Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2022, Тошкент вақти: 18:30

Jahon bo‘ylab o‘sib borayotgan inflyatsiya tufayli millionlab odam qiyin ahvolga tushib qoldi


AQShdagi maishiy texnika do‘konlaridan tortib, Vengriyadagi oziq-ovqat bozorlari va Polshadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarigacha, yuqori yoqilg‘i narxlari hamda ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar tufayli iste’mol mollari narxlari ko‘tarilmoqda, natijada butun dunyo bo‘ylab oilalar va shirkatlar iqtisodiy qiyinchiliklarga yo‘liqmoqda.

“Associated Press” (AP) agentligi xabar berishicha, yuqori inflyatsiya oziq-ovqat, gaz va boshqa mahsulotlar narxining oshishiga olib kelmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ahvol ayniqsa og‘irdir.

“Kamroq iste’mol qilayotganimizni payqadik”, dedi Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi oziq-ovqat bozorini aylanib yurgan Gabor Pardi AP agentligi muxbiriga.

“Eng arzon narsalarni tejamkor xarid qilishga harakat qilyapmiz, garchi ularning ko‘rinishi uncha zo‘r bo‘lmasa ham”.

COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan keyin joriy qilingan cheklovlar ko‘plab mamlakatlarda bekor qilinib, iste’molchilar talabi qayta tiklangan bo‘lishiga qaramay, inqirozning iqtisodiy ta’siri hamon sezilmoqda.

Endilikda infeksiyaning navbatdagi to‘lqini hamda koronavirusning yangi omikron shtammi tufayli ayrim mamlakatlar o‘z chegaralarida nazoratni kuchaytirmoqda va boshqa cheklovlarni joriy qilmoqda. Bu esa global iqtisodiy tiklanishga tahdid soladi.

Omikron varianti aniqlanishi ortidan zavodlar, portlar va yuk tarqatish punktlari vaqtincha yopilishi haqida xavotir yuzaga keldi, natijada narxlar yanada ko‘tarila boshladi.

AQShda joylashgan «High Frequency Economics» tadqiqot markazi iqtisodchisi Rubila Faruqiy AP agentligi bilan suhbatda:

«Infeksiyalarning yangi bosqichi ta’minot zanjirlarini yanada ko‘proq izdan chiqarishi mumkin, bu esa inflyatsiya oshishiga qo‘shimcha bosim bo‘ladi», dedi.

Yangi shtammning iqtisodiy ta’siri inflyatsiya darajasi shusiz ham yuqori bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarida ayniqsa ko‘p sezilmoqda.

Budapesht oziq-ovqat bozoridagi qassob Ildiko Serfozo mijozlar tovarlarini ulgurji narxlarda xarid qiladigan xalqaro oziq-ovqat tarmoqlariga ko‘proq qatnay boshlaganni aytdi.

"Xaridorlar narx-navoga sezgir, shuning uchun mahsulotlarimiz yuqori sifatli bo‘lsa ham, ko‘pincha bizni chetlab o‘tadi", deydi u.

"Inflyatsiya biz uchun yaxshi emasligini payqayapmiz... Farzandlarim oilaviy biznesimizni davom ettirishni istamayotganidan mamnunman. Bu biznesda katta kelajak ko‘rmayapman".

Vengriya yaqinidagi Polshada 71 yoshli nafaqaxo‘r Barbara Grotovska poytaxt Varshavada chiqindi yig‘ish to‘lovi qariyb uch baravarga ko‘payib, 88 zlotiyga (21 dollar) ko‘tarilganini aytdi. U, shuningdek, moy narxi uchdan birga ko‘tarilib, 10 zlotiyga (2.40 dollar) yetganidan shikoyat qildi.

Inflyatsiya tez sur’atda oshib borayotgani butun dunyo bo‘ylab biznes rahbarlari va iqtisodchilarni hayratda qoldirdi.

2020 - yil bahorida koronavirus global iqtisodiyotni izdan chiqargandi. O‘shanda hukumatlar keskin karantin cheklovlarini joriy qildi, korxonalar yopildi yoki ish soatlarini qisqartirdi, oilalar uyda o‘tirishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, shirkatlar buyurtmalarni bekor qildi va rejalashtirilgan investitsiyalarni to‘xtatdi.

Iqtisodiy falokat oldini olish maqsadida badavlat davlatlar, ayniqsa, AQSh trillionlab dollar qiymatga ega hukumat yordam dasturini joriy qildi. Bunday ko‘lamdagi iqtisodiy choralar Ikkinchi Jahon urushi yillaridan beri ko‘rilmagan edi. Shuningdek, iqtisodiy faollikni jonlantirish maqsadida markaziy banklar foiz stavkalarini pasaytirdi.

