Andijon viloyati Marhamat tumanidagi xonadonda ro‘y bergan gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi.
Daryo.uz nashrining Bosh prokuratura matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda yozishicha, 3-yanvar kuni soat 03:00 atrofida Shomat mahallasi Ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi fuqaro X.Shokirov xonadoni yotoqxonasida qo‘lbola usulda qurilgan isitish pechini yoqmoqchi bo‘lib gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash yuz bergan.
Oqibatda ushbu xonada bo‘lgan X. Shokirov tanasining 90 foizi, turmush o‘rtog‘i L. Shokirova tanasining 35-40 foizi, o‘g‘li J.Hamzayev tanasining 20-30 foizi, qizi X. Hamzayeva tanasining 70 foizi qismi kuyishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Voyaga yetmagan X. Hamzayeva olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramay 4-yanvar kuni vafot etgan. Oilaning qolgan a’zolari shifoxonada qolmoqda.
Jabrlanuvchilarga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati mulozimiga ko‘ra, 2024-yilning 11 oyi mobaynida O‘zbekiston bo‘ylab gaz bilan bog‘liq 74 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan. Oqibatda 82 nafar odam qurbon bo‘lgan, 80 dan ziyod kishi turli darajada tan jarohati olgan.
2024-yil 17-dekabr kuni Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan “Petrolium” propan gaz to‘ldirish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash ham ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilingan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ammo voqea guvohlari Ozodlikka rasman xabar qilinganidan ko‘proq odam qurbon bo‘lganini aytgan.