Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:32

Abdulla Aripov: Salaflariga o‘xshamaslikka izn berilgan premyer


Bosh vazir Abdulla Aripov
Bosh vazir Abdulla Aripov

24 - may kuni 60 yoshga to‘lgan va shu kuni O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasining to‘rtinchi bosh vaziridir.

Abdulla Aripov 2016 - yildan buyon O‘zbekiston bosh vaziri lavozimini egallab keladi. U 2002 - yil mayidan 2009 - yil oktabrigacha O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining rahbari bo‘lib, 2009 - yildan 2012 - yilgacha esa bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Mulozim 2012 - yili telekommunikatsiya sohasidagi korrupsiya janjali ortidan ishdan olingan edi. Shundan so‘ng u bir necha yil davomida Toshkent aloqa kollejida oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng - 2016 - yilning 13 - sentabrida Abdulla Aripov avval bosh vazirining o‘rinbosari, keyin esa bosh vazir etib tayinlangan edi.

To‘rtinchi premyer

Abdulla Aripov mustaqil O‘zbekistonning birinchi Bosh vaziri Abduhoshim Mutalov (1992,13.01 -1995, 21.12), O‘tkir Sultonov (1995, 21.12 - 2003, 10.12) hamda Shavkat Mirziyoyevdan (2003, 10.12 – 2016, 14.12) keyingi 4- bosh vazirdir.

  • Qiyoslash uchun: Tojikistonda shu kunda 8- bosh vazir ishlamoqda, Qirg‘izistonda esa, mustaqillik yillarida 26 marta bosh vazir almashdi.

Fransuz modeli

O‘zbekiston hukumatida dastlabki ikki bosh vazir davrida ishlagan, hozirda Ostonadagi Yevroosiyo universiteti o‘qituvchisi, iqtisodchi olim Saparboy Jubayev postsovet davlatlarning deyarli barchasi boshqaruvning fransuzcha qurilmasini tanlab olganini aytarkan, bunday dedi:

AQShda bosh vazir lavozimi yo‘q.

“Masalan, AQShda bosh vazir lavozimi yo‘q. Bu mamlakat vazirlarini AQSh prezidentining o‘zi boshqaradi. Ya’ni AQSh prezidenti bir paytning o‘zida ijroiya hokimiyati – hukumat boshlig‘i hamdir. Biroq ayni paytda, masalan, Fransiyada ham prezident bor, ham bosh vazir bor. Bu mamlakatda prezident davlat rahbari, siyosiy rahbar, bosh vazir esa, ijroiya hokimiyatidir. Postsovet davlatlarning deyarli hammasi, shu jumladan O‘zbekiston ham shu modelni tanlagan”.

O‘zbekistondagi ilk xususiy bank asoschisi, keyin ozodlikdan mahrum etilib, uzoq yillar jazo o‘tagan, shu kunlarda yana biznes bilan shug‘ullanayotgan Rustam Usmonov O‘zbekiston Bosh vaziri kim bo‘lmasin, xos e’tiborga loyiq lavozim egasi emas, degan fikrda:

Hokimlar ham Bosh vazirga emas, Prezidentga hisob beradi.

“Bosh vazir prezident qabul qiladigan qarorlar, u imzolaydigan farmonlardan kelib chiqadigan vazifalarni bajaradigan yoki bajarilishini nazorat qiladigan amaldor, xolos. Barcha qarorlarni prezident qabul qiladi, hatto Bosh vazir imzolaydigan qarorlar ham Prezidentning oldidan o‘tmay, qabul qilinmaydi. Hokimlar ham Bosh vazirga emas, Prezidentga hisob beradi, shoshilinch ish chiqib qolsa, ular Bosh vazirga emas, Prezidentga qo‘ng‘iroq qiladi”.

Bosh vazirga berilgan 4 vakolat

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Vazirlar Mahkamasi” ataluvchi XX bobida Bosh vazir vakolatlari belgilab qo‘yilgan. Ular to‘rtta xolos:

  • Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
  • Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
  • xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

Qiyoslash uchun: Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vakolatlari ro‘yxati 25 punktdan iborat.

Aripovning salaflari

Taniqli telejurnalist Muhammadjon Obidov uzoq yillar O‘zbekiston prezidenti va bosh vazirlariga amaliy safarlarida hamrohlik qilgani uchun ularni qiyoslash imkoniga ega va shundan kelib chiqib, ko‘p narsa lavozim egasining shaxsiy sifatlariga bog‘liq, degan fikrda.

Muhammadjon Obidov
Muhammadjon Obidov

Muhammadjon Obidovning aytishicha, birinchi Bosh vazir Abduhoshim Mutalovning mamlakatda o‘rni bor-yo‘qligi deyarli bilinmas edi:

Birinchi Bosh vazir qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan odam edi.

“Abduhoshim akaga nisbatan “qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan”, degan iborani ishlatish mumkin. 1992 -yili Mingbuloqda neft otilib chiqqanida u kishi ikki oy davomida o‘sha joyda bo‘ldi. Men ham xuddi shuncha muddat muxbir sifatida o‘sha joyda bo‘ldim. Ikki oy davomida u kishini kuzatib, o‘ta madaniyatli, o‘ta kamtar va o‘ta ehtiyotkor odam ekanligini ko‘rdim. Biror marta ham kamera oldida kondagi vaziyatni sharhlab berishga ko‘nmagan”.

Muhammadjon Obidov Abdulxoshim Mutalovdan keyingi Bosh vazir O‘tkir Sultonovga mana bunday ta’rif berdi:

O‘tkir Sultonov juda madaniyatli, siyosiy odobli, oqil, olim odam edi.

O‘tkir Sultonov juda madaniyatli, siyosiy odobli, oqil, olim odam edi. Lekin u ham har doim panada bo‘lishga harakat qilgan. Davlat rahbaridan iznsiz so‘zlamaslikka, ko‘rinmaslikka harakat qilgan”.

Telejurnalist, hozirda “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bosh muharriri Muhammadjon Obidovning aytishicha, Islom Karimovning o‘ta og‘ir xarakateri O‘tkir Sultonov o‘rnini egallagan Shavkat Mirziyoyevning ham “yoruqqa chiqishiga” yo‘l qo‘ymagan:

Birinchi prezidentimiz o‘z yonida yorqin bir kishi bo‘lishini istamas edi.

“Shavkat Miromonovich Bosh vazir bo‘lganlaridan keyin 14 yil davomida davlat rahbariga hurmat bilan, e’tibor bilan munosabatda bo‘lganlar. Biror marta ham o‘zlarini ko‘rsatmaganlar. Chunki Birinchi prezidentimiz o‘z yonida yorqin bir kishi bo‘lishini istamas edi”.

Prezident Mirziyoyevning o‘zi ham buni yig‘ilishlardan birida e’tirof etgan edi.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi Saparboy Jubayev Muhammadjon Obidov aytgan fikrni tasdiqlaydi:

“Mutalov davrida, Sultonov davrida hukumatda ishladim. Ular ham, ulardan keyin bosh vazirlikka kelgan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham umuman ko‘rinmas edilar. Chunki Karimov bunga yo‘l qo‘ymas edi”.

Aripovning faolligi: izn berilgani uchunmi yo o‘z tashabbusimi?

Muhammadjon Obidov o‘z boshidan Karimov davrini o‘tkazgan Shavkat Miromonovich, o‘sha davrdan farqli o‘laroq juda ko‘p masalalarni Bosh vazir zimmasiga yuklab qo‘ygan, deb hisoblaydi:

“Xizmat taqozosi bilan selektor yig‘ilishlarida ko‘p qatnashaman. Bosh vazir hukumat a’zolariga, hokimlarga juda ko‘p topshiriqlar beradi, qarorlar qabul qiladi. Menimcha, bu davlat rahbarining Bosh vazirga ishonchi va unga bergan vakolatlaridan bo‘lsa kerak. Abdulla Nig‘matovich viloyatlarga chiqqanda ham bemalol oddiy odamlar orasiga kirib boryapti, korxona, tashkilot rahbarlari bilan uchrashyapti, muammolarni joyida hal qilyapti. Ilgari bunday holat juda kam bo‘lardi. Mutalov va Sultonovlar davrida umuman uchratmaganman. Ular hech qachon xalqning ichiga kirib bormagan”.

Saparboy Jubayev ham hozirgi Bosh vazirning faolligini e’tirof etarkan, ayni paytda bu faollik genezisini aniq bilmasligini tan olib, bunday dedi:

“Eks bosh vazirlardan farqli o‘laroq, Abdulla Aripov ancha faol va buni hamma ko‘rib turibdi. Faqat bu Mirziyoyev izn bergani uchunmi, yoki Aripovning o‘zi g‘ayratlimi – bir narsa deya olmayman”.

Ochilboy Ramatov va oldingi o‘rinbosarlar

Keyingi paytlarda O‘zbekiston hukumati atrofidagi mish-mishlardan tortib, norasmiy, chala rasmiy gap-so‘zlarda Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning mavqei kuchayib borayotgani haqida ko‘p aytiladi.

Chindan ham shundaymi? Muhammadjon Obidovning bu savolga ham javobi bor. Lekin bu savol Obidovning boshqa o‘rinbosarlarni eslashiga turtki bo‘ldi:

Qayum Jalilovich Haqqulov o‘zi sahar soat 4 da davlat rahbarini uyqusidan uyg‘otib, juda ko‘ngilsiz xabarni yetkaza oldi.

“Bosh vazir Abduhoshim Mutalov davrida uning o‘rinbosari Qayum Haqqulov edi. Uning mavqei Bosh vazirga nisbatan balandroq bo‘lgan. Jasur odam edi Haqqulov. Mingbuloq neft favvorasi ikki oy otilib, keyin kechasi soat 12 lar atrofida to‘satdan o‘chib qolgan. Tongga yaqin soat 4 da Haqqulov Mutalovga “Abduhoshim aka, buni prezidentga aytish kerak” dedi. Abduhoshim aka, “yo‘q, men aytmayman, ayta olmayman, ana aytsa Burgutali aka (Namangan viloyat hokimi) aytsin”, deb turib oldi. U kishiyam hayiqdi telefon qilishga. Shunda Qayum Jalilovich Haqqulov o‘zi sahar soat 4 da davlat rahbarini uyqusidan uyg‘otib, juda ko‘ngilsiz xabarni yetkaza oldi. O‘sha paytda Haqqulov o‘zi hukumatning katta-katta masalalari bo‘yicha qarorlarni qabul qilaverar edi.

Viloyat hokimlari bosh vazir O‘tkir Sultonovga emas, uning o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekovga murojaat qilishardi.

Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov ham shunday odam edi. Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lsa ham hukumat raisi hal qiladigan masalalarni hal qilib yuboraverar edi. Juda ko‘p kuzatganman: viloyat hokimlari bosh vazir O‘tkir Sultonovga emas, uning o‘rinbosari Jo‘rabekovga murojaat qilishardi. Ya’ni o‘sha paytda davlat rahbari yonida Bosh vazir emas, uning o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov bo‘lgan”.

Rahbarlaridan kuchli bo‘lgan Qayum Haqqulov bilan Ismoil Jo‘rabekovlarni eslagan Muhammadjon Obidov Ochilboy Ramatovni ularga o‘xshatmadi:

“Men Ramatovni oldingi o‘rinbosarlarga taqqoslamagan bo‘lardim. Uning o‘ziga belgilangan vazifalari bor. Lekin u baribir Bosh vazirga tobe, Bosh vazirning topshiriqlarini bajaradi. Muhokamalar chog‘ida, ayniqsa selektorlar chog‘ida Bosh vazir Ramatovga tanbeh ham berayapti, rag‘batlantirayapti ham, topshiriq ham beryapti. Bunday holatni selektor yig‘ilishlarida qatnashib ko‘ryapman. Shu kunda Bosh vazirdan keyin shakllangan yorqin o‘rinbosar bor deb ayta olmayman”.

Strategik vazifani bajarmagan Bosh vazir

Saparboy Jubayev
Saparboy Jubayev

Saparboy Jubayev kuni kecha “2017-2021 - yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini o‘rganganini, unda rejalashtirilgan ko‘p ishlar amalga oshirilganini, biroq aynan Bosh vazir va u boshqarayotgan hukumatga yuklatilgan muhim strategik vazifa bajarilmay qolganiga e’tibor qaratganini aytdi:

“Harakatlar strategiyasi rejasi prezident Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 - yili qabul qilingan edi. O‘sha rejani yaqinda qarab chiqdim. Mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha ko‘p ishlar bajarilibdi. Chegaralar ochildi, savdo rivojlanyapti, konvertatsiya ochildi. Lekin banklarni va yirik korxonalarni xususiylashtirishga oid rejalar bajarilmay, paysalga solinmoqda. Bu sohadagi ishlar Bosh vazir Aripovga, u boshqarayotgan hukumatga yuklatilgan. Menimcha, bu Aripov hukumatining katta kamchiliklaridan biridir”.

XS
SM
MD
LG