Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2020, Тошкент вақти: 15:24

"Jinoiy guruhga o‘xshagan hukumat rahbari" - Obama o‘z xotiralarida Putinni tanqid qildi


Barak Obama va Vladimir Putin Shimoliy Irlandiyada o‘tgan "Yirik sakkizlik" sammitida - 17 - iyun 2013

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama o‘zining «Va’da qilingan yer» deb nomlanuvchi yangi kitobida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tanqid qilib, uni «jinoiy sindikatga» o‘xshash hukumat rahbari, deb atadi.

17 -noyabr kuni Obama memuarlarining birinchi jildi chop etildi. Unda sobiq prezident Rossiya prezidenti Putin XIX asr oxiri, XX asr boshlarida AQSh shaharlarini boshqargan poraxo‘r siyosiy rahbarlarning zamonaviy versiyasini eslatishi haqida yozdi.

Obamaning so‘zlariga ko‘ra, bu yetakchilar homiylik va poraxo‘rlikni «ish yuritishning qonuniy vositasi» deb hisoblashgan.

«O‘sha paytlarda vijdonsizlik yoki kuch to‘plashdan boshqa har qanday yuksak intilishlarga nafrat bilan qarash kamchilik hisoblanmagan. [Aksincha], ular afzal ko‘rilgan», deb yozdi AQShning 44-prezidenti.

Obama so‘nggi yigirma yil ichida Rossiyani yo prezident yoki bosh vazir sifatida boshqarib kelayotgan Putin «ehtimol, qo‘rqish kerak bo‘lgan, lekin o‘rnak qilib bo‘lmaydigan mamlakat barpo etganini» ta’kidladi.

AQShning sobiq prezidenti rivojlanayotgan mamlakatlar fuqarolari orasida Moskvaga «ilhom olish» uchun boqadiganlar deyarli yo‘q ekanini qo‘shimcha qildi.

2009 - yildan 2017 - yilgacha AQSh prezidenti o‘laroq faoliyat yuritgan Obamaning Putin bilan munosabatlari yaxshi emas edi.

Obama AQSh–Rossiya munosabatlari tarang bo‘lgan bir paytda hokimiyat tepasiga keldi: 2008 - yil avgustida, Obama prezident bo‘lishidan uch oy oldin Moskva qo‘shni Gruziyaga bostirib kirgan, bu esa Sharqiy Yevropada Kreml agressiyasidan chuqur xavotir uyg‘otgan edi.

Obama dastlab «qayta tiklash» siyosati doirasida Moskva bilan munosabatlarni yaxshilashga urindi, ammo chuqur ildiz otgan ishonchsizlik, tashqi siyosatdagi kelishmovchiliklar va Rossiyada demokratik jarayonning ortga chekinishi AQSh prezidentning ushbu urinishlariga to‘sqinlik qildi.

2011 - yil oxirida Moskvada demokratiya talabi bilan norozilik namoyishlari boshlanib ketgach, Putin Obama ma’muriyatini Rossiyada tartibsizlik keltirib chiqarishga urinishda aybladi. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Kievning kremlparast rahbari ag‘darilganidan keyin 2014 - yilga kelib, Putin Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib oldi va sharqiy Ukrainada isyonchilarni dastaklay boshladi. Buning ortidan AQSh–Rossiya munosabatlari Sovuq urushdan keyingi davrda eng yomon darajaga tushib ketdi.

Obama ma’muriyati AQSh hamkorlari bilan birgalikda Rossiyani eng qudratli sanoat mamlakatlari rahbarlari uchun so‘zlashuv maydonchasi hisoblanuvchi “Yirik sakkizlik” guruhidan chiqarib tashladi. Shuningdek, Vashington Putinni Ukrainaga qarshi dushmanlik harakati uchun jazolash maqsadida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni joriy qildi.

Obama o‘z kitobida Putin bilan ilk marotaba 2009 - yilning iyul oyida Rossiya rahbarining Moskva yaqinidagi dachasida uchrashganini esladi. O‘sha paytda Putin prezident Dmitriy Medvedev yonida bosh vazir o‘laroq ishlayotgan edi. Obama Rossiya rahbarini jismonan «ajralib turmaydigan», «qisqa bo‘yli va ixcham – kurashchining tanasiga ega» deya ta’rifladi.

Obama Putinning o‘z mushaklarini ko‘z-ko‘z qilib rasmga tushish ishtiyoqi ustidan kularkan, Rossiya rahbari bunday suratlarga tushayotib o‘ziga «Instagramdagi o‘spiringa» o‘xshab e’tibor qaratishini ta’kidladi.

Obamaning aytishicha, Putin ilk uchrashuv davomida «jonli va, aftidan, bitmas-tuganmas monolog» boshlab, so‘nggi 20 yil ichida AQSh Rossiyani mensimay qo‘l urgan barcha choralar, shu jumladan, NATO tashkilotining kengaytirilishi va Vashington Iroqqa bostirib kirganini batafsil bayon qilgan.

Obama 2008–2012 - yillarda prezident bo‘lib ishlagan Putin tarafdori Medvedevga ijobiyroq baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Medvedev Kreml to‘qigan barcha ertaklarga ishonmasligini va AQSh bilan aloqalarni qayta tiklashni istashini ko‘rsatgan.

Obama Medvedev bilan ilk marotaba 2009 - yilning aprelida «Yirik sakkizlik» sammiti chog‘ida uchrashganini eslab, Medvedev «so‘zlayotganida ma’lum bir istehzoni payqadim, go‘yo u menga aytayotgan hamma gapiga o‘zi ham ishonmasligini izhor qilmoqchidek edi», deb yozdi.

Obama Medvedev bilan juda ko‘p o‘xshash jihatlarga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkalasi ham oila qurishdan oldin huquqshunoslik sohasida o‘qigan va tahsil bergan, siyosatga oz-moz «aralashgan» va ularning ikkisiga ham katta yoshli siyosatchilar yordam bergan.

Shu bilan birga, Obama Medvedevni 1990 - yillardagi xususiylashtirish paytida, ko‘plab ruslarning turmush darajasi pastlab ketgan bir chog‘da o‘z tanish-bilishlari yordamida yog‘och ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyaning qisman egasiga aylangan «badavlat» odam sifatida ta’rifladi.

Obamaning aytishicha, ikki rahbar 2009 - yilda Moskva tashqarisidagi dachada ovqatlanayotib siyosat haqida deyarli suhbatlashmagan.

Medvedevning rafiqasi Svetlana Medvedeva Obamaga o‘spirin o‘g‘li Ilya otasining shon-shuhrati keltirib chiqargan ijtimoiy bosimni qanday qabul qilishidan xavotirda ekanini, o‘g‘lini chet elda o‘qitishni istashini aytgan.

«Men tun qay darajada oddiy bo‘lganidan hayratga tushdim – biz ovqatlanib o‘tirganimizda orqamizda yashirinib o‘tirgan tarjimonlarni hisobga olmaganda, Amerikaning istalgan obod chekkasida kechki ovqatda o‘tirgan bo‘lishimiz mumkin edi», deb yozdi Obama.

Obama 2011 - yil mart oyida Medvedev Liviyada harbiy kuch ishlatish masalasida BMTda ovoz berishdan bosh tortganidan keyin Putin ommaviy tarzda unga qarshi chiqqanini kuzatib, Putin 2012 - yilda prezidentlikka qaytishini sezganini aytadi.

«Putin o‘zi ataylab tanlangan vorisini yomon ko‘rsatishga qaror qilgandek tuyuldi – menimcha, bu Putin Rossiyada jilovni rasmiy ravishda qayta qo‘lga olishni rejalashtirayotganidan darak edi», deb yozdi sobiq AQSh prezidenti.

2011 - yil sentabr oyida Medvedev qayta saylanish uchun nomzodini qo‘ymasligini e’lon qildi va Putin keyingi yil saylovda g‘olib chiqishiga yo‘l ochib berdi. Putin Medvedevni bosh vazir lavozimiga tayinladi va sakkiz yildan so‘ng – 2020 - yilning yanvarida uni ishdan bo‘shatdi.

Obama o‘zidan avvalgi prezident Jorj Bushni Putinga nisbatan qattiqroq turmagani uchun tanqid qildi.

«Bush ma’muriyati diplomatik aloqalarni to‘xtatib qo‘yishdan tashqari Rossiyani tajovuzkorligi uchun jazolash uchun hech narsa qilmadi, dunyoning qolgan qismi esa, elka qisib, o‘z faoliyatini davom ettirdi», deb yozdi Obama.

Joriy prezident Donald Tramp Obamaning o‘zini Ukraina o‘zini Rossiya agressiyasidan himoya qilishi uchun Kiyevni o‘ldiradigan qurol-yarog‘ bilan ta’minlamaganini aytib, tanqid qilib keladi.

Obama Rossiya ichidagi inson huquqlari buzilishi va Kremlning demokratiya jarayonini orqaga qaytarishi borasida Putinga qarshi turishda axloqiy dilemmaga yo‘liqqanini bildirdi.

Xususan, sobiq prezident Moskvaga 2009 - yil qilgan safari davomida rossiyalik faollar bilan uchrashgandan so‘ng, ularni himoya qilish uchun strategik maqsadlarni qay darajada qurbon qilishga hozir ekanligi haqida bosh qotirganini esladi.

Obama memuarlarining birinchi jildi 2011 - yilda – Putin prezidentlikka qaytguniga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan.

XS
SM
MD
LG