Линклар

Шошилинч хабар
16 июн 2021, Тошкент вақти: 11:57

Oziq-ovqat taqchilligi, yashirin navbatlar va hibsga olishlar - Turkmanistonda nima bo‘lyapti?


Turkmaniston poytaxti Ashxobod aholisi 11-mikrorayondagi 4-sonli davlat magazini atrofida ertalabdan navbatga turgan paytda olingan surat. 2021 - yil, 1 - may.

Ashxobodning davlat do‘konlarida imtiyozli narxlarda deyarli mahsulot qolmadi. Bunga qaramasdan, odamlar navbat kutishda davom etmoqda.

4 - may kuni Ozodlikning Turkmanistondagi muxbirlari Ashxobod va viloyatlardagi vaziyat to‘g‘risida xabar berdilar.

4 - may kuni Ashxoboddagi ko‘plab do‘konlarda subsidiyalangan narxlarda mahsulotlar qolmagan. Ba’zi do‘konlarda, xususan, 79-sonli magazinda savdo bo‘lmasligi haqida yorliq ilib qo‘yilgan.

Andalib ko‘chasida joylashgan «Paytagt» savdo markazida odamlar ertalab soat beshdan boshlab savdo boshlanishini kutgan.

Muxbirlarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida do‘konlarga mahsulot yetkazib berishda jiddiy uzilishlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, mahsulot olayotgan xaridorlar o‘tmagan tovarlarni sotib olishga majburlanmoqda.

G‘azablangan xaridorlarning turli xil savdo organlariga muddati o‘tgan tovarlarni majburan sotish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan hujjatlarni ko‘rish talablari hech qanday natija bermagan.

Bunga qaramasdan, poytaxtdagi do‘konlar oldida navbat kutishga norasmiy taqiq qo‘yilgan. So‘nggi haftalarda navbat kutayotgan odamlar do‘konlar yaqinidagi binolarning orqasida yashirina boshlagan.

«Hozircha, avvalgidek ahvol juda yomon. Ehtiyotkorlik bilan va do‘kondan nariroqda navbatga turishingiz kerak. Agar do‘kon sotuvchilari politsiyaga shikoyat qilsa, sizni olib ketishlari mumkin», - dedi Ozodlik muxbiri 4 - may kuni.

Navbat kutishga qo‘yilgan taqiq ham norasmiy bo‘lib qolmoqda. Hech kim navbatlar man etilgan rasmiy buyruq nusxasini ololmadi.

Ozodlikning hukumatga yaqin manbalarining ma’lum qilishicha, poytaxt mutasaddilarining navbat kutishni man etishiga prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov do‘konlar yaqinidagi gavjum navbatlar otasini «obro‘sizlantirishini» aytgani turtki bo‘lgan.

O‘shandan beri Turkmaniston hukumati navbatlarni yo‘q qilish uchun turli choralarni ko‘rmoqda. Xususan, navbat kutganlar hibsga olingani va jarimaga tortilgan haqida xabarlar bor.

«Xronika Turkmenistana» mustaqil nashrining xabar berishicha, 30 - apreldan boshlab Ashxoboddagi davlat do‘konlaridagi navbatlarni yo‘q ilish uchun yangi choralar joriy qilingan.

Xususan, ertalab navbat kutayotganlar xarid qilishni istaydigan mahsulotlar bozor narxlarida sotila boshlagan. Masalan, bir kilogramm shakar 9 manat o‘rniga 26 manat, 1 litr o‘simlik yog‘i 18 manat o‘rniga 42 manat, 1 kilogramm tovuq go‘shti 16 manat o‘rniga 40 manat narxda sotilmoqda.

Ko‘pchilik bu narxlarda xarid qilmaydi. Kunning ikkinchi yarmida ayni mahsulotlar davlat belgilagan imtiyozli narxlarda sotilmoqda.

Ayni paytda, hududlarda mahsulot taqchilligi bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irroqdir. Davlat do‘konlarida imtiyozli narxlarda sotiladigan deyarli hech narsa qolmagan.

4 - may kuni Meri shahridagi muxbir hozirgi paytda davlat do‘konlarida faqat tuz davlat narxlarida sotilayotgani, qolgan barcha mahsulotlar bozor narxlarida sotilayotganini aytdi. Davlat do‘konlarida shakar, tovuq, un, tuxum va sariyog‘ umuman yo‘q.

Non haftasiga ikki marta imtiyozli narxda sotilmoqda. Odamlar tungi soat ikkidan navbat kuta boshlayotgani haqida xabarlar bor.

Ozodlikning muxbirlarining so‘zlariga ko‘ra, aholi orasida vahima kuchaymoqda, chunki oziq-ovqat mahsulotlarini imtiyozli narxlarda sotish tizimi yaqinda bekor qilinishi haqida xavotir yuzaga kelgan.

Mamlakat hukumati inqiroz sabablarini aholiga tushuntirmay keladi. Hukumat oziq-ovqat siyosati sohasidagi rejalarini e’lon qilmaydi. Aksincha, Turkmaniston rahbariyati bir necha yildan buyon mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi to‘liq ta’minlangani, mahalliy mahsulotlar hajmi o‘sib borayotgani va import o‘rnini bosish siyosati muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini iddao qilib keladi.

Aslida esa hukumat kishi boshiga ko‘pi bilan 5 kilogramm un sotishni belgilaydigan normani to‘ldirishni uddasidan chiqa olmayapti. Bundan tashqari, fevral oyida imtiyozli mahsulotlar narxi oshirildi.

Turkmanistonda oziq-ovqat inqirozi va non tanqisligi 2018 - yil oxiridan beri davom etmoqda. O‘shandan beri rasmiylar imtiyozli mahsulotlar sotish bo‘yicha bir necha marta cheklov kiritdi. So‘nggi oylarda vaziyat sezilarli darajada og‘irlashdi.

Oylik oziq-ovqat payogi, ya’ni ma’lum vaqtga mo‘ljallab beriladigan oziq-ovqat miqdori ozaytirildi, davlat do‘konlarida imtiyozli narxlarda sotiladigan mahsulotlar soni yanada qisqardi, ularni sotib olish bo‘yicha yangi cheklovlar kiritildi.

Bunday sharoitda aholi non yopish uchun turli usullardan foydalanishga, jumadan, muddati o‘tgan makaron, past sifatli guruch, makkajo‘xori va jo‘xorini maydalab, un qilishga majbur bo‘lmoqda.

Avvalroq Ozodlik manbalari hukumat oziq-ovqat mahsulotlarini imtiyozli narxlarda sotish tizimini bekor qilishni rejalayotgani haqida ma’lum qilishgan edi.

XS
SM
MD
LG