Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:37

“Aksincha, g‘alaba qadrini yerga urishmoqda”. Rossiyalik tarixchilar Putinning fashizmga qarshi urushga oid siyosati haqida


Putin G‘alaba kuniga bag‘ishlangan parad payti nutq so‘zlamoqda. 9 - may, 2018 - yil
Putin G‘alaba kuniga bag‘ishlangan parad payti nutq so‘zlamoqda. 9 - may, 2018 - yil

Rossiya Davlat Dumasi “sovet xalqining natsistlar Germaniyasini tor-mor etishdagi hal qiluvchi roli va Sovet Ittifoqining Yevropa mamlakatlarini ozod etishdagi insonparvarlik missiyasi”ni omma oldida inkor qilishni, shuningdek, “SSSR va Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidagi rolini teng ko‘rish”ni taqiqlovchi qonun loyihasini muhokama qilmoqda.

Loyihani senator Aleksey Pushkov hamda Dumadagi “yedinoros”lar Aleksandr Jukov va Yelena Yampolskaya ishlab chiqqan.

Rossiyalik taniqli tarixchilar – Tamara Eydelman va Lev Lurye “Nastoyashchee vremya” telekanali efirida ushbu qonunchilik tashabbusi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

Историки анализируют законопроект о "решающей роли СССР" в победе над нацистской Германией
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:19 0:00

Xususan, Eydelmanga ko‘ra, qonun loyihasi bilan go‘yo “ochiq darvozani tepishyapti”, ya’ni bahslashishdan ma’no yo‘q masalada bahslashmoqchi.

“Stalin Gitler bilan til biriktirganini hamma biladi. Va bu Sovet Ittifoqining keyin ittifoqchilari bilan birga fashizmga qarshi kurashgani faktini aslo kamsitmaydi. Bu sovet xalqining jasoratiga soya solmaydi. Bu faqat tuzumning vahshiy tabiatini bildiradi. Bu – birinchi e’tirozim”,- deydi tarixchi.

Eydelman, shuningdek, qonun loyihasi mualliflari tarixchilarga nimani gapirish kerakligi haqida buyruq bermoqchi bo‘layotganini sira hazm qila olmasligini aytadi. Uning fikricha, “tarixchi, agar isbotlay olsa, xohlaganini gapirishi mumkin va hech bir deputat bunga aralashmasligi lozim”.

Lev Lurye loyihadagi “o‘xshatish mumkin emas” degan iborani tushunmayotganini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, Stalin va Mussolinini, Putin bilan Grozniyni taqqoslashni man etishga urinish ahmoqona ish.

“Fashistlar Germaniyasi qaysidir ma’noda Stalin boshqargan SSSRga o‘xshagan” deb aytishni taqiqlovchi bu qonun tasdiqlandi ham deylik. Keyin‑chi? Hamma kutubxonalar “tozalanadimi”? Soljenitsin, Suvorov asarlari yoqiladimi?”,- ajablanadi tarixchi.

Lurye mazkur loyiha mualliflarini besh baho olish ilinjida hamisha qo‘l ko‘taradigan, muallim turg‘izganida esa siyqasi chiqqan gaplar bilan “aravani olib qochadigan” o‘quvchilarga mengzaydi.

Rossiyada natsizmni reabilitatsiya qilish va Sovet Ittifoqining Ikkinchi jahon urushidagi roli to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan qonun allaqachon mavjud. Shunga qaramay bu loyihaning tayyorlanganiga izoh berarkan, Lurye Rossiyada qonunchilik faqat targ‘ibot va qo‘rqitish maqsadida qabul qilinishini urg‘ulaydi, zero, agar birovni qamash niyatlari bo‘lsa, “shusiz ham qamay olishadi”.

Tamara Eydelman Rossiya hukumati go‘yoki sovet xalqi jasorati haqida qayg‘urayotgandek ko‘ringani bilan, amalda urush qurbonlari xotirasini masxara qilayotganini, g‘alabani devalvatsiya qilib, bularning barini jirkanch militaristik komediyaga aylantirib yuborganini afsus bilan qayd etadi.

“Mana bugun ertalab “Facebook”da ko‘rdim. Tver viloyatidagi harbiycha kiyintirilgan bolalar paradi uyushtirilibdi, yana qaysidir bog‘chada bolalar jajji vujudlari bilan qabrlarni sahnada aks ettirmoqchi bo‘lishgan. Menga qolsa, mana shunaqa hayvoniy ishlar uchun ularning o‘zlarini jinoiy jazoga tortgan bo‘lardim”, - yozg‘iradi tarixchi.

Suhbat yakunida olimlar Vladimir Putinning “Rossiyaga urush to‘g‘risidagi sof, loyqalanmagan haqiqat kerak”, degan fikriga munosabat bildirishgan.

Eydelman: Kerak. Loyqalanmagan haqiqat kerak, ammo bu Putin nazarda tutayotgan narsa emas, mutlaqo. Urush haqidagi haqiqatga kelsak, u har xil bo‘ladi. Rossiyada – bunaqa, Amerikada – unaqa, Chexiyada – yana boshqasi. Ular qaysidir nuqtalarda kesishadi, qayerdadir – yo‘q, tarix fani shunday rivojlanadi. Albatta, haqiqat kerak.

Lurye: Urush haqidagi haqiqat degan narsa bo‘lmagan gap. Tarixda yagona haqiqat bo‘lmaydi, tarixchilar esa manbalarni o‘rganib u yoki bu narsani aniqlashtiradi. Sovet Ittifoqi boshqa istalgan mamlakatdan ko‘ra ko‘proq talafot berganini, Qizil armiya esa Stalingrad va Moskvadan Berlinga dovur yo‘l bosganini hech kim inkor etayotgani yo‘q. Agar insoniy talafot haqida gapirsak, g‘alabada eng ko‘p hissa Sovet Ittifoqiga tegishliligini ham. Ha, biz bularni unutmaganimiz, bir lahza ham esdan chiqarmaganimiz, polk xonalari tashkil qilganimiz, qahramonlar haqida ko‘pdan-ko‘p xotiralar to‘plaganimiz – hammasi yaxshi. Lekin bunga Vladimir Putin bilan “Yedinaya Rossiya” partiyasining nima daxli bor?

XS
SM
MD
LG