Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:40

Xitoy Yaqin Sharqdagi beqarorlikdan manfaatdormi? TAHLIL


Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi o‘tgan yilning 20-noyabrida Pekinda arab va musulmon davlatlari vazirlarini qabul qildi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi o‘tgan yilning 20-noyabrida Pekinda arab va musulmon davlatlari vazirlarini qabul qildi.

Hizbulloh Isroil shimolidagi strategik havo bazasiga raketa zarbasini berganidan keyin Yaqin Sharqda ziddiyat yanada keskinlashdi.

Tahlilchilarning fikricha, bu Xitoyning mintaqadagi nufuzi va ta’sirini oshirishi uchun qo‘l kelishi mumkin.

Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Yamandagi husiylarning Qizil dengiz tijorat kemalariga hujumlari, Tehronga aloqador guruhlarning Iroqdagi AQSH bazasiga zarba berishi, ISHID zimmasiga olgan Eron janubidagi qonli portlash hamda G‘azoda davom etayotgan urush - Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilarining Yaqin Sharqda mintaqaviy keskinlashuvni oldini olish harakatlariga putur yetkazishi mumkin.

Bu vaziyat Xitoy manfaatlariga mos keladi. Birinchidan, mojaro AQSH e’tiborini Hind-Tinch okeanidan uzoqlashtiradi hamda Chin yurtiga Yaqin Sharqda o‘z ta’sirini yanada kuchaytirib, diplomatik yetakchilik qilish imkoniyatini beradi.

Xitoy BMT yig‘ilishlarida Yaqin Sharqdagi mojaroda Vashingtonni aybladi.

Ammo Pekin Yaqin Sharqda qanchalik ta’sir kuchiga ega va Xitoy mojarodan mintaqa va undan tashqarida o‘z maqsadlariga erishish uchun foydalana oladimi?

Xitoy Isroil-Hamas urushiga nisbatan ehtiyotkor munosabatda. Pekin mojaroda tashqi aralashuvlarga qarshi va betaraf bo‘lishga harakat qildi.

Xitoy HAMASni ochiqdan-ochiq qoralamadi, ammo G‘azoda urush kampaniyasini kuchaytirgan Isroilni tanqid qildi.

20-noyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi arab va musulmon davlatlari vazirlari bilan Pekinda uchrashdi hamda G‘azodagi urushni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik harakatlarni muhokama qildi.

«Xitoy arab va islom davlatlarining yaxshi do‘sti va birodaridir. Biz arab va islom davlatlarining qonuniy huquq va manfaatlarini har doim qat’iy himoya qilganmiz hamda Falastin xalqining adolatli istagini doim qo‘llab-quvvatlab kelganmiz», dedi Van Yi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 3-yanvar kuni Eronda o‘nlab odam hayotiga zomin bo‘lgan portlashni qoraladi, ammo Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan jangari guruhlarning Iroqdagi AQSH bazasiga hujumini izohsiz qoldirdi.

Eronning Kirmon shahrida 3-yanvar kuni sodir etilgan terakt oqibatlari.
Eronning Kirmon shahrida 3-yanvar kuni sodir etilgan terakt oqibatlari.

Ba’zi xitoylik tahlilchilar Qizil dengizdagi xavfsizlik muammosi energiya narxi oshishi va global savdoni cheklash orqali Xitoy manfaatlariga zarar yetkazishidan ogohlantirgan bo‘lsa, boshqa ekspertlar hujumlarni imkoniyat sifatida baholamoqda.

Qizil dengizda yuk tashish yo‘llarini to‘sib qo‘yilishi Xitoy va Yevropani bog‘lovchi temir yo‘llardan ko‘proq foydalanilishiga sabab bo‘ladi.

«Xusiylar yuk tashishning dengizdan quruqlikka siljishiga bilvosita hissa qo‘shdi, bu AQSHning dengizdagi ustunligiga putur yetkazdi va Pekinning global ko‘p qutbli xalqaro strategiyasini ilgari suradi», deydi xitoylik tahlilchilardan biri.

Xitoyning ta’siri o‘sib boryaptimi?

Xitoy Yaqin Sharqda o‘zini neytral geosiyosiy ishtirokchi sifatida ko‘rsatdi va so‘nggi yillarda Eron va Saudiya Arabistoni kabi mintaqaviy yetakchilar bilan birga o‘z nufuzini oshirdi.

"Kepler" agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Saudiya Arabistonidan eng ko‘p neft sotib oluvchi davlat hisoblanadi.

Neft ishlab chiqarish bo‘yicha esa AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Xitoy neft importining yarmi va Xitoyda yoqiladigan neftning uchdan bir qismidan ko‘pi Fors ko‘rfazi nefti hissasiga keladi.

Xitoy so‘nggi ikki yilda Erondan neft importini uch baravar oshirgan.

Xitoy, shuningdek, 2021-yilda neft va yoqilg‘i yetkazib berish evaziga Eronga 400 milliard dollar sarmoya kiritishga va’da bergan edi, biroq G‘arbning Tehronga qarshi sanksiyalari bu kelishuv shartlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Pekin diplomatiyada ham faol. 2023-yil iyun oyida Xitoy Falastin ma’muriyati bilan munosabatlarini «strategik sheriklik» darajasiga ko‘tardi. Xitoy raisi Si Szinpin Isroil-Falastin mojarosi bo‘yicha uch bandlik tinchlik rejasini taklif qildi.

2023-yil mart oyida Pekin Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni tiklashda ham vositachilik qildi. Bu esa Xitoyning mintaqada tinchlikparvar sifatidagi nufuzini oshirishga yordam berdi.

Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Jun BMT Xavfsizlik kengashida
Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Jun BMT Xavfsizlik kengashida

G‘azo sektorida ko‘proq gumanitar koridorlar tashkil etishga chaqiruvchi rezolyutsiya haqida gapirdi.

G‘azodagi urush Pekinning ilgari Yaqin Sharqdagi yaqin hamkori bo‘lgan Isroil bilan munosabatlariga katta putur yetkazdi.

«Agar Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashishda davom etsa, Yaqin Sharq rahbarlari Xitoy va Yaqin Sharq hamkorligining asosiy yo‘nalishi bo‘lmagan xavfsizlikka ko‘proq e’tibor qaratishi muqarrar», deb yozadi boshqa bir tahlilchi.

Van Yi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan Yaqin Sharqda vaziyatni barqarorlashtirish masalasini muhokama qilganiga qaramay, AQSH Yaqin Sharq bo‘ylab muloqot qilish uchun yetarli diplomatik kuchga ega bo‘lgan yagona kuch sifatidagi rolini saqlab qoldi.

Falastinliklar Xon Yunisdagi Isroil havo hujumlari natijasida vayron bo‘lgan bino vayronalari ostida.
Falastinliklar Xon Yunisdagi Isroil havo hujumlari natijasida vayron bo‘lgan bino vayronalari ostida.

Agar beqarorlik davom etsa, bu vaziyat oxir-oqibat Xitoyga aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi Pekinda joylashgan Xitoy xalqaro munosabatlar institutining Yaqin Sharq tadqiqotlari direktori Niu Sinchun.

«Agar Yaqin Sharq to‘liq miqyosdagi xaosga kelsa, mintaqaning eng yirik savdo sherigi va Yaqin Sharq neftining yirik xaridori sifatida Xitoy urushning eng katta qurbonga aylanadi», deb yozadi ekspert.

Niuning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharqda harbiy bazasi yoki qo‘shinlari bo‘lmagan yagona doimiy a’zosi va gap xavfsizlik masalalari haqida ketganda Pekinning ta’siri zaif.

XS
SM
MD
LG