Линклар

Шошилинч хабар
08 декабр 2021, Тошкент вақти: 05:48

Qirg‘iziston: Oktabr voqealari ishtirokchilari tanlab-tanlab ayblanmoqdami?


18 - oktabr kuni Bishkekning Birinchi may tumani sudida 2020 - yil oktabr voqealari chog‘ida yuz bergan tartibsizliklarga doir jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tinglov bo‘lib o‘tdi. Birinchi sud majlisi 2 - noyabrga belgilangan.

Mahkama jarayonida jinoyat ishi figurantlari sifatida QR sobiq prezidenti Almazbek Atambayev, uning sobiq maslahatchisi Farid Niyozov, siyosatchi Jenish Moldokmatov, sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Qursan Asanovlar qatnashmoqda. Jamoatchilikning mahkamaga munosabati bir xil emas: aybdorlar tanlab olinmoqda, chunki oktabr voqealariga mamlakatning hozirgi rahbariyati vakillari ham aloqador, degan fikrlar mavjud.

Sud jarayoni

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tinglovlar Birinchi may sudida 8 - oktabr kuni boshlangan edi. O‘shanda ayblanuvchilardan biri – Temirlan Sultonbekov qatnasha olmagani bois jarayon 18 - oktabrga ko‘chirildi.

Bu safar u sud majlisiga keldi. Undan tashqari, sud zalida prezident apparati sobiq rahbari Farid Niyozov, sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Qursan Asanov hamda “Turon” partiyasi yetakchisi Jenish Moldokmatovlar ham bor edi. QR sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev sudga olib kelinmadi. Ammo uning sobiq tansoqchilari Damir Musakeyev bilan Qanat Sagimboyev kelishdi.

Dastlabki eshituv yopiq tarzda o‘tdi. Temirlan Sultonbekov kasalligi sababli sudya Ubaydulla Sotimqulov jarayonni 2 - noyabrga qoldirishga qaror qildi.

Atamboyev, Sagimboyev va Musakeyevlarning advokati – Zamir Josheyev ushbu sud majlisi xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:

“Almazbek Atamboyev jarayonni uning ishtirokisiz o‘tkazishni so‘rab ariza bergandi. Jenish Moldokmatovning advokati unga nisbatan tayinlangan ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirish haqida iltimosnoma kiritdi. Ammo sud iltimosnomani qanoatlantirmadi. Jarayonning o‘zi ochiq bo‘ladi. Ish materiallari 99 jilddan iborat. Men ko‘z yugurtirib chiqdim. Olti figurant “ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va hokimiyatni kuch bilan bosib olish”da ayblanmoqda. Biroq buning dalil-isbotlarini men ko‘rmadim. Barcha jildlar hikoyaxonlik, faktlar qaydlari bilan to‘ldirilgan”.

Qirg‘izistonda 2020 - yil 4 - oktabr kuni parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Ertasi kuni saylov natijalaridan norozi partiyalarning tarafdorlari mitingga to‘plandilar. Norozilik aksiyasi namoyishchilarning kuchishlatar idoralar xodimlari bilan to‘qnashuviga ulanib ketdi. 6 - oktabrga o‘tar kechasi mitingchilar “Oq uy”ni egallab olishdi. Shundan so‘ng qamoqda saqlanayotgan sobiq prezident Almazbek Atambayev va uning yaqin odamlarini ozod qildilar.

Erkinlikka chiqqan siyosatchilar 9 - oktabr kuni Bishkekdagi mitingda ishtirok etishdi. Aksiya mushtlashuv bilan tugadi – natijada 7 kishi jarohat oldi.

Ertasiga, 10 - oktabr kuni ommaviy tartibsizliklar fakti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishni sudga qadar yuritish doirasida sobiq prezident Almazbek Atambayev, uning qo‘riqchilari Qanat Sagimboyev hamda Damir Musakeyev, “Sotsial-demokratlar” partiyasi a’zosi Temirlan Sultonbekov, sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Qursan Asanov hibsga olindi. Sobiq prezidentning o‘g‘illari – Seyit va Qodir Atambayevlar esa so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi.

O‘shandan beri Sultonbekov bilan Sagimboyev uy qamog‘iga o‘tkazildi, Qursan Asanov esa ikki marta (jumladan, boshqa ishlar bo‘yicha ham) qo‘lga olindi, uchinchi martasida 50-sonli tergov hibsxonasiga qamaldi.

Jenish Moldokmatov 2021 - yil may oyida qo‘lga olingan edi. Uning advokati siyosatchi ustidan 9 - oktabr voqealari bo‘yicha yana bir necha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi. 18 - oktabrdagi sud majlisida Moldokmatov jurnalistlarga uni aybini tasdiqlovchi hech qanday dalilsiz tergov izolyatoriga qamashganini aytdi.

“Ommaviy tartibsizlik uyushtirilgani va hokimiyatni egallab olishga urinish bo‘lganini isbotlovchi birorta fakt yo‘q. Meni 7 oydan buyon bekordan-bekorga qamoqda tutib turishibdi. Ammo men kechirim so‘ramoqchi emasman, tarix hali hammaga o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘yadi. Qamatganlar bir kun kelib o‘zlari qamoqqa tushadi. Ular bizni hokimiyatni noqonuniy bosib olishda ayblashmoqda, shunchalikka borgan ekan, bugungi hokimiyatning o‘zi noqonuniydir”.

Prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozov esa mazkur ish yuzasidan alohida murojaat qildi:

“Hukumat ushbu sud jarayoni orqali o‘z aksilinqilobini oqlamoqda. 2020 - yil oktabr voqealari bo‘yicha tergovdan maqsad bosh ko‘targan xalqni ayblash va Sooranboy Jeenbekovni dastaklash ekani yaqqol ma’lum bo‘ldi. Xususan, Jeenbekovga o‘tgan yili hokimiyat uchun kurashda Sadir Japarovni qo‘llagani uchun shu zaylda minnatdorlik bildirishmoqchi. Chunki 9 - oktabr kuni “Ala-Too” maydonida bo‘lib o‘tgan tinch mitingni kuch bilan tarqatishga aynan Jeenbekov bosh-qosh bo‘lgan. Japarovning Bosh vazir bo‘lishini ta’minlagan ham u. Ularning ikkisi birdek qo‘rqadigan umumiy dushmanlari bor. Shu bois ham Almazbek Atambayev, Farid Niyozov, Qanat Sagimboyev hamda Omurbek Babanovlarni sud qilish shart, deb qaror qilishdi.

Xalq oktabr voqealari uchun Jeenbekovning aka-ukalarini hamda ularga yaqin bo‘lmish “Birimdik” va “Makonim Qirg‘iziston” siyosiy partiyalarini aybdor sanaydi. Ular ovozlarni ko‘tara sotib olish bilan fuqarolarni haqorat qilishdi, mamlakatning yuzini yerga qaratishdi. Yangi hokimiyat ularni tartibsizlik chiqarishda ayblashi, qolaversa, pirovardida “o‘tmagan” deb tan olingan parlament saylovi uchun davlat g‘aznasidan va partiyalar hisobidan xarjlangan bir milliard somdan ortiq mablag‘ni ulardan undirishi lozim edi. Biroq negadir haqiqiy aybdorlarni emas, yana muxolifat siyosatchilarini – Jenish Moldokmatovni, Qursan Asanovni, Temirlan Sultonbekovni sud qilishyapti”.

Darvoqe, mahkamaga 9 - oktabrdagi mitingda qatnashgan sobiq Bosh vazir Omurbek Bobonov ham ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan. Ammo birinchi sud eshituvida uning ishini alohida ko‘rish to‘g‘risida qaror chiqarildi, ammo buning sababi ochiqlanmadi. Bobonovning o‘zi avvalroq “Qumtor ishi” bo‘yicha hibsga olingan, ammo keyin ozod etilgandi.

