Линклар

Шошилинч хабар
05 март 2021, Тошкент вақти: 00:44

"Prezidentga atalgan" go‘nglar yoki yana bir ko‘zbo‘yamachilik


Samarqand viloyatida yo‘l chetidagi go‘ng ortilgan traktorlar kimni kutmoqda?

Samarqand viloyatiga Jizzaxdan kirib kelaverishdagi yo‘l yoqasida 11 - yanvar kuni go‘ng ortilgan traktor va "Kamaz"larning saf tortgani kuzatildi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan mahalliy fermerlar va haydovchilar o‘sha kuni hokimlikdan "kattakon kelishi"ga trassaga go‘ng olib chiqish haqida topshiriq olganliklarini aytishdi.

Samarqand viloyatida go‘ng ortilgan traktorlar yo‘l chetiga qo‘yib qo‘yildi.
Samarqand viloyatida go‘ng ortilgan traktorlar yo‘l chetiga qo‘yib qo‘yildi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan jomboylik traktor haydovchisiga ko‘ra, tuman hokimligidan ularga qandaydir "kattakon" keladi, deb aytishgan:

"11 - yanvar kuni ertalab 8 da qandaydir kattakon kelarkan, deb hammamiz trassaga go‘ng olib chiqdik. Soat 16 gacha tushlik qilmasdan och o‘tirdik. Hech kim kelmadi. Kimga keragi bor bunaqa spektaklni?", - deydi traktor haydovchisi.

Bu holat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga safari bilan bir kunga to‘g‘ri kelgan.

Lekin Mirziyoyev shu kunning o‘zida Jizzaxdan Toshkentga qaytgan edi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan jomboylik fermer go‘ng ortilgan pritseplar yo‘l bo‘yiga "prezident ko‘rsin" uchun olib chiqilgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Prezident ko‘zini shamg‘alat qilish uchun qilinadigan shou bu. Shu kuni Mirziyoyev Jizzaxga bordi, bizga ham kelib qolishi mumkin, degan gap bo‘ldi. Shunga yerlar vaqtida o‘g‘itlanyapti, degan tasavvur yaratish uchun Jizzax tomondan kiraverishda yo‘lni chetiga go‘ng ortilgan traktor pritseplari qo‘yib qo‘yildi. 60ga yaqin pritsep o‘sha kuni o‘sha yerda turdi. Haydovchilarning qancha yumushi qolib, kechgacha o‘sha yerda o‘tirishdi, - deydi fermer.

Хоразмда Мирзиëев ташрифига сохта парниклар қурилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:28 0:00

Samarqand viloyati hokimining matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Manuchehr Mirzayev Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston prezidentining Samarqandga kelishi haqida umuman gap bo‘lmaganini aytdi.

"Yo‘l chetiga go‘ng qo‘yilganidan xabarimiz yo‘q. Kim buyruq berganini ham bilmaymiz. O‘sha kuni prezidentimizning Samarqandga kelishi haqida ham umuman gap bo‘lmagan. Hokimimiz salomatligi bilan bog‘liq ta’tilda edilar", - dedi Mirzaev.

Birinchi marta emas

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan fermerlar O‘zbekistonda yo‘l bo‘yiga go‘ng ortilgan pritseplar yoki qoplarni qo‘yish bilan o‘g‘itlash ishlari risoladagiday borayotganini "kattalar"ga ko‘z-ko‘z qilish an’anasi avvaldan borligini aytishadi.

Surxondaryoning Denov tumanidan bo‘lgan fermer Eshquvvat Norboyev bu haqda Ozodlikka bunday dedi:

"Asosiy yo‘l yoqalab go‘ng uyumlari yoki dala chetiga qator-qator qoplarni tizib qo‘yishadi. Ko‘zbo‘yamachilik uchun. Toshkentdan qaysidir vazir yoki prezident kelarmish, deb.

Bu ishlar sira aqlga sig‘maydi. Birinchidan, shuncha ishchi sarson bo‘ladi. Shuncha odamni ovora qilib qilingan mehnat, vaqt zoye ketdi. Yerga go‘ngni solish kerak, nima keragi bor shamg‘alat qilishni?", - deydi surxondaryolik fermer .

Ikki yil avval Ozodlik Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida shunga o‘xshash voqea haqida xabar bergan edi.

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida yo‘l chetida go‘ng ortilgan traktorlar "prezident kelishini kutmoqda"
Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida yo‘l chetida go‘ng ortilgan traktorlar "prezident kelishini kutmoqda"

"Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida ko‘zbo‘yamachilik davom etmoqda. Mana, bir haftaki, tumanning markaziy yo‘l yoqasida go‘ng ortilgan traktorlar tashrifi kutilayotgan kattakonlar ko‘zini bo‘yash uchun shay bo‘lib turibdi. Haydovchilarning qancha yumushi qolib ketayapti, bu bilan hokimning sariq chaqalik ishi yo‘q. U kishi axir kattakonlarga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishlari kerak! Holvani hokim eydi, kaltakni yetim, deganlari shu-da!", - deb aytgan edi mahalliy fermerlardan biri.

Ko‘zbo‘yamachilik prezident dakkisidan keyin ham davom etmoqda

O‘zbekistonda ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davrida muhim siyosiy tadbirlarning bir qismiga aylangan edi.

Shavkat Mirziyoyevning o‘zi 2015 - yilda Bosh vazir bo‘lib ishlagan davrda uning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyati Qo‘shtepa tumanidagi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan.

O‘tgan oy Mirziyoyevning Xorazmga safari oldidan yo‘l chetiga "soxta issiqxonalar" o‘rnatib chiqilgani haqda Ozodlik xabar bergandi.

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin o‘zining joylarga tashrifi oldidan viloyat, tuman va shaharlardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni bir necha marta qoralagan.

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling”, degan edi prezident 2018 - yil 13 - aprel kuni Sayxunobod tumanida qilgan chiqishida.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, prezident boradigan hududlar yo‘llarini shosha-pisha asfalt qilish, tomlarni bo‘yash, byudjet xodimi ishchilarini ko‘cha tozalashga chiqarish, yo‘l bo‘yiga xo‘jako‘rsinga issiqxonalar qurish, ko‘chatlar ekish yoki ochilgan paxtani terdirmay turish kabi o‘nlab ko‘zbo‘yamachilik holatlari haqida Ozodlikka xabarlar kelgan.

XS
SM
MD
LG