Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 06:41

JSST Markaziy Osiyoda tashxis qo‘yilmagan OITV holatlari ko‘payayotganidan ogohlantirdi


Yevropa Ittifoqining kasalliklarni nazorat qilish agentligi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo bo‘ylab, ayniqsa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda orttirilgan immunitet tanqisligi virusi (OITV) yuqtirganlarga o‘ta kech tashxis qo‘yilayotganini aytib, hukumatlarni test o‘tkazish ko‘lamini oshirishga chaqirdi.

Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromini (OITS) keltirib chiqaruvchi virusni kech aniqlash OITV tarqalishda davom etishiga olib keladi, virusga chalingan shaxslar davolanishiga va ularning hayotini saqlab qolishga to‘sqinlik qiladi.

Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) hamda JSST 26 - noyabr kuni e’lon qilgan hisobotda 2019 yilda Yevropa mintaqasida 136 000 dan ortiq odamga OITV tashxisi qo‘yilgani aytiladi. JSST o‘z hisobotlarida Yevropa mintaqasiga 53 mamlakatni kiritadi.

Yangi tashxislarning taxminan 80 foizi JSST Sharqiy mintaqa deb nomlovchi hududda aniqlangan. Ushbu hudud Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyodagi qator davlatlarni o‘z ichiga oladi.

Tashxislarning taxminan yarmi o‘ta kech, ya’ni bemorning immun tizimi ishdan chiqa boshlaganda qo‘yilgan.

«Bu holat mintaqadagi test strategiyalari OITV tashxisini erta qo‘yishda samara bermayotganini ko‘rsatadi», deyiladi JSST va ECDC bayonotida.

Yevropa Ittifoqi hamda Islandiya, Lixtenshteyn va Norvegiyani o‘z ichiga oluvchi ECDC mintaqasida so‘nggi 10 yil ichida virusni yuqtirish holatlari 9 foizga qisqargan. Bundan tashqari, mintaqada bemorga tashxis qo‘yilmagan holatlar soni ozaymoqda.

Ammo butun mintaqa, jumladan, Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘ylab yangi tashxislar soni 19 foizga o‘sgan. Bundan tashqari, hisobotda e’tirof etilishicha, mintaqada OITV virusini yuqtirgan bo‘lsa-da, tashxis qo‘yilmagan odamlar soni ko‘paymoqda.

COVID-19 pandemiyasi OITV sinovlariga qanday ta’sir o‘tkazayotgani noma’lum bo‘lsa-da, JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge pandemiya «bizni erishishimiz mumkin bo‘lgan OITSsiz kelajakdan mahrum qilayotgani» haqida ogohlantirdi.

«OITV tashxisi o‘lim hukmidek ko‘ringan kunlar esimda. Bugungi kunda to‘g‘ri davolash bilan OITVni yuqtirgan odamlar OITSdan qo‘rqmasdan yashashlari mumkin», - dedi u.

ECDC direktori Andrea Ammonning aytishicha, mamlakatlar COVID-19 tufayli OITV / OITS kabi boshqa sog‘liq muammolarini e’tiborsiz qoldirmasligi kerak.

«OITV tashxisini erta qo‘yish dolzarb vazifadir», - dedi u.

UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 - yilda dunyo bo‘ylab OITV bilan yashayotganlar soni 38 millionni tashkil qilgan. Ularning 26 millioni o‘z hayotini saqlab qolish uchun antiretrovirus terapiyasini olayotgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG