Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:44

Afsonaviy o‘zbek raqqosasi pandemiya davrida amerikaliklarni "Lazgi"ga o‘ynatmoqda (VIDEO)


Gavhar Matyoqubova "Lazgi" raqsini 1967 - yilda "Komiljon Otaniyozov kuylaydi" filmida ijro qilib, bir kunda Markaziy Osiyoning raqs yulduziga aylangan edi - video skrinshoti
Gavhar Matyoqubova "Lazgi" raqsini 1967 - yilda "Komiljon Otaniyozov kuylaydi" filmida ijro qilib, bir kunda Markaziy Osiyoning raqs yulduziga aylangan edi - video skrinshoti

Qadimiy "Lazgi" raqsi haqidagi kitob muallifi¸olima va raqqosa, O‘zbekiston xalq artisti 74 yashar Gavhar Matyoqubova Amerikadagi talabalarga xoreografiyadan onlayn darslar o‘tmoqda. Matyoqubovaning raqqosa shogirdlari darslarni inglizchaga tarjima qilib, videokamera yordamida ko‘rsatib bermoqda.

Matyoqubovning Ozodlikka aytishicha¸ AQSh va Yaponiyada yashaydigan san’atsevar talabalar "Xorazm lazgi"sini o‘rganamiz, degan taklif bilan chiqishgan. "Mana, bir necha oydan beri dars bermoqdaman", - deydi raqqosa.

Islomdan oldingi Xorazm davlatida yaralgan qadimiy raqs bo‘lgan "Lazgi" YuNESKO tashkilotining Jahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

"Lazgi" raqsi
"Lazgi" raqsi

Bugun ummon osha raqsdan saboq berayotgan Gavhar Matyoqubova "Lazgi" raqsini 1967 - yilda "Komiljon Otaniyozov kuylaydi" filmida ijro qilib, bir kunda Markaziy Osiyoning raqs yulduziga aylangan edi.

Gavhar Matyoqubova o‘zi raqsga tushgan "Lazgi" haqida ilmiy ish yozib, olimlik unvoni olgan O‘zbekistondagi yagona raqqosa.

1993 - yilda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida uning “Ofatijon Lazgi” kitobi nashr qilingan.

AQShda ilk O‘zbek raqs dastasini tuzgan Lourel Viktoriya Grey Gavhar Matyoqubovani o‘ziga ustoz deb biladi.

Qayroq lazgi
Qayroq lazgi

"Lazgi" nima?

"Lazgi" Islomdan oldingi davrdan bizning kunlargacha yetib kelgan ko‘hna ritual namunasi. Mutaxassislarga ko‘ra, uch qismdan iborat bu kompozitsiya tirilish¸ kuch-qudratga to‘lish va o‘limni aks ettiradi.

Turkiyadagi Ardaxan universitetining Nafis san’atlar fakulteti professori¸ musiqashunos Botir Matyoqubov Ozodlik bilan suhbatda "Lazgi" “erkaklarning jangovar raqsi” ekanligini aytadi.

“Bu 6/8 taktli jang raqsi ekanliga oid dalillar bor. Musiqiy o‘lchov va usullarda 6/8 o‘lchovi barcha xalqlarda raqsbop va jo‘shqin bo‘lib, bu usulga “Gul ufori”, Xorazmda xalq tilida “Tandira kasak”, Buxoroda “Chilligi yoki Chillaki”, Toshkent-Farg‘onada esa,“Umbalaqidon-Laqqalaqidon” kabi iboralar bilan yuritiladi”.

"Lazgi"ni (ayniqsa "Surnay lazgisi"ni) musiqiy motivlari hijjalab tahlil qilinsa, Husravoniy, ya’ni qadimgi musiqashunos Barbad davridagi raqs kuylari “Mavrigi”larning ba’zi qismlariga mengzaydi.

Xorazmlik marhum musiqashunos Sofiya Sobirovaning 1983 - yilda “Yoshlik” jurnalida chop qilingan “Lazgi” maqolasida “Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining askarlari Kavkaz yurishlaridan birida mehtarlar (musiqa rotasi -tahr.) ijrosida "Lazgi" jangovar raqsi chalib, jangchilar o‘yinga tushgani” haqida ma’lumotlar bor.

Афсонавий ўзбек раққосаси пандемия даврида америкаликларни лазгига ўйнатмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:10 0:00

Eskidan "Lazgi"lar, asosan cholg‘ularda chalinadigan raqs kuylari bo‘lib¸ ularga so‘z bastalab, o‘qilmagan. Ammo XX-asrning 30-yillariga kelib¸ xalq she’rlariga solib kuylangani kuzatiladi.

Mang‘itli Tursun baxshining aytishicha¸ Otaq daqa-daq degan doirachi o‘z davrida to‘y va ziyofatlarda oldin “Lazgi afsonasi”ni so‘ylab, keyin “Jon tana gir” radifli she’r bilan kuylab yurgan.

Undan keyin 1950-yillargacha garmonchi Xo‘ja Otajonov-Xo‘ja ko‘r (Ortiq Otajonovning doirachisi Qadam Xo‘janing otasi-tahr.) “Shobboz qovun to‘rlama, Gurlan yo‘lin yo‘llama, uyingizga bir galdik, uka bizni xo‘rlama” radifli she’r bilan kuylab yurgan.

Shu davrdan boshlab Komiljon Otaniyozov Komil Xorazmiyning “Kimni sevar yorisan” muhammasiga solib kuylagan "Lazgi"si butun O‘rta Osiyoda mashhur bo‘ldi.

Bugungi kungacha "Lazgi" raqsining to‘qqizga yaqin turi yetib kelgan.

Qayroq toshlarning bir-biriga urilishidan hosil bo‘lgan musiqaga tushiladigan qayroq lazgi tarixi Tosh davriga borib taqalishi aytiladi.

Xorazmda "Lazgi"ning turli xillari mavjud bo‘lib¸ eng qadimgilari "Surnay Lazgi", "Dutor Lazgi", "Qayroq Lazgi"lari hisoblanadi. Ulardan keyingilari "Changak Lazgi", "Garmon Lazgi"¸ "Bodya (tovoq) Lazgi" va boshqalaridir.

"Lazgi" O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov raqsga tushgan qadimiy xoreografik kompozitsiya hamdir.

Islom Karimov raqs tushmoqda
Islom Karimov raqs tushmoqda

"Lazgi"-yangilanish¸ tirilish¸ falaj tanaga jon ato qilganini aks ettiradi. Karimov o‘limidan keyin “tirila boshlagan yangi O‘zbekiston” yo‘lboshchisi Xorazmda "Lazgi" akademiyasi tashkil qilish tashabbusi bilan chiqdi.

2020 - yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Xorazmda "Lazgi" bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazishni taklif etgan edi.

Mirziyoyev "Lazgi" vatani Xivada
Mirziyoyev "Lazgi" vatani Xivada

Gavhar Matyoqubova Xorazmdagi ayol raqqosalarning ikkinchi avlodi vakili. Uning ustozlari Roviya Otajonova, Anash xalfa Sobirova (Anash cho‘loq) va Tamaraxonimlar "Lazgi" raqsiga tushishni erkak ustodlardan o‘rganishgani ma’lum. Gavhar Matyoqubovaga ko‘ra, "7-asrgacha "Lazgi"ga barcha raqsga tushgan:

"7-asrda Xorazmda islomiy mafkura o‘rnashganidan keyin ayollarning raqs tushishi ulamolar fatvosi bilan taqiqlab qo‘yilgan. Faqat erkaklarga izn berilgan. 7-asrdan to 1920 - yilgacha faqat erkaklar raqsga tushgan. 1920 - yilda Anash cho‘loq Sobirova (Raqsga tushgani uchun oyog‘i urib sindirilgan. tahr.) ilk bora "Lazgi"ga tushgan. 1932 - yili Tamaraxonim Xorazmga kelganida, unga erkaklar ustozlik qilib, "Lazgi" o‘rgatgan. Jummi Qayroq¸ Bobojon To‘q To‘q¸ Zarif Latipov kabi ustodlar "Lazgi" raqsini ayollarga o‘rgatishgan".

"Lazgi"
"Lazgi"

Xorazmlik taniqli shoir, O‘zbekiston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Erkin Samandar "Lazgi"ga bag‘ishlab yozgan she’rida bu raqsni "lahcha cho‘g‘"ga mengzaydi:

Dilimga lahcha o‘t solding,

Na o‘tki, chulg‘ading olding,

Uni sen tor qilib chalding,

Sehr, ko‘rking ibo, Lazgi...

XS
SM
MD
LG