Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:03

OzodDayjest: Tanzila Norboyeva xorijdagi migrant ayollarni vatanga qaytarish lozimligini ta’kidladi


Senat raisi Tanzila Norboyeva
Senat raisi Tanzila Norboyeva

Senat raisi chet eldagi muhojir ayollarni O‘zbekistonga qaytarish kerakligidan bahs etdi. “Obnalchilar ishi” yuzasidan o‘nlab tadbirkor suddan DSQ harakatiga qonuniy baho berishni so‘radi. Bir o‘limdan qolgan mahalla raisi yana suiqasd uyushtirilishidan xavotirda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Tanzila Norboyeva: Ayollarning mardikorlik qilishi – juda xunuk holat

Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyeva xorijdagi migrant ayollarni oilasiga qaytarish hamda ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rish kerakligini ta’kidladi (www.gazeta.uz, 17 - mart).

“Bandlik vazirligi chet elda bo‘lib turgan migrant xotin-qizlar ro‘yxatini yangilagan holda yurtiga qayta olmayotgan yoki qiyin ahvolga tushganlarni oilasiga qaytarish hamda ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi kerak. Biz mamlakatdagi noturar joyda yashayotgan xotin-qizlarni 9 mingta deb aniqladik, u yoqda qancha ekan? Rossiya, Qozog‘iston, Koreyada, bilmayman yana qaerda yuribdi ayollar”, degan T.Norboyeva Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishida.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov hisobotiga ko‘ra, bu borada har bitta mahallada aprel oxirigacha xatlov o‘tkaziladi va qancha ayol qaytarib olib kelinishi aniq bo‘ladi.

“Masalan, o‘sha yerda uyi, kasbi bo‘lmasa, kechirasiz-u, birovlarning og‘ir, qiyin ishini qilib yurgandan ko‘ra, bu yerga kelsin mana shu ishlardan beraylik. Ikkita yo‘li bor, bu yerga qaytarib olib kelib, kasbga tayyorlash, xorijga ishlashga boraman desa, yana jo‘natish yoki shu yerda ish bilan ta’minlash”, deya ta’kidlagan Norboyeva.

U mardikor ayollar masalasiga ham to‘xtalgan.

“Mardikorlik bilan shug‘ullanayotgan ayollarimiz bor. Mardikorlik deyiladi, lekin bu – juda xunuk gap. Bir martalik ish deylik. Mana shunday faoliyatga ehtiyoji bor ayollarimiz mavjud. Toshkent shahrining o‘zida 6 ta kunlik ishchilar markazlari (vaqtinchalik ish bilan ta’minlash markazlari) tashkil etildi. Respublika bo‘yicha esa jami 31 ta”, degan Norboeva.

Senat raisi mardikor bozorlari va vaqtinchalik ish berish tizimini zamonaviy tartibda tashkil qilish kerakligini ham qo‘shimcha qilgan.

“Obnal ishi”: Tadbirkorlar soliq idorasini sudga berdi

Joriy yil fevral oyida boshlangan “obnalchilar” mojarosi – Davlat soliq qo‘mitasi va yuzlab tadbirkorlar ziddiyati atrofidagi bahs-munozaralar tinmayapti (www.kun.uz, 16 - mart).

Soliq qo‘mitasi “risk-tahlil” natijasida 396 korxonadan iborat (keyinchalik 525tagacha kengaytirilgan) “Shubhali kontragentlar reestri”ni tuzgan edi. Qo‘mita talabiga muvofiq, “reestr”ga tushgan kompaniyalar QQS zachyotini to‘g‘rilash bilan jazolanadi va ular qonunbuzarlik qilmaganini isbotlashi kerak. Soliq idorasi “shubhali kontragentlar”ni yoppasiga “obnalchilar” deb atagan, ular bilan ishlagan minglab kompaniyani ham amaldagi qonunchilikni buzishda ayblagan.

“Obnalchilar ishi” yuzasidan o‘nlab tadbirkorlar soliq organining harakatiga qonuniy baho berilishini so‘rab sudga murojaat qilgan. Soliq kodeksining 231-moddasiga ko‘ra, soliq organi mansabdorining qarori ustidan shikoyat berilganda, ushbu qaror ortidan kelib chiqadigan ijro to‘xtatib turilishi kerak, ammo idora ijroni davom ettirmoqda.

“Tadbirkorlar sudga murojaat qilgani haqida soliq organiga alohida xabarnoma berildi, chunki kodeksda shunday yozib qo‘yilgan. Soliq organidan ma’lumot uchun qabul qildik, degan javob keldi, harakat esa davom etmoqda. Men 20dan ortiq tadbirkorlar bilan shu masalada muloqot qilib turgan bo‘lsam, birortasidan ham inkasso topshiriqlari qaytib olinmagan. Ya’ni tadbirkorlarning hisobraqamlari muzlatib qo‘yilgan”, degan soliq maslahatchisi Abdug‘ani Muhammadboyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqtisodchi Yuliy Yusupov DSQning “obnalchilar”ga qarshi boshlagan kurashi yuzasidan fikr bildirib, qo‘mita harakatlarini “sog‘lom fikrga zid va qonunni mazax qilish”, deb atagan edi.

Namanganda mahalla raisasiga suiqasd uyushtirildi

Namangan viloyati Chust tumanidagi Yangier mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Feruza Rustamovaga kuppa-kunduzi, mahalla binosida suiqasd uyushtirildi (“Mahalla” gazetasi, 15 - mart).

Qayd etilishicha, mahalla raisi o‘rinbosarining o‘g‘li mahalla idorasiga kelib janjal ko‘tarishga uringan. Rais hududiy profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilib holatni tushuntirgan. Ammo inspektor chaqiruvga e’tibor bermagan. Bu orada janjalkash yigit mahalla raisining ortidan kelib bo‘g‘ib, bo‘g‘ziga pichoq tortvorgan.

“Qo‘rqib ketdim. Epchillik qilib, qo‘lim bilan bo‘ynimni to‘sib qoldim. Har safar pichoq tortganda qo‘lim bilan ushlab qoldim. Bir guruh fuqarolar yordami bilan ajal changalidan omon chiqdim. Biroq qo‘lim qattiq shikastlanib, tinmay qon oqa boshladi. Ham qo‘rquv, ham og‘riq azobidan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Atrofimdagi yaxshi insonlar meni tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borishdi”, degan Feruza Rustamova.

Jarohatlangan raisning davlat shifoxonasiga yotishiga to‘sqinlik qilingan. Shu sabab u bir kungina tuman shifoxonasida davolanib, so‘ng xususiy klinikaga borishga majbur bo‘lgan.

“Ertaga meni pichoqlagan bolani qo‘yib yuborarkan. Bir kundan ortiq qamoqda ushlab turish mumkin emas ekan. Jonimga qasd qilgan yigit esa, chiqiboq, yana meni o‘ldiraman, debdi. Bugun o‘zimga o‘zimning rahmim kelib ketdi. Mahallani jinoyatchilikdan saqlaylik, deb qancha kurashyapmiz. Lekin o‘zimizni jonimiz xavf ostida qolganda bizni hech kim asray olmayapti. Na tuman mahalla bo‘limi, na ichki ishlar bo‘limi xodimi meni qidirdi”, degan suiqasddan omon qolgan Yangiyer MFY raisi.

F. Rustamova farzandlari hali yosh ekani va ularning etim qolishini xohlamasligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG