Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:53

Andijon maktablarida namunali isitish tizimlari 1 oy o‘tmay ishdan chiqdi


Andijon viloyati Bo‘ston tumandagi aksar maktablarda o‘quvchilar sovuq xonalarda o‘qishga majbur bo‘lmoqda
Andijon viloyati Bo‘ston tumandagi aksar maktablarda o‘quvchilar sovuq xonalarda o‘qishga majbur bo‘lmoqda

Andijon viloyati Bo‘ston tumani (oldingi Bo‘z tumani) o‘rta maktablarida o‘tgan oy o‘rtalarida namuna tariqasida o‘rnatilgan "zamonaviy isitish tizimi" bir oy o‘tar-o‘tmas, ishdan chiqdi.

Oqibatda tumandagi aksar maktablarda o‘quvchilar qishning sovuq kunlarida yana isitish tizimisiz o‘qishga majbur bo‘lmoqda.

Ayrim maktablarda sinf xonalari sovuqligidan boshlang‘ich sinf o‘quvchilar uylariga jo‘natilib, darslar onlayn o‘qitila boshlangan.

Soliq to‘lovchi puliga olingan isitish tizimlarining bir oy ichida ishdan chiqishi sabablari hususida ularni o‘rnatgan “Ziyo-2002” MChJ xususiy shirkatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Andijonning Bo‘ston tumanidagi o‘qituvchilarning Ozodlikka aytishicha, 14ta maktabda o‘tgan oy o‘rnatilgan yangi isitish tizimi bir oy o‘tar-o‘tmas, yoppasiga ishdan chiqa boshlagan.

Bo‘ston tumanidagi maktablardan birining xo‘jalik ishlari mudiriga ko‘ra, "yangi" deb ko‘rsatilgan isitish jihozlari eski bo‘lib chiqqan.

"Tumanimiz ta’lim muassasalarining barchasi "Ziyo 2020" mas’uliyati cheklangan jamiyatining namunaviy isitish tizimi bo‘yicha loyihalashtirilgan edi. 15 - noyabrda o‘rnatishgan bo‘lsa, bir oy ham bo‘lgani yo‘q, buzildi. Loyihada yangi deb ko‘rsatilgan kotyolning motori eski bo‘lib chiqdi. Davlatni shuncha puli sarflandi, lekin maktab o‘quvchilari mana, bir oydirki, sovuq honalarda o‘tirishibdi", - deydi maktab xo‘jalik ishlari mudiri Ozodlik bilan suhbatda.

"Bizni ham jonimizga tegdi. Har kuni maktablarni aylanamiz. Hammasida shu ahvol".
"Bizni ham jonimizga tegdi. Har kuni maktablarni aylanamiz. Hammasida shu ahvol".

Bo‘ston tumanidagi 2-son maktab o‘qituvchisi Ozodlikka "yangi qozonxonani o‘rnatgan shirkatga shikoyat qilaverib, charchadik", deydi:

"Kotyol yangi, ichidagi motori eski"

"Ko‘p marta shikoyat qildik. Oxirgi marta kelishganida, xodimlaridan birining og‘zidan chiqib ketdi. "Bizni ham jonimizga tegdi, opa. Har kuni maktablarni aylanamiz. Hammasida shu ahvol. Kotyol yangi, ichidagi motori eski. Maktab katta bo‘lgani uchun 5 tonnalik suvni tortib, haydashga kuchi yetmayapti. Jonimizga tegdi. Firma ish qilindimi, qilindi, deb yopdi. Baloga qolgan bizmiz" , - dedi usta. Shuning uchun biz hokimiyatdan bu xolatni tekshirishni so‘raymiz. Davlatni shuncha puli sarflandi, lekin sinfxonalar muzlab yotibdi", - deydi muallim.

"Eski motorlar, maktab katta bo‘lgani uchun 5 tonnalik suvni tortib, haydashga kuchi yetmayapti".
"Eski motorlar, maktab katta bo‘lgani uchun 5 tonnalik suvni tortib, haydashga kuchi yetmayapti".

Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 28 - avgustdagi “Andijon viloyatining Bo‘ston tumanini 2020-2022 - yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 153,6 mlrd. so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi.

Hukumatning ayni qarori bo‘yicha, Bo‘ston tumanidagi barcha maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablarida yangi Smart (Aqlli), ekologik xavfsiz, tejamkor hamda yuqori hajmda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi aytilgan isitish tizimlari o‘rnatilgan.

Bu ishlarni Bo‘ston tumanidagi “Ziyo-2002” MChJ hususiy shirkati amalga oshirgan.

Ushbu loyiha Senat Raisi Tanzila Norboyevaga oktabr oyida tumanga tashrifi payti ko‘z-ko‘z qilingan edi.

Zamonaviy ekani aytilgan isitish tizimlari bir oy o‘tmasdan, yoppasiga ishdan chiqa boshlagani va yangi kotyollarning motorlari eski ekani borasidagi iddaolar yuzasidan Ozodlik “Ziyo-2002” MChJ hususiy shirkatiga bog‘landi.

Telefon go‘shagini ko‘targan xodim bu haqda faqat shirkat rahbari izoh berishi mumkinligini aytdi.

Shirkat rahbariga esa, Ozodlik hozircha bog‘lana olgani yo‘q.

"Hokim nosozliklar aniqlangan maktablarni ko‘zdan kechirdi"

Bo‘ston tumani hokimligi rasmiysi kotyol buzilishlaridan xabari borligini aytdi.

"Tuman hokimi mana shu masala bo‘yicha “Ziyo-2002” MChJ vakillari bilan shaxsan uchrashgan. Isitish tizimida nosozliklar aniqlangan oltita maktabga borib, u yerdagi tizimlarni ko‘zdan kechirgan. “Ziyo-2002” MChJ vakillari bilan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha kelishib olingan", - dedi ismi ochiqlanishini istamagan hokimlik rasmiysi.

Ammo hokimlik vakili qanday nosozliklar ekaniga aniqlik kiritmadi.

Andijonlik bloger Habibulla Norboyev maktablarda o‘rnatilgan zamonaviy isitish tizimlari ishlashi bilan bog‘liq yana bir muammoga e’tibor qaratdi.

"Namunaviy deb aytilayotgan bu kotyollar tokda ishlaydigan kotyollar. Ko‘mirda yonadi, lekin elektr bo‘lmasa, issiq suvni butun tizimga haydab berolmaydi. Tok bo‘lmasa, ming ko‘mir yoqsangiz ham ishlamaydi. O‘zbekistonning aksar tumanlarida bo‘lgani kabi Bo‘ston tumanida ham elektr uzilishlari odatiy holdir. Bunaqa zamonaviy kotyollarni o‘rnatishdan oldin elektr ta’minoti qandayligini o‘ylab ko‘rish kerak edi", - deydi bloger.

O‘zbekistonning ayrim hududlarida shu kunlarda havo harorati - 12 darajagacha tushib ketgan.

Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi maktabda sinf xonalari sovuqligi sabab dars soatlari qisqartirilgan
Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi maktabda sinf xonalari sovuqligi sabab dars soatlari qisqartirilgan

Ayrim maktablarda sinf xonalari sovuqligi sabab o‘quvchilar uylariga jo‘natilgan.

"Kichkina bolalarga uyida o‘tirg‘izib, onlayn dars beryapmiz. Katta sinflarga darslarni 30-35 daqiqadan o‘tib, uylariga jo‘natyapmiz. Chunki sovuqdan ertalabdan kechgacha o‘tirishga bolalar qiynalishyapti", - deydi Bo‘ston tumanidagi 2-son maktab o‘qituvchisi.

O‘zbekistonda bu yil erta tushgan sovuq ayniqsa qishloq maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilarini tang ahvolda qoldirdi.

Mamlakatning turli hududlaridan gaz ta’minotidan butkul uzilgan maktablarning o‘quvchilari sovuqdan azob chekayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Gaz va elektr taqchilligi sabab ayrim maktablarda sinf xonalariga o‘tin va ko‘mir yoqiladigan pechkalar o‘rnatilgani aytiladi.

O‘tgan oy Xalq ta’limi vazirligi Andijon viloyatidagi maktablarni isitish masalasi Prezidenti maslahatchisi T.A.Xudayberganovning viloyatda o‘tgan sayyor qabuli chog‘ida ham muhokama qilingani haqida xabar bergan edi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, Bo‘ston (rasmiy xabarda Bo‘z tumani-tahr.) tumanidagi 19-maktabda isitish tizimidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berilgan.

O‘tgan yil noyabrida Xalq ta’limi vazirligi respublika bo‘ylab kuz-qish mavsumida maktablarning isitilishiga hokimliklar mas’ul ekani haqida bayonot bilan chiqqan.

Vazirlik 2018 - yilda Qashqadaryo viloyatidagi 200 dan ortiq maktablarda isitish tizimlari yangilangani va qo‘lbola “burjuyka” pechlari, "ma’naviy eskirgan, yaroqsiz qozonlari yangi zamonaviylariga almashtirilgani" haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG