Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:41

"Kuchaytirilgan rejim". Saylov oldidan O‘zbekistondagi faollarning harakati cheklandi


O‘zbekistonlik bloger, prezident Shavkat Mirziyoyevning maxfiy “Shovvozsoy” qarorgohini fosh qilgan siyosiy faol Aleksey Garshin Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonni vaqtincha tark etganini tasdiqladi.

U 24 - oktabr kungi prezident saylovi oldidan bosimlar kuchayganini aytmoqda.

Garshin O‘zbekistondagi muhim siyosiy tadbir arafasida mamlakat kuch ishlatar tizimlarining bosimidan shikoyat qilayotgan yagona faol emas.

Toshkentdagi Inson huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva shu kunlarda o‘zi va safdoshlari Ichki ishlar bo‘limlaridan saylov arafasida ko‘chaga chiqmay o‘tirish haqida ogohlantirish olganini aytdi.

Toshkentlik faol Klara Saxarova esa, qonun doirasidan chetga chiqmagan holda harakat qilayotgan bo‘lsa-da, qamoq tahdidi ostida yashayotganini aytmoqda.

O‘tgan hafta muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ilgari surgan va keyinchalik o‘zi va yaqinlariga bosimlar ortidan faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishini aytgan Jahongir Otajonov “qarzdorligi” vajidan Urganch aeroportidan chiqarilmagandi.

Otajonovning Ozodlikka aytishicha, Xorazmda u bilan uchrashgan odamlar Ichki ishlar bo‘limlariga chaqirtirilib, so‘roq qilingan.

Shovvozsoyni fosh qilgan faol

Shu yil yozida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida yangi siyosiy partiya tuzish rejasini e’lon qilgan siyosiy faol Aleksey Garshin ta’qiblar ortidan “dam olish uchun” vaqtincha O‘zbekistondan chiqib ketganini aytmoqda.

“Vaqtincha dam olish uchun O‘zbekistondan ketib turishga qaror qildim. Siyosiy partiya tuzishga kirishganimdan buyon ta’qiblar tinmadi. Doimiy kuzatuvlar, ayniqsa saylov kuni yaqinlashgani sayin qattiq nazorat bo‘lyapti. Har bir qadamimni kuzatishyapti. Men bilan kim gaplashsa, ularni ham so‘roqqa chaqirishyapti. Shuning uchun O‘zbekistondan chiqib ketdim, vaqtincha. Dam olishim kerak. Charchadim. O‘zbekistonda Konstitutsiya doirasida ish qildik, qonunlar doirasida ishladik, lekin qonunlar ishlamasa, foydasi yo‘q ekan”, dedi 19 oktabr kuni xavfsizlik vajidan qayerdaligini ochiqlamagan Aleksey Garshin Ozodlik bilan suhbatda.

ОЗОДЛИК ФИЛЬМИ: Мирзиёевни фош қилган Гаршин нега сиёсатга кирмоқчи?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:28 0:00

Prezident Shavkat Mirziyoyevning maxfiy “Shovvozsoy” qarorgohini fosh qilgan Garshin avvalroq “Ozod Vatan” partiyasi ta’sis qurultoyiga hozirlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan edi.

Ayni paytda vaqtinchalik ixtiyoriy muhojirlikni tanlagan Aleksey Garshin siyosiy partiya tuzish ahdidan qaytmaganini aytadi.

“Bilasizmi, O‘zbekiston Konstitutsiyasi mukammal yozilgan. Biz shu qonun doirasida ish qilyapmiz, xolos. Ishimiz davlatga qarshi qaratilmagan. Biz partiyaning registratsiya qilinishiga albatta erishamiz, bu yo‘ldan ortga qaytish bo‘lmaydi”, - deydi Garshin.

Jahongir Otajonov: Kim men bilan uchrashsa, so‘roq qilinyapti

Prezident saylovi arafasida O‘zbekistondan chiqarilmagan boshqa bir siyosiy faol, taniqli xonanda Jahongir Otajonov Xorazm viloyatida kim bilan uchrashgan bo‘lsa, ichki ishlar idoralariga chaqirtirilib, so‘roq qilinganini aytdi.

“Meni o‘zimni qarzing bor, deb Turkiyaga chiqarishmadi. So‘nggi bir haftada Xorazmdamanku, men bilan gaplashgan kim bo‘lsa, hammasini IIBga chaqirtirib, “Jahongir bilan nimalarni gaplashding, senga nima dedi, nima qilar ekan, nima qo‘yar ekan” degan savollar bilan so‘roq qilishgan. Meni ham chaqirtirishgan, lekin ordersiz bormayman, deganman. Mana shunday ahvol hozir, saylov oldidan”, - deydi Jahongir Otajonov 20 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

“Erk” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ilgari surishini aytgan va keyinchalik o‘zi hamda yaqinlariga bosimlar ortidan vaqtincha siyosiy faoliyatini to‘xtatgan Jahongir Otajonov o‘tgan yakshanba Urganch aeroportidan chiqarilmagandi.