Ammo iqtisodni jonlantirishga qaratilgan bu sa’y-harakatlar kutilmagan oqibatlarga ham olib keldi. Xususan, iste’molchilar davlat yordami hamda past foiz stavkasi bilan olingan qarzlar yordamida ko‘proq sarflay boshladi, vaksinalar ishlab chiqilgani odamlarni restoran, bar va do‘konlarga qaytishga undadi. Natijada talab miqdori taklif miqdoriga eta olmay qoldi.

Portlar va yuk taqsimlash bo‘limlarida yuk to‘planib qoldi va global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida narxlar ko‘tarila boshladi. Qolaversa, COVID-19 virusining yangi to‘lqinlari Osiyodagi zavod va portlar vaqtincha yopilishiga sabab bo‘ldi.

Natijada narxlar katta sur’atda o‘sa boshladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining hisoblariga ko‘ra, bu yil jahon bo‘ylab iste’mol mollari narxlari 4.3 foizga oshadi. Bu 2011 - yildan beri kuzatilgan eng katta o‘sishdir.

Eng yuqori inflyatsiya ko‘rsatkichlari Markaziy va Sharqiy Yevropaning rivojlanayotgan mamlakatlarida kuzatilmoqda. Xususan, Litvada 8.2 foiz, Estoniyada 6.8 foiz va Vengriyada 6.6 foiz inflyatsiya qayd etildi. Yevropaning eng tez rivojlanayotgan iqtisodlaridan biri bo‘lgan Polshada oktabr oyida inflyatsiya 6.4 foizni tashkil qildi.

Varshavadagi sabzavot do‘konidagi bir nechta xaridor non kabi asosiy mahsulotlar narxi oshib borayotganidan xavotirda ekanligini aytishdi.

44 yoshli sabzavot sotuvchi Pyotr Molak kartoshka, olma yoki sabzi narxini ko‘tarishga majbur bo‘lmaganini, biroq Ispaniya va Italiyadan keladigan pomidorning narxi ancha oshganini aytdi.

Markaziy va Sharqiy Yevropada mahalliy valyutalar AQSh dollari va yevroga nisbatan zaiflashayotgani tufayli import qilinadigan mahsulotlar va yoqilg‘i narxlari oshmoqda.

Vengriya valyutasi forint so‘nggi olti oy ichida dollarga nisbatan taxminan 16 foizga arzonladi. Bu Vengriya markaziy bankining mamlakat raqobatbardoshligini saqlab qolish va arzon ishchi kuchini izlayotgan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish strategiyasining bir qismidir, dedi Budapeshtdagi «Hold Asset Management» investitsiya shirkati portfel menejeri Solt Balassi.

Ammo import qilinadigan mahsulotlar narxi keskin oshdi. AQSh dollarida belgilanadigan neft narxi ko‘tarilayotgani bois yoqilg‘i narxlari ham rekord darajaga ko‘tarildi.

"Vengriya forinti va mintaqadagi barcha valyutalar doimiy ravishda zaiflashayotgani sababli, neftning bizning valyutalarimizdagi neft narxi doimiy ravishda oshib boradi", dedi Balassi.

Joriy oyda benzin narxi 506 forintga (1.59 dollar) va dizel narxi 512 forintga (1.61 dollar) yetdi, natijada Vengriya hukumati yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxni 480 forintdan (1.50 dollar) oshirmaslikni buyurdi.

Balassi bu chora mojarlarga bir oz yengillik tug‘dirsa-da, hukmron o‘ng qanot partiya yaqinlashib kelayotgan saylovlar arafasida reytingini oshirish maqsadida bunday qarorga kelganini taxmin qildi.

"Bu, shubhasiz, katta iqtisodiy kamchiliklarga ega siyosiy qaror, ammo xo‘jaliklarni xursand qiladi", dedi u.

Polshaning markaziy banki ham iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va hukmron partiya qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash maqsadida inflyatsiya oshiqcha ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ygani uchun tanqidga uchrab keladi.

Polsha markaziy banki narxlarni pasaytirish maqsadida oktabr va noyabr oylarida ikki marta foiz stavkalarini oshirdi. Vengriya markaziy banki esa joriy yilda olti marta stavkalarni qadam-baqadam ko‘tardi.

Jahon banki bosh iqtisodchisi Karmen Reynxart agar markaziy banklar inflyatsiyani nazorat qilish uchun agressiv chora ko‘rsa, iqtisodiy tiklanish izdan chiqishi mumkinligini aytdi.

Iqtisodchi oziq-ovqat narxlari ko‘tarilayotgani, bu holat birinchi navbatda rivojlanayotgan mamlakatlardagi kambag‘allarga qiyinchilik tug‘dirayotganidan xavotir izhor qildi.

"Oziq-ovqat narxlari ijtimoiy tartibsizliklar uchun barometrdir" dedi u.

Iqtisodchi 2010 - yilda boshlangan arab bahori qo‘zg‘olonlariga qisman oziq-ovqat narxlarining oshishi sabab bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG