Линклар

Шошилинч хабар
02 март 2021, Тошкент вақти: 03:31

Agressiyaga tayyorgarlik.  Donetskda "Russkiy mir" qorong‘i zalda reja tuzmoqda


Rossiya nazoratidagi "LNR" i "DNR" rahbarlari Leonid Pasechnik va Denis Pushilin "Russkiy Donbass" forumida. Donetsk, 28 - yanvar, 2021 - yil.

O‘tgan hafta Donetskda, “tomonlar bilan tutashuv chizig‘i”da qaytadan boshlangan otishma sadolari ostida, o‘zini Ukrainadan mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hududi Donetsk hamda Lugansk viloyatlarining ma’muriy chegaralariga qadar kengayishi to‘g‘risida gapirildi. Bu yerda strategik maqsad, 2014 - yilda falaj bo‘lgan “Katta Novorossiya” g‘oyasini qaytadan jonlantirish haqida so‘z bordi. Hattoki, Rossiya va Ukraina ziddiyatining galdagi bosqichi sifatida Minsk bitimlaridan chiqish masalasini ham muhokama qildilar.

Rossiya nazoratidagi tan olinmagan ikki “respublika” rahbarlari, RF Davlat Dumasining ikki deputati, Margarita Simonyan oilasi, bir necha yuz delegat va rossiyalik faxriy mehmonlar jam bo‘lgan ikki kunlik “Russkiy Donbass” integratsiya forumi”ning qisqacha yakuni shu.

Pul yo‘q, mador ham quriyapti

Forumda yangragan balandparvoz bayonotlar real voqelikdan ancha uzoq. Urushayotgan tomonlarning tutashuv chizig‘idagi jangovar shayligi, harbiylarning kayfiyati, ta’minoti, keng ko‘lamli harakatlarga hozirligi ko‘zga tashlanmaydi.

Iqtisodiy ahvol ham maqtangulik emas. Ijtimoiy standartlar va ish haqi darajasi bo‘yicha qo‘shni Rostov viloyatiga yetib olish haqidagi gaplarning tagi puchligi ma’lum bo‘ldi. 1 - yanvardan byudjet muassasalarda ish haqini oshirishgan edi. Keyin ayon bo‘lishicha, bu bilan birga ish haqiga qo‘shib hisoblanadigan turli to‘lovlar bekor qilinibdi... Boz ustiga 1 - fevraldan Donetskda kommunal xizmatlar narxi 20 foizga oshdi. Holbuki, shu paytgacha Donetskda aholi iste’mol qiladigan Rossiya gazining bahosi qo‘shni Rostov viloyatidagidan 2,5 baravarga arzon edi. Umuman, kommunal to‘lovlarning oshishi Rossiya hukumati dotatsiyani kamaytira boshlaganini anglatuvchi signaldir.

Qishga kelib Donetsk metallurgiya zavodi (DMZ)da ish to‘xtab qolgan edi. DMZ va Yenakiyevsk koks-kimyo zavodining “tashqi nazoratchisi” bo‘lmish "Vneshtorgservis" YoAJ (Rossiya) qariyb yakson bo‘lgan ushbu yirik korxonalarni o‘z nazoratidan chiqardi. Holbuki ularning o‘z ishchi va xizmatchilaridan ish haqi bo‘yicha juda katta qarzdorligi mavjud.

Forumning mahalliy aholi uchun yagona jozibasi

Donetskdagi yirik mafkuraviy tadbirlar mahalliy aholi uchun “tekin ovqat tarqatiladigan joy” sifatida ko‘proq qiziq. Shu ma’noda donetskliklar 2019 - yilning 29 va 30 - oktabr kunlari o‘tkazilgan “DXR investitsiya forumi”ni maroq bilan eslashadi. Zero, urushdan oldin tubda ta’mirlangan muhtasham SHAKHTAR PLAZA mehmonxonasida o‘tkazilgan o‘sha tadbir davomida ikki kun ikki mahal ovqat bilan siylashgan edi.

“Russkiy mir” shuhratini oshirishga mo‘ljallangan tadbirda esa odam siyrak bo‘ldi. Forum ramziy ahamiyatga ega maskan — Slavyan madaniyati markazining nimqorong‘i zalida tashkil qilingan edi. Ammo, bir tomondan koronavirusga qarshi karantin choralari, ikkinchi tomondan esa “DXR”da e’lon qilingan “yuqori shaylik rejimi” tufayli tadbirda odam ancha siyrak bo‘ldi.

Simonyandan boshqa hamma narsa eski

“Russkiy Donbass” forumiga Davlat dumasining G‘arb sanksiya belgilagan ikki deputati kelishdi.

Kazbek Taysayev — Dumaga KPRFdan saylangan, “DXR”ga tez-tez kelib turadi, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan ayirmachi respublikaga “Qizil chiziq” orqali yordam ko‘rsatish tashkilotchisi. Bunaqa partiya taqiqlanganiga qaramay mahalliy kommunistlarning ozodlikda yurgani, hatto o‘z idoralarini ochib, bemalol ishlayotgani, bu Taysayevning sharofati bilan. Xullas, Taysayevning Donetskka kelishi hech kimni ajablantirmaydi.