Otajonov Urganch shahar aeroportidan Istanbulga ucha olmagani, bunga Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘yilgan taqiq sabab bo‘lganini aytgan.

MIB axborot xizmati Jahongir Otajonovga nisbatan sud qarorlariga asosan uch nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiruviga oid uchta ijro ishlari mavjudligini bildirgan.

Jahongir Otajonov MIB ko‘rsatgan qarzdorlik to‘langanini aytmoqda.

“Har biriga oyiga 740 ming so‘mdan to‘lab kelyapman, chunki o‘zimning farzandlarim uchun to‘layman. Muammo yo‘q men uchun bu pulni to‘lashda. Bu yerda menga nisbatan haqsizlik bo‘lyapti, meni chetga chiqarmaslik uchun bahona qilishyapti, xolos, boshqa narsa yo‘q bu erda”, - deb bildirdi Otajonov.

“Gazdan qarzing bor, deb zapret qo‘yishdi”

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatini tanqid qilayotgan faollardan biri, mustaqil siyosatshunos Mahmud Davronov 20 - oktabr kuni “gaz va suvdan qarzing bor” degan vaj bilan O‘zbekistondan chiqarilmaganini aytdi.

“Bilet olmoqchi bo‘lsam, zapret qilib qo‘yibdi. Bular chetga ketishimni bilib, oplata bo‘yicha qarzing bor, deb MIBga bergan, tekshirib ko‘rdim, zapret qilib qo‘yibdi. Lekin, qarz yo‘q. Kvartira xotinimni nomida, lekin meni nomimni yozib qo‘yishgan. Xato yozishgan. Endi hozir uni to‘g‘rilab, bazadan chiqqunicha 3-4 kun o‘tadi. Bular biron joyga chiqib, gapirib qo‘ymasin, deb meni chetga chiqishimga mone’lik qilishayotgan bo‘lishsa kerak. Jahongir Otajonovni ham chiqarishmadi. Uni aeroportdan chiqarishmagan paytda, men ham tekshirib ko‘raychi, deb qarasam, men ham zapretda ekanman”, - deydi Davronov.

Mahmud Davronov, so‘nggi yillarda shakllangan muxolif guruhlar safidagi ziyolilardan biri.

Aytishicha, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganida, boshqa ko‘plab faollar singari u ham O‘zbekistonning yangi rahbariyati va’dalariga ishongan, ammo tez orada bu ishonchi so‘ngan.

- Muxolif kuchlar qatnashmasa, hech qanaqa raqobat bo‘lolmaydi. Beshta qovunni bizlarga bozorga qo‘yib qo‘ygan bo‘lsa, to‘rttasi chirigan. Bittasi shirinmi, shirinmasmi, pishganmi, pishmaganmi, to so‘yib yemagunimizcha bilmasak, noiloj, o‘sha bitta qovunni sotib olaveramiz. O‘zbekiston xalqi 35 millionga etdi. Shu aholining 27 millioni yoki 28 millioni, balki bundan ham ko‘proq qismiga tanlash va saylash huquqi berilmadi. 1990 - yillar boshidagi birinchi konstitutsiyamizda xalq ham o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega edi. Aktiv guruhlar o‘z nomzodini saylovga ilgari surishi mumkin edi. O‘shanda "Birlik", "Erk" partiyalari bor edi va o‘shanda siyosiy raqobat bor edi. Keyinchalik Islom Karimov bu moddalarni qonunchilikdan chiqarib tashladi. Shundan beri nomzodlar faqat o‘zlarining partiyasidan ko‘rsatiladi. Muxolif partiyalar esa ro‘yxatga olinmaydi, - deb hisoblaydi Davronov.

U "Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik" demokratik partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulovning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Ayni paytda "Ozod Vatan" partiyasini tuzishga urinayotgan faollar safida ekanini bildirgan.

"15 sutka tahdidi"

Saxarova 12 - oktabr kuni Toshkent shahrining Bektemir tumani Ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilgan.

U yerda militsiya xodimi Saxarovani ko‘p qavatli uylar tashqarisida saylov oldidan tozalash ishlarini ataylab paysalga solishda ayblagan, qamash bilan tahdid qilgan.

“Men “Bektemir sifatli xizmat” MChJda ishlayman. Ko‘p qavtli uylarga xizmat ko‘rsatamiz. Militsiya xodimi meni saylov oldidan tozalash ishlarini qilmayapsan deb turib odamlarni qarshiligini qo‘zg‘atish, hukumatni tanqid qilish va odamlarni g‘alayonga undashda ayblayapti. 194-modda, ya’ni militsiya xodimining qonuniy talablarini ham bajarmaganlikda ayblab, 15 sutkaga qamatish bilan tahdid qildi”, - deydi faol..

Klara Saxarova ayblovlarni rad etib, u ishlaydigan tashkilot tozalashga emas, balki uylarni ta’mirlashga javobgarligini tushuntirgan.

Suhbat davomida militsiya xodimi nima uchun Saxarovani uning ishini muhokama qilish uchun militsiya bo‘limiga chaqirilganini tushuntira olmagan.

Klara Saxarova militsiya bo‘limiga chaqirtirilishini jiddiy signal deb biladi.

“Meni tugunishimcha bular meni chaqirtirib, agar saylov oldidan ortiqcha harakatlar qiladigan bo‘lsam qamativorishlari mumkinligiga ishora qilishyapti”, - deydi Saxarova.

Saxarova ikki yarim yillik qamoq ortidan o‘tgan yil oktabr oyida vafot etgan siyosiy mahkum Andrey Kubatinning singlisidir.

U akasining ishi bo‘yicha rasmiylarga ochiq murojaat qila boshlagach, o‘ziga nisbatan tahdid va kuzatuv kuchayganini aytib keladi.

Klara Saxarova uning hibsga olinishini jiddiy signal deb biladi. U oxirgi to‘rt yil davomida qattiq nazorat ostida bo‘lgan va akasining ishi bo‘yicha rasmiylarga ochiq murojaat qila boshlagach, unga nibatan tahdid va kuzatuv kuchaygan.

Markaziy Osiyoda Inson Huquqlari Assotsiatsiyasi Nadejda Atayeva Klara Saxarovaning hibsga olinishidan xavotir bildirdi.

“Biz O‘zbekiston hukumatini Klara Saxarovani huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyati uchun tazyiq va ta’qiblarga duchor qilinmasligini ta’minlashga, uni hibsga olgan va tahdid qilgan militsiya xodimining harakatlarini tekshirishga va barcha faollarning saylovoldi qonuniy faoliyatini amalga oshirishlarini ta’minlashga chaqiramiz”, deydi tashkilot rahbari Nadejda Atayeva.

Ukasi vafotidan keyin Klara Saxarova moddiy va ma’naviy zararni qoplash hamda aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun kurashib keladi.

2020 - yil 29 - oktabrda koronavirusdan vafot etgani aytilgan Andrey Kubatin, opasining so‘zlariga ko‘ra, o‘limidan oldin qamoqda shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani haqida gapirib bergan.

“Uyda tinch o‘tiringlar, chiqsanglar qamaymiz”

Toshkentdagi Inson huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva o‘zi va safdoshlari mamlakat kuch ishlatar tizimlari xodimlaridan saylov arafasida ko‘chaga chiqmay o‘tirish haqida ogohlantirish olganini aytdi.

Saylovga 4 kun qolganda kuchaytirilgan rejimni kuzatyapmiz. Odamlar hukumatga o‘z noroziligini ko‘rsatishining oldini olish uchun har narsa qilishyapti. Kuch ishlatar tizimlar saylov oldidan go‘yo odamlarda norozilik kayfiyati yo‘q, deb ko‘rsatishga urinmoqda. Ichki ishlar bo‘limi xodimlari saylov arafasida uyda tinch o‘tiringlar, deyapti. Ko‘chaga piket qilib chiqqanlarni 15 sutkaga qamab qo‘yish bilan tahdid qilyapti.

Hozir men bilan Buxorodan kelgan faollarimiz o‘tirishibdi. Ularga uylaringga ketinglar, deyishgan. Viloyatlarda esa fermerlarga huquq faollari bilan uchrashmanglar, aks xolda qamab qo‘yamiz, deyishibdi. Biz bilan galashmasliklari uchun telefonimizni blok qilib qo‘yishgan. Hozir men Telegramda gaplashyapman. Saylov oldidan mana shunday xolat”, - deydi Yelena Urlayeva.

Norozi kayfiyatni yashirishga urinish

Markaziy Osiyoda Inson Huquqlari Assotsiatsiyasi Nadejda Atayeva saylov oldidan faollarga bo‘layotgan bosimlar Mirziyoyev hukumati Karimov boshqaruvidan farq qilmasligining belgisi ekanini aytadi.

“Amaldagi hukumatga qarshi tanqidlar kuchaygan, chunki Mirziyoyev hukumati besh yil oldin o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddalay olmadi. Hozir biz mamlakatdagi holatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, bu haqda ochiq gapirayotgan faollarga qilinayotgan bosimlar haqida gapiryapmiz. Hozir saylovlarni kuzatish uchun kelgan xalqaro komissiya mamlakatda ishlayapti. Aholining norozi kayfiyatini ulardan yashirish uchun ular siquvga olinyapti, afsus. Bu nimani ko‘rsatadi, bu Mirziyoyev hukumati Karimovnikidan aslo farq qilmasligini ko‘rsatadi, xolos”, - deydi Atayeva.

O‘tgan hafta Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonda “inson huquqlari borasidagi oxirgi muvaffaqiyatsizliklar”dan ogohlantirgan edi.

Inson huquqlari tashkiloti 13 - oktabr kuni chiqargan bayonotida ta’kidlanishicha, qo‘yilayotgan cheklovlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgani aytilayotgan islohotlarning “cheklanganligini ko‘rsatadi”.

XS
SM
MD
LG