga aylangan mehnat muhojiri Dursoltan Taganova 

Turkmanistonlik muhojir Dursoltan Taganova atigi bir necha oy oldin siyosiy faoliyatini boshlagan. Ayni damda Turkiyada yashayotgan Taganova mamlakatda turkman muxolifati o‘tkazgan yurishlarda qatnashdi, ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni tanqid qildi.

Istanbuldagi Turkmaniston konsulligi oldidagi norozilik aksiyasida qatnashgani uchun Turkiya politsiyasi qo‘lga olgan 29 yoshdagi faol uni badarg‘a qilish masalasi ko‘rib chiqilarkan, uch oy vaqt deportatsiya markazida qoldi.

Istanbuldagi norozilik aksiyasi qatnashchilari Ashxobodning koronavirus bo‘yicha siyosatini qoraladilar. Turkmaniston hali-hanuz mamlakatda hech kim virusga chalinmaganini iddao qilmoqda. Namoyishchilar, shuningdek, avtoritar prezident Gurbanguli Berdimuhamedov iste’fosini talab qilishdi.

Taganova 30 - oktabr kuni Ozodlikning turkman xizmatiga bergan intervyusida:

«Men Turkmaniston hukumatidan xalqimizni ushbu xavfli virusdan himoya qilish choralarini ko‘rishni talab qilib, boshqa muhojirlar bilan bir qatorda 19 - iyul kuni bo‘lib o‘tgan namoyishda qatnashdim», - dedi.

«Hukumat Turkmanistonda odamlar [koronavirusdan] o‘layotgan bir paytda mamlakatda koronavirus yo‘qligini aytmoqda. Virusdan mening bir necha qarindoshim va tanishim nobud bo‘ldi», - dedi u.

Dunyoning boshqa davlatlari, jumladan, AQShda turkmanistonlik muhojirlar mamlakat diplomatik missiyalari oldida hukumatning mamlakatda koronavirus yo‘qligi haqidagi iddaosini qoralab, namoyishga chiqdilar.

Turkmaniston rasmiylarining munosabatidan Taganova ular uchun eng xavfli muxolifatchiga aylanganini xulosa qilish mumkin.

Taganovaning o‘zi Lebap viloyatidan bo‘lib, u yerda uni yomonotliq qilish kampaniyasi boshlangan. Faolning oila a’zolari tazyiq ostida uni qoralashga majbur bo‘ldilar.

Mahalliy amaldorlar hamda ayollar guruhlari Lebap aholisiga Taganova xoin ekanligini hamda mamlakatni beqarorlashtirishni istashini uqtirmoqdalar.

Ular hatto Taganovani Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning raqibi va muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskayaga qiyosladilar. Belarusda avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri norozilik aksiyalari tinchimayapti.

Lebap rasmiylari hatto aholi bilan uchrashib, Taganovaning Tixanovskayaga o‘xshash niyatlari borligi haqida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Ammo Taganova o‘zini Tixanovskayaga qiyoslamasligini, chunki u «qahramon» ekanligini, o‘zi esa «shunchaki faol» ekanligini aytdi.

«Men oddiy fuqaroman, lekin shuni tushunib yetdimki, agar biz hammamiz o‘rnimizdan turib, o‘z erkinligimizni qo‘lga kiritmasak, agar biz o‘zimiz [demokratik] davlat qurmasak, hech kim bizga erkinlik va [demokratiya] sovg‘a qilmaydi», - dedi Taganova.

Tixanovskaya kabi Taganova ham Ashxobodda hokimiyat tepasiga erkin va adolatli saylovlar orqali yangi, demokratik hukumat kelishini istaydi. Taganova «noqonuniy prezident» Berdimuhamedov lavozimini bo‘shatishi kerakligiga ishonadi.

Turkmanistonda yirik tabiiy boyliklar zaxiralari bo‘lishiga qaramasdan, mamlakat aholisining katta qismi qashshoqlikda hayot kechiradi.

Mamlakat topadigan mo‘may daromad nazorati Berdimuhamedov va uning yaqinlari qo‘lida bo‘lib, oddiy aholiga yetib bormaydi.

Keyingi yillarda neft va gaz narxi tushib ketani uchun mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yanada og‘irlashdi. Xususan, Turkmanistonda mahsulotlar taqchilligi yuzaga keldi, narxlar oshdi.

Hukumat muxolifat guruhlari va erkin matbuotni siquvga olgan va aholining kundalik hayotini qattiq nazorat qiladi. Ko‘plab faol, jurnalist va oddiy fuqaro hukumatni tanqid qilgani uchun qamaldi yoki ruhiy xastalar shifoxonalariga yotqizildi.

Hukumat mamlakatda hanuz birorta ham shaxs koronavirusga chalinmaganini iddao qilmoqda. Aslida esa mamlakat tibbiy muassasalaridagi manbalar mamlakatda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat «nazoratdan chiqib ketganini» xabar qilmoqda.

Istanbulda bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasini Turkiya politsiyasi tarqatib yubordi. Taganova va yana o‘nlab odam koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalarni buzishda ayblandi. Bir necha soatdan keyin Taganovadan tashqari barcha namoyishchi qo‘yib yuborildi.

Taganovaning advokatiga ko‘ra, Turkmaniston konsulligi Taganova hamda yana to‘rt nafar faolni turkman diplomatlari faoliyatiga xalal berishda hamda ularga tahdid solishda ayblagan.

Oradan ko‘p o‘tmay bu iddao rad etildi, ammo Turkiya rasmiylari Taganovani Selimpasha deportatsiya markaziga yubordi.

«Turkmaniston demokratik tanlovi» muxolifat guruhi yetakchisi Murat Qurvanov Turkiya rasmiylari Taganovani Turkmaniston hukumati qistovi bilan badarg‘a qilishga qaror qilganini aytdi. Ozodlik bu iddaoni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi. Ammo dunyodagi eng repressiv mamlakatlardan biri bo‘lmish Turkmanistonda hukumat tanqidchilari jiddiy tazyiqlarda duchor bo‘lib keladi.

Taganova Ozodlikka bergan intervyusida Turkmaniston diplomatik missiyalari muntazam ravishda xorijdagi turkmanistonliklar pasportlari yaroqlilik muddatini uzaytirmasligini aytdi.

«Biz, Turkmaniston fuqarolari, chet elga ishlashga borishimiz sababi o‘z mamlakatimizda ish topolmaymiz. Ammo biz Turkmaniston tashqarisida ham rasmiylarimiz tomonidan yaratilgan muammolardan aziyat chekmoqdamiz», - dedi faol.

«Pasportlarimizni yangilamaydilar. Turkmanistonlik muhojir chet elda vafot etsa, jasadni uyga yetkazishga yordam bermaydilar. Hatto pandemiya paytida ham ular chet elda ishsiz qolganlarga yordam bermadilar. Na mamlakat ichidagi, na chet elda yashovchilarga yordam beradilar. Shuning uchun men [hukumatga qarshi] namoyishlarga qo‘shilishga qaror qildim», - deya so‘zini davom ettirdi faol.

11 ta inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Turkiya rasmiylarini Taganovani Turkmanistonga badarg‘a qilmaslikka chorlashi ortidan faol 12 - oktabr kuni qo‘yib yuborildi.

Buning ortidan Taganova Turkiyada qolish uchun bir yillik qochqin vizasini oldi. Ammo Taganova tug‘ilib o‘sgan Turkmanobod shahrida rasmiylar uning oila-a’zolariga tazyiq o‘tkazmoqda.

Taganova Istanbulda qo‘yib yuborilgan kun Turkmaniston politsiyasi uning ukasi Babajanni so‘roq qilib, telefonini musodara qildi. Babajanga uning opasi «tovlamachilikda» ayblanayotganini, agar Turkmanistonga qadam bossa, hibsga olinishini aytishdi.

Taganovaning onasi Meryemgul Baymuradova qizi iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni tanqid qila boshlashi ortida Turkmaniston rasmiylari oilasini ta’qib qila boshlaganini aytdi.

Baymuradova Turkman-Helsinki inson huquqlari jamg‘armasi hamda «Memorial» inson huquqlarini himoya qilish guruhiga bergan intervyusida mahalliy hokimiyat rasmiysi oilani Taganovaning Turkiyadagi hayoti va ishi haqida so‘roq qilganini hamda uning telefon raqamini so‘rashganini aytdi. Shuningdek, mahalliy rasmiy ularni Taganovaning faoliyati «oqibatlari» haqidagi ogohlantirgan.

Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, Turkmaniston politsiyasi Taganovaning ota-onasi, ukasi, sobiq eri va boshqa qarindoshlarini so‘roq qilgan. Ular Taganovani «xoin» deb atab videomurojaat yozishga majbur bo‘lganlar.

Taganova vatanida rasmiylar oila a’zolariga bosim o‘tkazayotganidan xabardor ekanligini aytdi.

«Tabiiyki, bu menga ham ta’sir qiladi», - dedi faol.

Ammo u erkinlik uchun kurashish hamda «Turkmaniston demokratik tanlovi» partiyasini qo‘llashda davom etishini aytdi.

«Biz qo‘rqar edik, ammo endi qo‘rqmaymiz», - deya so‘zini yakunladi faol.

XS
SM
MD
LG