Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:29

Britaniya sudi Qozog‘iston bankidagi o‘g‘rilikka aloqador ko‘rilgan milliardlab dollar mulkni muzlatdi


Bolat Otemuratov Qozog‘istonning eng boy ishbilarmonlari va investorlaridan biri - 16 - mart, 2016
Bolat Otemuratov Qozog‘istonning eng boy ishbilarmonlari va investorlaridan biri - 16 - mart, 2016

Buyuk Britaniya sudi Qozog‘istonning BTA bankidan milliardlab dollar o‘g‘irlanishiga aloqador ko‘rilgan taxminan 5 milliard dollar qiymatga ega aktivlarni muzlatib qo‘ydi.

The Wall Street Journal (WSJ) gazetasida 1 - dekabr kuni chop etilgan maqolada yozilishicha, 13 - noyabr kuni Angliya va Uels korxona va mulk sudi hashamatli mehmonxonalardagi ulushlar, olti mamlakatdagi moliya institutlaridagi hisoblar hamda Qozog‘istondagi Burger King franshizasini muzlatib qo‘yishni buyurgan.

Maqolada yozilishicha, qaror davlatga qarashli BTA bankning arizasiga asoslangan. Bank uzoq yillardan beri sobiq direktor Muxtor Ablyazov 6 milliard dollardan ziyod pulni o‘g‘irlab ketganini iddao qilib keladi. Ablyazov Qozog‘iston hukumatining ashaddiy tanqidchisidir.

BTA o‘z arizasida Qozog‘istonning eng boy ishbilarmonlari va investorlaridan biri Bolat Otemuratovni Ablyazovga bankdan o‘g‘irlangan pulni yashirishda ko‘maklashishda ayblaydi.

Uzoq yillar davomida sobiq prezident Nursulton Nazarboyev va oilasining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘rilgan Otemuratov matbuot kotibi Olga Abdraxmanova orqali bu ayblovlarni rad etdi. Abdraxmanova WJS gazetasiga bergan intervyusida «ayblovlar asosan BTA moliya instituti va uning huquqiy mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan soxta hujjatlarga asoslangan», deb aytdi.

BTA, shuningdek, Qozog‘istonning sobiq rasmiysi, hozirda Shveysariyada istiqomat qiluvchi Viktor Xrapunov va uning oila a’zolarini Ablyazovga pulni o‘g‘irlashga ko‘maklashishda ayblamoqda.

Xrapunovning o‘gay o‘g‘li Ilyos Ablyazovning qizi Madinaga uylangan.

WJS hisobotidan oldin Ablyazov Facebookda Otemuratovga qo‘yilgan ayblovlar haqida yozgan edi. Ablyazov Otemuratovni «Nazarboyevning hamyoni» deb atab, u sobiq prezident Nazarboyev nomidan uning 5 milliard dollarlik aktivlariga egalik qilishini aytdi.

Ablyazovning so‘zlariga ko‘ra, Otemuratovga qo‘yilgan ayblovlar siyosiy asosga ega va uni «jismoniy va moddiy jihatdan yo‘q qilish» va Qozog‘iston siyosiy sahnasidan chetlashtirishni ko‘zlaydi.

Ablyazov, shuningdek, BTA arizasi ortida Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasining qudratli raisi Karim Masimov turganini da’vo qildi. Ablyazovning so‘zlariga ko‘ra, Masimov ushbu sud ishi orqali Nazarboyevni obro‘sizlantirib, o‘z aktivlaridan mahrum qilmoqchi.

Otemuratovning «Verniy Kapital» kompaniyasi Otemuratov Nur-Sultonda ekani va odatdagidek ishlashda davom etayotgani haqida bayonot berdi. Bayonotda Otemuratov va boshqa bir necha shaxs Britaniya sudida ayblanuvchi bo‘lgani tan olindi.

«Muxtor Ablyazov va Ilyos Xrapunovlarga qarshi ariza dastlab BTA Bank tomonidan 2015 - yilda berilgan. 2020 - yil noyabr oyida bank tomonidan ayblanayotgan shaxslar ro‘yxati uzayarkan, Bolat Otemuratov va uning biznes tuzilmalaridan bir nechta shaxs sudlanuvchilar ro‘yxatiga kiritildi», deyiladi shirkat bayonotida.

Ilyos Xrapunov o‘z advokati orqali press-reliz e’lon qilib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar «kulgili va xayoliy» ekanini va asosan «to‘qima hujjatlarga» asoslanganini aytdi. Shuningdek, u BTA o‘z siyosiy raqibi Otemuratovni yo‘q qilishga urinayotganini aytdi.

Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboev 2019 - yil mart oyida o‘z lavozimini tark etdi. 80 yoshga to‘lgan Nazarboyev hukmron «Nur-Otan» partiyasi yetakchisi, qudratli Xavfsizlik kengashining umrbod raisi hamda deyarli cheksiz vakolatlarga ega «elboshi» sifatida mamlakatning ichki va tashqi siyosatida muhim rol o‘ynashda davom etmoqda.

Otemuratov va uning biznes tuzilmalari Nazarboyev va uning oila a’zolari bilan aloqador ekanligi uzoq yillardan beri aytib kelinadi.

Otemuratovning matbuot kotibi Abdraxmanova WSJ gazetasiga bergan intervyusida Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida magnatning Nazarboyev bilan aloqasi bo‘rttirilganini aytib, Otemuratovning boyligi 3,2 milliard dollarni tashkil etishini aytdi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Otemuratov dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatida 764-o‘rinda

XS
SM
MD
LG