O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlaridan iborat ishchi guruh xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillariga almashtirish bo‘yicha taklifni ilgari surdi.
Tilshunoslar hozicha o‘ttizta atamaning o‘zbekcha muqobilini taklif etishgan. Jumladan, kundalik muomalada ko‘p qo‘llanayotgan “dostavka” (yetkazish), “chellenj” (chorlov), “navigator” (yo‘llagich), “selfi” (o‘zchekim), “svetofor” (yo‘lchiroq), “oprava” (ko‘zoynak bandi), “keshbek” (hadya-qaytim), “poverbank” (kuchlantirgich), “aksiya” (yalpi harakat) kabi so‘zlarga variant taqdim etilgan.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlaridan iborat guruh Atamalar komissiyasining ishchi kengashi sanaladi. Ekspertlar jamoatchilikni til taqdiriga befarq bo‘lmaslik va milliy muqobillar muhokamasida faol qatnashishga chaqirgan.
Mamlakat ziyolilari o‘zbek tilining mavqeidan xavotir bildirib keladi. Jumladan, tahlilchi Sardor Salim hukmron elitani til islohotini paysalga solishda ayblagandi.
Ozodlik avvalroq Putin rus tilini jahon miqyosida keng targ‘ib-tashviq etishga zo‘r berayotgan bir pallada o‘zbek tilining istiqbolini tahlil qilgandi.