Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:09

Andijonlik mehnat migranti Toshkent aeroportida bedarak ketgani aytilmoqda


19 yashar Shoxjahon Turkiyaning Manavgat shahrida.
19 yashar Shoxjahon Turkiyaning Manavgat shahrida.

Shu yilning 9 - sentabrida Toshkent aeroportida bederak ketgan 19 yashar shahrixonlik Shoxjahon Xomidovning yaqinlari uning taqdiridan xavotir bildirmoqda. Yaqinlarining Ozodlikka bildirishicha, bir kun oldin Turkiyadan uchib kelgan yigit Moskvaga aviachipta sotib olgan, ammo uchoqqa chiqarilmagan.

Yaqinlari Shoxjahonning Toshkent aeroportida to‘xtatilgani va noma’lum shaxslar tomonidan olib ketilganini aytmoqda.

Ozodlik bog‘langan aeroport ma’muriyati va Ichki ishlar vazirligi bedarak ketgani aytilayotgan yigitning taqdiriga oydinlik kiritmadi.

2002 - yilda Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug‘ilgan Xomidov Shoxjahon Ikromjon o‘g‘li shu yilning 9 - sentabrida Toshkent xalqaro aeroportidan Moskvaning Domodedovo aeroportiga kunduzgi 16:40dagi reysga chipta olgani ortidan bedarak ketdi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Shoxjahonning yaqinlariga ko‘ra, u bundan bir necha kun oldin Istanbulda uchib borgan va Rossiyaga ishlash maqsadida yo‘l olgan.

Yo‘qolgan yigitning Turkiyada ishlayotgan akasi Xursandbek Xomidovning aytishicha, 5 oy oldin Shoxjahon onasi bilan birga akasining oldiga ishlashga kelgan.

- Aprel oyida onam bilan birga kelib, 1 oycha qurilishda ishladi. Keyin o‘zimning yonimga - Antaliyadagi Manavgat shahrida otelga ishga joylashtirdim. 3 oycha ishladi u yerda, lekin sezon tugashi va sayyohlar ketishi bilan otel yopildi. “O‘rtoqlarim Rossiyaga ketdi, men ham boraman – Moskvada zavodda ish bor ekan”, dedi. Lekin bilet sotuvchi “Hozir Rossiyaga uchib ketolmaydi, chunki 1 - sentabrdan Rossiyaga hamma o‘zini davlatidan uchib kelishi kerak, kiritmaydi”, deb qo‘rqitdi. Keyin biz Antaliya-Istanbul, Istanbul-Toshkentga chipta oldik. 8 - sentabr kuni u O‘zbekistonga uchib ketdi. Aeroportdan chiqibdi ertangi kunga. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga bilet olibdi Domodedovoga. Turkiyada topshirgan testdan tashqari, yana O‘zbekistonda ikkita test qilibdi. Samolyotga chiqishiga yarim soat qolganida telefon qilsam, “aka, meni mana bu yerda ikkitasi ushlab qoldi, registratsiya oldida”, dedi. Kimdir “telefoningni o‘chir, qanaqa akang?!”, deb o‘shqirdi va telefon o‘chdi, - deydi Xursandbek.

Andijonlik yigitning akasi bir sutka davomida ukasini kim ushlab qolgani va qayerda ekani to‘g‘risida xabar topolmaganidan xavotirga tushgan.

Xursandbek ukasi Shoxjahon bilan.
Xursandbek ukasi Shoxjahon bilan.

Shoxjahonni Moskvada kutib olishi kerak bo‘lgan do‘stlari uning “Havo yo‘llari” uchog‘idan ham tushmaganini xabar qilgan.

-Bizga bilet sotgan opa “Ukang uchoqqa chiqmabdi Toshkentda”, dedi onamga. 10 - sentabr kuni ertalab ko‘tarib qoldi telefonni. Menga o‘zini “aeroport kassiri” deb tanishtirgan odam “hech narsa chiqmadi, hammasi yaxshi” dedi-da, hech kimdan qo‘rqmaydigan ukam “aka, o‘chirishim kerak ekan!”, deb o‘chirvordi. Shundan beriga uning qayerdaligi, uni yonidagi odamlar kimligi va nima uchun ushlab qolingani noma’lum. U kassir emasligi aniq edi. Ukam kelayotgan kun uyimizga uchastkovoy kelib, “Shoxjahon qachon kelyapti?”, deb so‘rab, kichkina ukamni telefonlarini titib ketibdi. Ukam namozxon bo‘lmasa... Bir necha kun oldin aytuvdi “aka, men haqimda hazil qilib, “Shoxjahon Suriyaga ketvordi” deb gap chiqarishibdi”, degandi, - dedi Xursandbek.