Tizimlar ziddiyati

Tabiiyki, sudlanuvchilarning ham, ularning advokatlarining ham oktabr voqealari bo‘yicha o‘z aytar so‘zlari bor. Xususan, ular o‘sha kunlari amaldagi prezident Sadir Japarov ham ozodlikka chiqarilganini, MXDQning hozirgi rahbari Qamchibek Tashiyev hamda amaldagi bosh prokuror Qurmanqul Zulushev esa uning qo‘yib yuborilishiga aloqadorligini eslatishadi. Biroq ularni javobgarlikka tortish tugul, hatto so‘roqqa chaqirilmagani tergov va sudning noxolis va biryoqlamaligi belgisi o‘laroq talqin qilinmoqda.

Siyosatshunos Aynura Arzimbetova ham shu masalada fikr bildirdi:

“Mazkur ish bo‘yicha kimlar hibs etilganiga qaraganda ular siyosiy sabablarga ko‘ra tanlab olingandek tasavvur hosil bo‘ladi. Chunki o‘shanda ular boshqa ko‘plab fuqarolar bilan birga maydonga chiqishgandi. Binobarin, ularni sudga tortgan holda boshqa siyosiy kuchlarning vakillarini jalb etmay adolatsizlik qilishyapti. Sadir Japarovning o‘zi ham o‘shanda qamoqdan chiqarilgan, Qamchibek Tashiyev bilan Siymiq Japikeyev oktabr voqealarida qatnashishgan. Nega ayrimlar jazolanadi‑yu boshqalar jazosiz qolishi kerak? Bu savol turli shubhalarni tug‘diradi”.

Ayni chog‘da oktabr voqealarini ularning kelib chiqishi va rivojlanishini bo‘lak-bo‘lak ko‘ruvchilar hamda tergov maqsadiga boshqacha baho beruvchilar ham bor. Xususan, prezident maslahatchisi Cho‘lponbek Abikeyev shunday deydi:

“Voqealarni qorishtirmaslik kerak. Dastavval saylov natijalaridan norozi bo‘lganlar va hokimiyat almashishini talab qiluvchilar maydonga chiqishgandi. Xaloyiq davlat qarorgohiga yurish qilishga tayyor edi. Shundan so‘ng hokimiyat almashdi, men buni Oktabr inqilobi deb atagan bo‘lur edim. Yangi hokimiyat o‘rnatila boshlaganida Atambayev timsolidagi revanshist kuchlar uni ag‘darishga urinishdi. Mening nazdimda ular xalq irodasiga qarshi chiqishdi. Shu bois ham ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi lozim. Sadir Japarov esa xalq g‘alayonlari ortidan hokimiyatga keldi, keyin Jogorku Kenesh uni bosh vazirlikka sayladi. Parlament uni bir emas, bir necha marta tanladi, keyinroq u prezident saylovida ham halol g‘alaba qozondi”.

Avgust oyi oxirida jamoatchilik huquqni muhofaza qiluvchi idoralar 2020 yilning 5-6-9 oktyabrь kunlari yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari doirasida 100 ga yaqin kishi, xususan, faollar, jamoat arboblari va deputatlarning telefon so‘zlashuvlarini eshitganidan voqif bo‘lgan edi. IIV ma’lumotiga ko‘ra, telefonlar 2021 - yilning 6 - yanvaridan 10 - fevraliga qadar yashirincha tinglangan.

So‘zlashuvlari tinglangan Klara Sooronqulova hamda Rita Qorasartova, shuningdek, yurist Saniya To‘xtag‘oziyeva buni shaxsiy hayotga aralashuv va qonunbuzarlik deya baholab, sudga murojaat qilishga va’da berganlar. Mazkur ish bo‘yicha muhokama davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG