Линклар

Шошилинч хабар
17 январ 2021, Тошкент вақти: 09:14

O‘zbekiston Rossiyaning "Sputnik-V" vaksinasini sotib olmoqchi. Qanchaga va qanday yetkazilishi hozircha noma’lum


Rossiyaning "Sputnik-V" vaksinasi sinov bosqichida - Moskva, 17 - sentabr, 2020

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2020 - yil oxiri va 2021 - yil boshlarida COVID-19ga qarshi Rossiya ishlab chiqargan "Sputnik-V" vaksinasi sinovini boshlashni rejalashtirmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi sentabrda Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) bilan O‘zbekistondagi Laxisam farmatsevtika shirkati 2020-2021 -yillarda 35 million doza "Sputnik-V" vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini to‘g‘risida ma’lum qilgan.

Rossiya vaksinasi ikki davlat prezidentlari - Putin va Mirziyoyevning 30 -noyabr kuni o‘tgan telefon muloqotining ham asosiy mavzularidan biri bo‘lgani xabar qilindi.

Bu - Rossiya vaksinasi muvaffaqiyatli ravishda sinovdan o‘tsa, O‘zbekiston 34 milliondan ortiq aholiga yetadigan vaksinani to‘liq Rossiya vaksinasini sotib olishi mumkinligini anglatadi.

Ammo Rossiya yaqin oylarda yetarli darajada vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya oladimi va Moskva qo‘shnilar yoki ittifoqchilarga uzoq kutilgan emlash vositasini qanday imtiyoz va shartlar bilan taqdim qilishi mumkin, degan savollar hozircha ochiq qolmoqda. Avvalroq prezident Putin Fransiya prezidenti Makronga "Sputnik-V" vaksinasini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan edi.

Kanadada COVID-19 bemorlari bilan ishlayotgan 51 yashar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi, ximik Obid Mamadaliyevga ko‘ra, aholiga COVID-19 ga varshi vaksina yetkazib berish borasida O‘zbekiston hukumati tashlayotgan qadamlar tahsinga loyiq.

Ammo asosiy gap vaksinaning aholiga yetkazilishi va bu emlash jarayonining to‘g‘ri tashkil etilishidadir.

- Bu haqda hali biror aniq rasmiy ma’lumot yo‘q. Ya’ni emlash jarayoni qanday tashkil qilinadi, vaksina aholi uchun amalda bepul bo‘ladimi – bu hali noma’lum. Misol uchun, Kanadada boshidan bepul bo‘lishi rasman aytildi. Hozir O‘zbekiston Rossiyadan oladigan vaksinaning yakuniy narxi noma’lum. Mamlakatga yetib borishi 4 AQSh dollaridan o‘rtacha 10 dollarigacha yetgan taqdirda, 10 a’zosi bor oila uchun 100 AQSh dollariga aylanadi va aksar chekka hududlarda oilalar vaksina uchun mablag‘ topolmay qolishi mumkin. Shuning uchun, kasal odamni davolashdan ko‘ra, emlab kasallikning oldini olish hukumatlar uchun arzon tushishini unutmaslik kerak, - dedi Mamadaliyev.

U O‘zbekiston va dunyoda vaksina sinovlari hamda ishlab chiqarish jarayoniga oid Ozodlik savollariga javob berdi.

Quyida Mamadaliyev bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:15 0:00
Бевосита линк

Hozir dunyo miqyosida sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bir necha vaksinaning nomi ma’lum:

- AQShning Moderna shirkati tayyorlagan vaksina, o‘rtacha samaradorligi 94,5 foiz, - 20 daraja sovuqda saqlanishi lozim, o‘rtacha taxminiy narxi 25-37 AQSh dollari,

- AQShning Pfizer shirkati bilan Germaniyaning BioNTech shirkati tayyorlagan vaktsina, o‘rtacha samaradorligi 95 foiz, -70 gradus haroratda saqlanishi va tashilishi lozim, o‘rtacha taxminiy narxi 18 AQSh dollari,

- Britaniyadagi AstraZeneca shirkati tayyorlagan vaksina, o‘rtacha samaradorligi 70 foiz, 2 dan 8 gradusgacha temperaturada saqlanishi mumkin, taxminiy o‘rtacha narxi 4 AQSh dollari.

- Rossiyaning «Sputnik V” vaksinasi, o‘rtacha samaradorlik darajasi 92 foiz, 2 dan 8 gradusgacha temperaturada saqlanishi mumkin, narxi taqriban 4 AQSh dollari bo‘ladi, deyilmoqda.

Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, Rossiya vaksinasini O‘zbekistonga olib kelish va tarqatish vakolati O‘zbekistondagi Laxisam shirkatiga berilgan.

Bu oilaviy xususiy shirkat 1994 - yildan beri O‘zbekiston farmatsevtika bozorida ishlamoqda. Saytida bu shirkatning Minophagen Pharmaceuticals (Yaponiya), Dong Kwang Pharm (Koreya), Chemical Works of Gedeon Richter Plc (Vengriya) kabi xorijiy shirkatlar bilan hamkorlik qilishi aytilgan.

Hozircha, koronavirusga qarshi vaksinani olib kelish va aholiga yetkazish mas’uliyati nega aynan ushbu shirkatga berilganiga aniq rasmiy izoh yo‘q.

Ayni paytda, SSV O‘zbekistonga sinovdan o‘tkazish uchun Xitoydan 6 ming doza vaksina keltirilganini ma’lum qilgan, bu vaksinani sinovdan o‘tkazishda 5 ming ko‘ngilli qatnashishi aytilgan. Bu sinovlar natijasi haqida ham hanuz rasmiy bayonot berilgani yo‘q.

O‘zbekistonda 2021 - yil iyuniga qadar aholining 60 foizini koronavirusga qarshi emlash rejalangan. Bu haqda, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov “COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha yangi ilmiy ma’lumotlar” virtual simpoziumi chog‘ida ma’lum qilgandi.

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga qarshi 25 ta vaksina klinik, 139 tasi esa klinikagacha bo‘lgan sinovlar jarayonida.

Dunyo bo‘yicha Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 9 ta vaksinaning oxirgi (uchinchi) bosqich sinovlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “COVAX” (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan. Agar vaksina muvaffaqqiyatli ishlab chiqilgan bo‘lsa, “COVAX” mexanizmida ishtirok etadigan mamlakatlar aholisining yigirma foizini emlash uchun yetarli vaksina ta’minotiga kafolatlangan dastlabki kirish imkoniyatdan foydalaniladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG