Линклар

Шошилинч хабар
10 ноябр 2025, Тошкент вақти: 11:48

Adliya vazirligi: SSV qalbaki dori vositalarini ro‘yxatga olgan


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston Adliya vazirligi dori vositalarini noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatiga olgani sababli Sog‘liqni saqlash vazirligini ogohlantirdi, deya ma’lum qildi vazirlik tarkibidagi Intellektual mulk departamenti.

Adliya idoralari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2023-yilda 21 ta holatda, 2024-yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari noqonuniy davlat ro‘yxatiga olingani aniqlangan.

Jumladan, iste’molchilarga yaxshi tanish bo‘lgan “Magne B6”, “Imudon”, “Smekta”, “Duspatalin”, “Elevit” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dorilarning kontrafakt nusxalari “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “Mer Dusratanim”, “Elemalvit” ko‘rinishida turli farmatsevtika korxonalari nomiga noqonuniy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Adliya vazirligi SSVga xat kiritib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazishda qonunchilik talablari buzilishini oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi, bunday holat takroran sodir etilganda tegishli jazo choralari qo‘llanishi haqida ogohlantirgan.

Qonunchilikka muvofiq, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda nafaqat sifat, shu bilan birga, intellektual mulk huquqlariga ham qat’iy rioya etilishi kerak. Qalbakilashtirilgan va avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan dorilarning g‘ayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.

O‘zbekistonda 2023-yili o‘nlab bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘tal siropidan vafot etgani ortidan dori-darmon shirkatlari ustidan nazorat kuchaytirilgani aytiladi.

Jumladan, joriy yil 1-iyuldan dori savdosi ustidan GVP (good pharmacovigilance practice) nazorat amaliyoti kuchga kirgan. Mazkur standart dori mahsulotlari xavfsizligini doimiy monitoring qilish va nojo‘ya ta’sirlari haqida nazorat qiluvchi organlarga muntazam hisobot berib borishni ko‘zda tutadi.

XS
SM
MD
LG