Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2021, Тошкент вақти: 23:10

Tolibon qotil va narkosavdogarlarni qamoqdan chiqardi: sobiq prokurorlar yashirinishga majbur


Tolibon jangchilari, ularning orasida sobiq mahkumlar ham bor - Kobuldagi Puli Charxi qamoqxonasida. 13 -sentabr, 2021

Ag‘darilgan Afg‘oniston hukumatiga ishlagan prokurorlar bir paytlar o‘zlari qamatgan jinoyatchilar endilikda ularga tahdid qilayotganini aytishmoqda. Bu tahdidlar Tolibon jangarilari avgust oyida mamlakatni ishg‘ol qilarkan, qamoqxonalardan mahkumlarni ozod etganidan so‘ng boshlangan. Shu paytgacha sobiq prokurorlardan uch nafari jinoyatchilar tarafidan o‘ch olish maqsadida o‘ldirilgani ma’lum qilindi.

Afg‘onistonda sobiq prokurorlar yashirinishga majbur bo‘lishmoqda: ularni Tolibon ozod qilgan jinoyatchilar qidiryapti – jangarilar mamlakatni bosib olganida afg‘on qamog‘idagi deyarli barcha mahkumlarni qo‘yib yuborgandi.

Afg‘oniston hukumati qulashidan ko‘p yillar oldin Humoyun janubdagi Helmand viloyatida xavfli jinoyatlarni tergov qilardi. Bu dunyo af’yunining katta qismi yetishtiriladigan va af’yunni qayta ishlab, geroin olish yo‘lga qo‘yilgan mintaqadir. Humoyun aynan Afg‘onistonda noqonuniy giyohvand savdosini kasb qilganlarni tergov qilgan.

Biroq sobiq prokurorning aytishicha, o‘zi sud qilishga ko‘maklashgan jinoyatchilar endi unga tahdid qilishmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar – to‘lagan jarimalari va sud musodara qilgan mol-mulklari qiymatini to‘lashni talab qilishmoqda.

Humoyun boshqa ko‘p afg‘onlar kabi o‘zini faqat ismi bilan tanitadi – shunisi xavfsizroq. Tahdidlar haqida so‘zlarkan, u yaqinda Helmand viloyatining Nad-Ali tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan sobiq mahkumni misol keltiradi.

– U mashinasi musodara qilingani uchun men javobgarligimni va darhol uni qaytarib berishim kerakligini aytdi, – deydi Humoyun Ozodlikning afg‘on xizmati bilan muloqotda.

Humoyunning aytishicha, sobiq mahkumlarning bunday talablariga duch kelayotgan yolg‘iz u emas.

– Ko‘plab sobiq mahkumlar menga va hamkasblarimga tahdid qilib, pullarini qaytarishimizni talab qilishyapti. O‘z vaqtida (qonuniy hukumat davrida) sud ularga jarima qo‘llagan yoki mol-mulklarini musodara qilish haqida qaror chiqargan. Shunga qaramay, ular bu voqealarda biz shaxsan javobgar ekanimizni iddao qilishmoqda, – deydi u.

Afg‘oniston Islom Respublikasi davrida xizmat qilgan boshqa sobiq prokurorlarning ham shunga o‘xshash hikoyalari bor.

O‘tgan oyda toliblar tomonidan afg‘on qamoqxonalaridan chiqarib yuborilganlarning aksariyati Tolibon jangarilari yoki “Islom davlati” va “Tahrikai Toliboni Pokiston” singari boshqa radikal guruhlarning a’zolari edi.

Ammo Tolibon jangarilari “sharofati bilan” huvillab qolgan qamoqxonalarda toliblarning o‘z talqinidagi islom huquqiga binoan og‘ir jazolarga, hatto o‘limga mustahiq etishga loyiq jinoyatlarni sodir etgan mahkumlar ham bor.

Afg‘on advokatlarining Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga ma’lum qilishicha, erkinlikka chiqqan mahkumlar allaqachon kamida uch nafar sobiq prokurorga hujum qilib, o‘ch olish maqsadida ularni o‘ldirgan.

O‘zini laqab bilan Hayotilloh Xon deb atagan sobiq davlat advokati jinoyatchilar hujumiga yo‘liqqan prokurorlar unga tanish bo‘lganini bildirdi.

– Ulardan biri – 26 - avgust kuni Nangarxar viloyatida o‘ldirilgan Ahmadi Shoh. Ertasi kuni g‘arbiy Farah viloyatida yana bir prokuror o‘ldirildi. 12 - sentabr kuni esa, Nusratulloh ismli yana bir sobiq prokurorning joniga qasd qilishdi. Hozirda mamlakatda barcha sobiq prokurorlarning hayoti xavf ostida qolgan, – deydi u.

Tolibon harakati o‘z jangarilari ag‘darilgan afg‘on hukumatiga ishlaganlarni ta’qib qilmasligini bot-bot ta’kidlagandi, ammo qasos olish uchun odamlar qatl etilayotgani haqidagi xabarlar oqimi to‘xtamayapti.

Tolibon sobiq hukumat xizmatchilarining qasos uchun o‘ldirilayotganiga rasman munosabat bildirgani yo‘q. Radikal harakat rahbariyati bo‘lajak sud tizimi tuzilmasi, shuningdek sobiq afg‘on adliya mulozimlarining xizmatga qaytarilishi yoki qaytarilmasligi xususida ham biron so‘z aytmayapti.

Kobuldagi Amerika universitetining huquqshunoslik bo‘yicha dotsenti, hozirda muhojirotda yashayotgan Horun Rahimiy Tolibonning sobiq prokurorlardan birortasini ishga olishini kutmayotganini aytadi.

– Sud ta’qibi – odil sudlovni zarur tarzda amalga oshirish elementidir. Jinoyatda ayblanayotgan odamning aybdorligini amalda isbotlash uchun hukumatni ifoda etuvchi shaxs bo‘lishi kerak. Lekin men Hirotda Tolibonning bosh qozisi bilan uchrashgan prokurorlar bilan so‘zlashganimda, ular aytishdiki, toliblar “bizning sud tizimiga ehtiyojimiz yo‘q”, deb hisoblasharkan. Hirot viloyati bosib olinganida prokuror qochib ketgan, ammo toliblar uning o‘rniga vaqtincha bo‘lsa ham hech kimni tayinlamagan. Toliblar prokurorlar ularga kerak emasligini, harakatning odamlarni qamoqqa olish va jazolash bilan shug‘ullanadigan kuchlari birato‘la prokuror vazifasini ham bajarishini aytishgan, – deydi Rahimiy Ozod Yevropa /Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

– Yuridik nuqtai nazardan qonun ustuvorligining tarkibiy qismi – politsiya tergovchilari emas, balki zarur huquqiy tartib-taomillar – Tolibon kuchlariga g‘alati tuyuldi. Bu Tolibonning yashirin sudlarni joriy qilgan isyonchilik harakati davrida amal qilgan qoidalar asosida o‘z sud tizimini o‘rnatish niyatida ekanini bildiradi. Ko‘pincha ular butun-boshli viloyatga bitta qozi tayinlashadi va u yakka o‘zi qaror qabul qiladi, – davom etadi Rahimiy.

Tolibon jangarilarining jinoyat sodir etganlikda gumonlangan odamlarni namoyishkorona jazolagani aks etgan videolar internetda dam-badam yoyinlanmoqda. Bular bari – qat’iy tartib-qoidalarga tayanadigan Tolibon harakatining qo‘mondonlar va ruhoniylar rahbarligida faoliyat yuritib, tezkor qarorlar chiqarib bergan yashirin sudlarga rasmiy maqom berishi mumkinligini ko‘rsatadi.

– Tolibon avvalgi hukumatning sud va huquq tizimi institutsional tuzilmasini joriy etish haqida o‘ylayotganiga biron ishora yo‘q. Ular bu tizimga nafrat bilan qarashadi. Ular o‘z nazdida islom huquqiga xos, hatto haqiqiy islomiy amaliyot deb bilgan narsani – imi-jimida tezkor qarorlar qabul qiladigan ibtidoiy sudlarni joriy etishni xohlaydi, – deydi Rahimiy.

Sobiq hukumat davrida ishlagan prokuror ayollar xizmatga qaytishdan umid ham qilishmayapti. Ulardan ayrimlari har kuni tahdid qilinayotganlari va o‘z xavfsizliklaridan xavotirda ekanliklarini aytishadi.

Kobulda prokuror bo‘lib ishlagan, o‘zini shartli ism bilan Jamila deb atagan ayol o‘zi va hamkasablari mamlakatdan chiqib ketishga jon-jahdlari bilan harakat qilishayotganini aytadi.

Unga ko‘ra, ag‘darilgan hukumatga xizmat qilishgani endilikda o‘zlari va oilalari xavf ostida qolganini anglatadi.

– Istaymizki, ommaviy axborot vositalari murojaatimizni butun dunyoga etkazishsin. Jahon hamjamiyati xavfsiz joyga ko‘chib borishimizda bizga yordam berishi kerak, aks holda qo‘rquvdan adoyi tamom bo‘lamiz, – deydi u Ozodlik afg‘on xizmati bilan suhbatda.

Афғонистондан қочиб кетган аёл полициячи “яшириниб юрган” ҳамкасблари қисматидан хавотирда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:54 0:00

Buyuk Britaniya Kobuldagi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tribunalda ishlagan ba’zi prokurorlar va sudьyalarni Manchester va boshqa shaharlarga ko‘chirib keldi. Ushbu mahkama Afg‘onistondagi o‘ta og‘ir jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan shug‘ullangan.

Tahririyatdan: Maqolani tayyorlashda Ozodlikning afg‘on xizmati muxbirlari ishtirok etishgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ularning ismlari oshkor qilinmadi.

XS
SM
MD
LG