Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2025, Тошкент вақти: 13:57

Alisher Usmonovning Germaniyadagi villasi sotuvga qo‘yildi


Janubiy Bavariyadagi Tegernze ko‘li
Janubiy Bavariyadagi Tegernze ko‘li

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning Germaniyaning Bavariya federal yerida joylashgan villasi uni boshqarayotgan shirkat qarzi tufayli kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Tegernze ko‘li bo‘yida joylashgan villaning boshlang‘ich narxi 25 million yevroni tashkil qiladi. Bu Germaniyada hozirgi paytda sotilayotgan eng qimmat ko‘chmas mulkdir.

Merkur gazetasining yozishicha, villa va uning hovlisi boshqaruvi bilan 2011-yildan buyon Men orolida ro‘yxatga olingan Tegernsee (IOM) Limited ofshor firmasi shug‘ullanib kelgan. Avvallari Alisher Usmonov u yerga tez-tez borib turardi. Rasmiyatchilik nuqtai nazarida u villani Tegernsee (IOM) Limited firmasidan haftasiga 77 ming yevroga ijaraga olib turgan. Biroq Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Usmonov Yevropa Ittifoqi sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan va o‘shandan buyon villa bo‘sh turibdi.

Tegernsee (IOM) Limited qarzini to‘lay olmaydigan firma o‘laroq tan olingan, uning aktivlari asosan ko‘chmas mulk obyektlaridan iborat. Kreditorlar talabiga ko‘ra mulkni sotishga qaror qilingan.

735 kvadrat metrli villa Tegernze ko‘li sohilidagi 4700 kvadrat metr maydonda joylashgan. U yerda hammom, hovuz, xizmatchilar uchun uy bor.

O‘zbekistonda tug‘ilgan Alisher Usmonov Rossiyaning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Forbes hisob-kitobiga ko‘ra, uning boyligi 13,4 milliard yevroga baholangan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng unga qarshi YIdan tashqari AQSH va Buyuk Britaniya ham sanksiyalar joriy etgan. Germaniya rasmiylari avvalroq uning singlisiga qarashli va qiymati 588 million dollarga teng bo‘lgan Dilbar yaxtasini xatlab qo‘ygan.

2023-yil oktyabrida Germaniya politsiyasi va bojxonasi xodimlari Usmonovning Bavariyadagi villasida va Myunxen chetidagi ko‘chmas mulk obyektlarida tintuvlar o‘tkazgan. Tintuv chog‘ida beshta avtomobil va boshqa moddiy boyliklar musodara etilgan. Biroq, “Vedomosti” nashrining yozishicha, Frankfurtdagi uchastka sudi Bavariyada, Hamburgdagi Dilbar yaxtasida va boshqa obyektlarda musodara etilgan mol-mulklar va hujjatlarning ushlab turilishini noqonuniy deb topgan.

XS
SM
MD
LG