Suhbatdoshga ko‘ra, shu kunlarda Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasida ushlangan shaxsni 3 kungacha yaqinlariga xabar qilmasdan ushlab qolishlari mumkinligi, saylov oldidan chetga chiqib kirayotganlar ustidan nazorat kuchaytirilgani haqida eshitgan.

Shoxjahon Xomidov MMA yakkakurashi bilan shug‘ullanib kelgan.
Shoxjahon Xomidov MMA yakkakurashi bilan shug‘ullanib kelgan.

Oldinroq Rossiyaga to‘g‘ri Turkiyadan uchib kelayotgan o‘zbek muhojirlari rus maxfiy xizmatlari nazoratiga olinayotgani, aeoroportlarda so‘roq qilinayotgani va ko‘plab migrantlar mamlakatga kiritilmayotgani to‘g‘risida xabarlar olingan.

Rossiyada faoliyat yuritayotgan huquqshunos Ilgiza Yaxshiboyeva Ozodlikka Turkiyadan uchib kelayotgan muhojirlarda hozir ham muammolar vujudga kelayotganini bildirdi:

- Turkiyadan uchib kelayotgan ko‘plab o‘zbekistonlik migrantlarimiz ishga ruxsatnoma – patent olishda qiyinchiliklarga uchramoqda. Juda ko‘p holatlar qayd etildi. O‘z mamlakatidan kirib kelganlarga muammo qilayotgani yo‘q. Ammo “Turkiyadan kelishga ruxsat yo‘q!” degan hech qanday qaror yoki rasmiy hujjat bo‘lmasa-da, bu norasmiy tarzda amalga oshirilmoqda. Vaholanki, Turkiyadan Rossiyaga kirib kelib, ishga ruxsatnoma olganlar ham yo‘q emas. Shu sabab bilet sotuvchilar Turkiyadan kelayotganlarni ogohlantirmoqda, - dedi Ilgiza Yaxshiboyeva.

Ozodlik yo‘qolib qolgan Shoxjahon Homidov masalasida Toshkent aeroportiga murojaat qildi. Aeroport ma’muriyati vakili bu masala bilan Ichki ishlar idoralari shug‘ullanishini aytib, ularga murojaat qilishni tavsiya qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari, polkovnik Shoxruh G‘iyosov Ozodlik murojaatiga javoban rasmiy tartibni tushuntirish bilan cheklandi:

- Eng yaqin odamlaridan kim bo‘lsa, zudlik bilan 102 raqamiga murojaat qilishi kerak. Tartibi shu, - dedi IIB rasmiy vakili.

Xursandbek Xomidov esa, ukasinining taqdiridan xabar olish uchun Turkiyada yolg‘iz onasini qoldirib, O‘zbekistonga jo‘nab ketayotganini ma’lum qildi.

Joriy yilning aprel oyidan karantin cheklovlarini yumshatgan Rossiya markaziy osiyolik, xususan o‘zbekistonlik muhojirlarga chegaralarni ochgani xabar qilingan edi. Ammo ularga faqat uchoq orqali kirishga izn berilgan.

Mahalliy huquq faollari oxirgi paytlarda O‘zbekistonda nafaqat siyosiy faol fuqarolar va hukumatni tanqid qilayotgan shaxslar, balki maxsus xizmatlar nazoratiga tushgan oddiy muhojirlarga nisbatan ham ta’qiblar kuchayganini aytishmoqda.

Ozodlik o‘zbek muhojirlarining yo‘qolib qolishi to‘g‘risida oldin ham xabar bergan.

2021 - yilning 26 - may kuni Moskvaning Meshchanskiy tumanidagi uylardan birida qurilishda ishlayotgan 34 yashar qashqadaryolik Shoxruh Bozorov politsiya xodimlari tomonidan ushlanganidan keyin bedarak ketgan edi.

Oradan bir muddat o‘tib, muhojirning yaqinlari Shoxruhning Toshkentga olib kelingani va so‘roq qilingani to‘g‘risida xabar olgan.

Toshkentlik 38 yoshli Umar Badalov esa, 19 - yanvar tongida Moskvaning Domodedovo aeroportidan O‘zbekiston poytaxtiga uchib kelgan, biroq aeroportdan chiqmagan.

XS
SM
MD
LG