Andrey Kozenko – qrimlik, Ukrainaning sobiq grajdani, deputat sifatida "Rossiya – Donbass" integratsiya qo‘mitasi muvofiqlashtiruvchisi. “DXR” bilan “LXR” uchun “alohida statusga ega Rossiya mintaqalari” degan tushanchani aynan u o‘ylab topgan, uning sa’y-harakatlari bilan mahalliy qonunchilik, hujjatlar almashishi, davlat raqam belgilari, ma’lumotnomalar, pasportlar Rossiya standartlariga o‘tkazilgan edi. Joriy yilning yanvariga qadar Donetskda 178 mingta Rossiya pasporti tarqatildi, “LNR” esa bu borada qo‘shnisidan bir oz oldinda bo‘lishi mumkin. Binobarin, Andrey Kozenkoning “Sharqiy Ukrainada to‘rt yuz ming kishi yangi pasport oldi” degan gapi bir oz bo‘rttirilgan, voqelikdan ikki oycha ilgarilab ketgan yangilikdir.

Margarita Simonyan Donetskda.
Margarita Simonyan Donetskda.

“Tarixiy Novorossiya” tushunchasi tiriltirilishi munosabati bilan, 2014 - yildan beri ilk bor “Rus Donbassi”ni Zaporojye, Xarkov, Dnepropetrovsk, Xerson, Nikolayevsk va Odessa viloyatlarini “birlashtiruvchi nuqtaga aylantirish” bilan Ukrainaga yana tahdid qila boshlandi.

Rossiya darsliklari Kiyev nazoratidan chetdagi hududlar maktablarida 2015 - yilda paydo bo‘lgan edi, 2016 - yilda Donetsk shahrida ukrain tilida o‘qitiladigan so‘nggi sinf yopildi, 2020 - yil martda esa ukrain tili haqidagi barcha eslatmalar mahalliy konstitutsiyadan o‘chirilib, rus tili yagona davlat tiliga aylantirildi.

Rossia Federatsiyasi shaharlari bilan gorizontal aloqalar dasturlari 2017 - yildan ishga tushirildi, o‘shandan beri “Rossiya – Donbass integratsiya qo‘mitasi” saytida “DXR” va “LXR” hamda Rossiya shahar va rayonlarining “birodarlashayotgani” to‘g‘risidagi xabarlar bolalamoqda.

Kuzdan boshlab Donetskda mahalliy Markaziy saylov komissiyasi jonlanib qoldi, "DXR“ mulozimlari qanaqadir ovoz berish tadbirini kutishyapti. Nimani buyurishsa, o‘sha bo‘ladi: yo “respublika”larni birlashtirish yuzasidan, yo Rossiyaga qo‘shilish referendum bo‘ladi yoxud shunchaki, Rossiyaning DXRda istiqomat qiluvchi yangi fuqarolari sentabr oyida Rossiya Davlat dumasiga bo‘ladigan saylovlarda ishtirok etishadi.

“Russkiy Donbass” doktrinasi g‘oyasi Donetskka o‘tgan yili, dekabrning o‘rtalarida yo‘llangan bo‘lib, shunday g‘oya ishlab chiqilgani haqida, 2019 - yil yozda Moskvaning amriga ko‘ra “Zelenskiy, Donbass xalqiga quloq sol!” aksiyasini o‘tkazib Ukraina prezidentini Minsk bitimlarini hurmat qilishni talab qilgan odamlarning o‘zlari ma’lum qilindi. Endilikda, mana, yangi trend paydo bo‘libdi: mahalliy kuzatuvchilar sobiq deputat, Davlat Dumasining vitse-spikeri Sergey Baburin yuqori doiralarning parda orti suhbatlarida Minsk bitimlaridan voz kechish fursati yetgani to‘g‘risida gapirganini maroq bilan so‘zlashyapti.

Nima bo‘lgan taqdirda ham barcha yaxshi anglab turibdiki, Rossiya prezidentining sobiq yordamchisi Vladislav Surkovdan meros eski shiorlaru g‘oyalarni bu taxlit omixta qilishdan ko‘zlangan yagona maqsad — Kiyevni qo‘rqitish, shuningdek, Moskva muzokaralar mutlaqo berk ko‘chaga kirib qolganiga ortiq toqat qilmasligini va Donbassdagi vaziyatni shunchaki “muzlatish” imkonsizligini namoyish qilishdir.

Forumdagi yangilik esa unda Margarita Simonyan ishtirok etgani bo‘ldi. RT bosh muharriri “xususiy shaxs” sifatida, ona Rossiya Donbassni albatta o‘z bag‘riga olishiga tilak bildirdi. Simonyan Donbassda ilgari sira bo‘lmagan ekan, shu bois uni taklif qilish g‘oyasi o‘zini oqladi desa bo‘ladi — yorqin mediasiymolarsiz bunaqa targ‘ibot anjumanini hatto Rossiyaning o‘zida ham payqamasliklari mumkin edi.

“Russkiy Donbass” forumidan so‘ng Simonyanning turmush o‘rtog‘i Tigran Keosayan uchun Ukrainaga kelish taqiqlansa ajab emas, va bu anjumanning yagona amaliy oqibati bo‘lur edi: aytishlaricha, u o‘sha kunlari Slavyan madaniyati markaziga tashrif buyurgan mehmonlar orasidagi familiyasi Ukraina TIVning sanksiya ro‘yxatlariga tirkalmagan yagona mehmon bo‘lgan ekan.

Darvoqe, 2021 - yil “DXR”da Rossiya madaniyati yili deb e’lon qilinibdi. Go‘yo bu o‘lka shundan o‘zga biron madaniyatga eshigini ochadigandek.

XS
SM
MD
LG