Afg‘onistonlik ayollar ijtimoiy tarmoqlarda Tolibon talaba qizlar uchun joriy qilgan qat’iy dress-kodni tanqid qilmoqda. Afg‘onistonda Tolibon hukumati 1990-yillarning ikkinchi yarmidagi kabi qat’iy Islom qonunlarini qaytadan joriy qilishi haqida xavotirlar kuchaygan.
Toliblar talaba qizlar uchun qat’iy yangi kiyinish qoidalarini joriy qilishi ortidan ko‘pchilik e’tiroz bildirdi. Afg‘onistonlik ayollar rang-barang an’anaviy liboslarni kiygan holda rasmga tushib, ularni #kiyimlarimgategmang va #afg‘onistonmadaniyati kabi heshteglar bilan ulashdilar. Tolibon boshchiligidagi hukumat joriy oy boshida e’lon qilgan farmonga binoan, universitet talabalari islomiy niqob va abaya kiyishga majburdirlar.
Tolibon 1996 – 2001 - yillarda Afg‘onistonga hukmronlik qilgan davrda qizlarga maktabda tahsil olish man etilgan, ayollarga esa ishlash va ta’lim olish taqiqlangandi.
Tolibon bir oy oldin Kobulda G‘arb dastaklab kelgan hukumatni ag‘darib tashlagach, radikal islomiy guruh o‘zgarganini, jumladan, ayollarga va qizlarga bo‘lgan munosabati o‘zgarganini iddao qildi. Guruh, shuningdek, sobiq muxoliflarni afv etishni hamda inklyuziv hukumat tuzishni va’da qildi.
Ammo ko‘plab afg‘onistonliklar xavotirda, ayniqsa, jangarilar faqat murosasiz erkaklardan iborat hukumat tuzib, norozilik namoyishlarini taqiqlagani va namoyishchilar hamda jurnalistlarga tazyiq o‘tkaza boshlagani ortidan noroziliklar kuchaymoqda.
14 - sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antonio Guterrish so‘nggi yigirma yil davomida afg‘onistonlik ayollar va qizlar uchun erishilgan yutuqlarni saqlab qolishga chaqirdi.
«Afg‘onistonlik ayollar va qizlar erishgan yutuqlar yo‘qolmasligi, eshiklar yopilmasligi va umidlari o‘chmasligiga ishonch hosil qilishni xohlaydilar», deb yozdi Guterrish Twitterda.
«Ularning huquqlari, shu jumladan, ta’lim va boshqa muhim xizmatlardan foydalanish huquqlarini himoya qilish mamlakat va har bir afg‘on kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega», deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet Tolibonni inson huquqlari haqidagi va’dalari ustidan chiqmaslikda aybladi.
«Oxirgi uch hafta mobaynida ayollar ... jamoatchilik doirasidan tobora chetlatildi», dedi u.
Shveysariyaning Jeneva shahridagi Inson huquqlari kengashiga murojaat qilgan Bachelet milliy xavfsizlik kuchlarining sobiq xodimlari «qasddan o‘ldirilgani haqida ishonchli ayblovlar» borligini, shuningdek, oldingi ma’muriyatlarda ishlagan odamlar o‘zboshimchalik bilan hibsga olinayotgani, ularning ayrimlari hatto «o‘lik holda topilganini» aytdi.
13 - sentabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan xalqaro donorlar konferensiyasi qatnashchilari yaqinlashib kelayotgan yirik gumanitar inqirozdan ogohlantirdi. Donorlar hamjamiyati Afg‘onistonga 1 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatishga rozi ekanini bildirdi.
Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘oniston uchun yil yakunigacha 600 million dollardan ko‘proq mablag‘ ajratish kerak bo‘lishini taxmin qilgan edi.
Tashkilotiga ko‘ra, Tolibon mamlakatni egallab olishidan oldin ham Afg‘oniston qurg‘oqchilik, ko‘chish va gumanitar inqiroz yoqasida bo‘lgan. Ayni damda mamlakat aholisining yarmi yordamga muhtoj ekani aytilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti so‘ragan mablag‘ning qariyb uchdan bir qismi Jahon oziq-ovqat dasturiga ajratiladi. Dastur xodimlariga ko‘ra, Afg‘onistonning ko‘plab aholisi yetarlicha oziq-ovqat xarid qilishga qodir emas.
Bu mablag‘, shuningdek, ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim loyihalarini amalga oshirish uchun kerak. Shuningdek, o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan 3,5 millionga yaqin odamni favqulodda boshpana bilan ta’minlash uchun ham pul kerak bo‘ladi.
15 - avgust kuni Tolibon hokimiyatni qo‘lga olganidan beri bir necha norozilik namoyishi o‘tkazildi. Ularning ayrimlari halokatli to‘qnashuvlar bilan yakun topdi.
Xabarlarga ko‘ra, 14 - sentabr kuni Qandahorda o‘nlab odam norozilik namoyishga chiqqan. Bunga aholidan turar-joy koloniyasini bo‘shatish talab qilingani asos bo‘lgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida olgan videolavhalarda olomon katta yo‘lni to‘sib qo‘ygani tasvirlangan.
Reuters agentligining xabar berishicha, 3 mingga yaqin oiladan uch kun ichida koloniyani tark etish so‘ralgan.
Tolibon aholini uyidan haydash yoki norozilik namoyishlari haqida hali izoh bergani yo‘q.
Bu orada Afg‘onistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi BMT Inson huquqlari kengashini «inson huquqlari suiiste’mol qilinayotganini tergov qilish va hujjatlashtirish uchun zudlik bilan tergov missiyasini yuborishga» chaqirdi. Xususan, elchi toliblarga qarshi harakatning so‘ngi o‘chog‘i bo‘lmish Panjshir vodiysiga komissiya yuborishga chorladi.
«Bugun millionlab odam o‘z hayoti va inson huquqlaridan xavotir olar ekan, mamlakatda gumanitar inqiroz davom etar ekan, dunyo jim, tomosha qilib o‘tirolmaydi va bunday qilmasligi kerak», dedi hokimiyatdan ag‘darilgan hukumat a’zosi Nosir Ahmad Andisha.
«Afg‘oniston xalqi hozir har doimgidan ham ko‘proq chora ko‘rilishiga muhtoj», dedi u.
AQSh Kongressining Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo‘mitasi 13 - sentabrda o‘tkazgan eshituvda AQSh davlat kotibi Antoni Blinken Afg‘onistondan AQSh o‘z qo‘shinlarini pala-partish tarzda olib chiqib ketganini yana bir bor himoya qildi.
Blinken, shuningdek, Davlat departamenti afg‘onistonlik ayollar, qizlar va ozchiliklarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish uchun yuqori lavozimli shaxsni tayinlashini aytdi.