Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:53

AP: Vashingtonning Tolibon "o‘zgarishi"ga bo‘lgan umidlari chippakka chiqmoqda


Huquq tashkilotlari ko‘plab qo‘mondonlar 2001 -yilda AQSh ag‘dargan shafqatsiz Tolibon qo‘mondonlaridek yo‘l tutayotgani aytmoqda.
Huquq tashkilotlari ko‘plab qo‘mondonlar 2001 -yilda AQSh ag‘dargan shafqatsiz Tolibon qo‘mondonlaridek yo‘l tutayotgani aytmoqda.

Tolibon Afg‘onistonda erishayotgan muvaffaqiyatlar fonida Bayden ma’muriyatining xalqaro miqyosda hurmat qozonish hamda xalqaro yordam olish istagi fundamentalist guruhni zo‘ravonliklardan tiyilishga undaydi, degan umidlari chippakka chiqmoqda.

Shu oy oxiriga qadar mamlakatdan AQSh harbiylari olib chiqib ketiladi. Tolibon qo‘mondonlari diplomatik kelishuvlarni nariga surib qo‘yib, jang maydonida yanada faollashdi. So‘nggi haftada toliblar to‘qqizta viloyat markazini egallab oldi.

Tolibonning ayrim qo‘mondonlari yangi qo‘lga olingan hududlarda o‘zini oshiqcha zo‘ravonlikdan tiyayotgan bo‘lsa-da, huquq tashkilotlari ko‘plab qo‘mondonlar 2001 - yilda AQSh ag‘dargan shafqatsiz Tolibon qo‘mondonlaridek yo‘l tutayotgani aytmoqda.

Jumladan, guruh a’zolari mahbuslarni ommaviy ravishda qirg‘in qilayotgani hamda o‘z qo‘liga o‘tgan hududlarda 15 yoshdan oshgan qizlarni xotinlikka berishni talab qilayotgani haqida da’volar bor. Tolibon matbuot kotibi bu ayblovlarni inkor etdi.

Bunga qaramay, Bayden ma’muriyati rasmiylari xalqaro miqyosda obro‘ qozonish istagi Tolibonga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan nekbin da’vosidan voz kechgani yo‘q.

Dushanba kuni Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki:

"Agar toliblar xalqaro legitimlikni qo‘lga kiritish istagida ekanliklarini da’vo qilayotgan bo‘lsalar, bunday harakatlar ularga legitimlik bermaydi", dedi.

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bu fikrni Tolibon rasmiylariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri izhor qilish uchun seshanba kuni Qatarga yo‘l oldi. Vakil "Amerika ovozi" nashriga bergan intervyusida agar Tolibon Afg‘onistonni zo‘rlik bilan egallab olsa, "yakkamoxov davlatiga aylanishini" aytdi.

Tolibon bu ogohlantirishga quloq soladimi, yo‘qmi, prezident Jo Bayden Afg‘onistonni tark etish qarorini keyinga qoldirish yoki bekor qilish niyatida emasligini xulosa qilish mumkin.

AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy missiyasini 31 - avgustda tugatadi. AQSh harbiylari 2020 - yilda sobiq prezident Donald Tramp davrida Tolibon bilan imzolagan bitimga binoan mamlakatdan olib chiqib ketilmoqda.

AQSh 2001 - yilning oktabrida boshlagan urush davomida Afg‘onistonda 11 - sentabr xurujlarini amalga oshirgan "Al-Qoida" guruhi tor-mor qilindi. Vashington Afg‘onistonga bostirib kirganidan keyin ko‘p o‘tmay Usoma bin Lodinni topshirishdan bosh tortgan Tolibon hukumatini ag‘darib tashlagandi.

Tolibonning eski hukumatini faqat uchta davlat – Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tan olgandi. O‘shanda Toliblar shariatning eng qat’iy talqinini joriy qildilar. Tuzum qo‘shiq aytishni, varrak uchirishni va televizor ko‘rishni taqiqlab qo‘ydi va Kobulning asosiy stadionida omma ko‘zi oldida odamlarni qatl qildi.

Tolibonning o‘sha paytdagi rahbari Mulla Muhammad Umar 11 - sentabr voqealaridan oldin mamlakatda geroin ko‘knori yetishtirilishini to‘xtatdi. Buni BMT rasmiylari tasdiqladi. Ammo xabarlarga ko‘ra, Umar o‘z kengashiga Tolibon hukumati nima qilishidan qat’i nazar, xalqaro qoralashlardan qutila olmasligini aytgan.

Umar rahbarlik qilgan kengash a’zolari ularga qarshi joriy qilingan sanksiyalar moliyaviy qiyinchiliklar tug‘dirayotganini tan olishgan.

“International Crisis Group” (Xalqaro inqiroz guruhi) tashkilotining Afg‘oniston bo‘yicha katta tahlilchisi Endryu Uotkins AQShning xalqaro obro‘, yordam va qayta qurish uchun moddiy yordam haqidagi gaplari buguni kundagi Tolibon uchun bir necha yil oldin qiziqroq bo‘lgan bo‘lardi, deb hisoblaydi.

AQSh qo‘shinlari olib chiqib ketilayotganidan ruhlangan Tolibonning bugungi pozitsiyasi kuchliroq. Afg‘onistonning butun hududi yoki katta qismini egallab olish va, shu bilan bir qatorda, chegara punktlari va boshqa daromad manbalarini qo‘lga kiritish istagi oldida xalqaro yordam unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi.

Uotkins Qatardagi muzokaralarda:

"Tolibonning siyosiy vakillari xalqaro legitimlik hamda bunday legitimlik olib keladigan foydaga chindan qiziqish ko‘rsatishdi", dedi.

"Ammo toliblar murosaga kelish istagini ko‘rsatishmadi", deya so‘zini davom ettirdi u.

Tramp va Bayden ma’muriyati rasmiylari fundamentalist guruh yakkamoxov o‘tmishiga qaytishni istamaydi, shu sababdan boshqacha yo‘l tutadi, degan umidda edilar. Ular Tolibon hukumatni kuch bilan qo‘lga kiritish o‘rniga muzokara o‘tkazishiga, Afg‘onistonning ozchilik guruhlariga insonparvar munosabatda bo‘lishiga hamda islomiy ekstremistik guruhlar Afg‘onistonda turib mintaqaviy yoki global miqyosda hujumlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaydi, deb umid qilishgan edi.

Aslida esa Tolibonning siyosiy va harbiy qanotlari bilan Qatardagi Tolibon vakillari o‘rtasida ziddiyatlar borligi ayon bo‘ldi.

Tolibonning siyosiy rahbarlari murosaga kelish va hokimiyatni bo‘lishish haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, isyonchilar bilan o‘tkazilgan shaxsiy suhbatlardan xabardor Pokiston rasmiylari guruh hokimiyatni to‘liq qo‘lga olish niyatida ekanini aytishdi.

Tolibon, shuningdek, qat’iy diniy hukumat o‘rnatmoqchi. Xabarlarga ko‘ra, ular qizlarga maktabga borishga va ayollarga ishlashga ruxsat bermoqchi, lekin bu Tolibonning islomiy ko‘rsatmalari doirasida amalga oshirilishi kerak bo‘ladi. Pokiston rasmiylari bu haqida “The Associated Press” agentligiga ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlab berishdi.

Ba’zi yevropalik diplomatlar xalqaro hamjamiyat fikri Tolibonga biror ta’sir ko‘rsatishiga shubha bilan qaramoqdalar. Afg‘oniston prezidenti ham shunday fikrda.

"Ha, ular o‘zgardi, lekin salbiy tomonga", dedi prezident Ashraf G‘ani shu oy o‘z ma’muriyati oldida so‘zlagan nutqida.

G‘anining o‘zi hukumatni kuchaytirish uchun yetarlicha chora ko‘rmagani uchun tanqidga uchrab keladi.

G‘ani Tolibon "shafqatsizroq, zolimroq" bo‘lib yetishganini va guruh jang maydonida majbur qilinsagina hokimiyatni bo‘lishishga rozi bo‘lishini aytdi.

Qora salla kiygan Tolibon amaldorlarining AQSh rasmiylari bilan Tramp kelishuvini imzolaganining o‘zi Tolibonga yangi legitimlik bag‘ishladi. Tramp Amerikaning jang maydonidagi dushmanlarini "juda jasur, juda aqlli" deb maqtagani bunga qo‘shimcha bo‘ldi.

Savdo va iqtisodiy aloqalarni hech bo‘lmasa mintaqaviy darajada saqlab qolishga oshiqayotgan Tolibon rasmiylari Markaziy Osiyo hukumatlari hamda Rossiya va Xitoy diplomatlarini yaxshi qo‘shni bo‘lishilariga ishontirishga urinib kelmoqdalar.

Tolibon AQSh bilan imzolangan bitimdagi bitta shartga amal qilmoqda: ekstremistik guruh olib chiqib ketilayotgan AQSh qo‘shinlariga hujum qilmayapti.

Shartnomaning amerikaliklar uchun muhim sharti shuki, Tolibon "Al-Qoida" yoki boshqa biror guruh Afg‘oniston hududidan foydalanib, AQSh yoki uning ittifoqchilariga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Ammo Pentagon aprel oyida hozirlagan hisobotda aytilishicha, Tolibon "Al-Qoida" bilan aloqador guruhlar bilan "o‘zaro manfaatli" aloqalarni saqlab qolgan va jangari guruh ularga qarshi jiddiy chora ko‘rish niyatida emas.

Afg‘onistonni o‘rganib kelayotgan Pittsburg universiteti professori Jennifer Brick Murtazashvili “The Associated Press” agentligiga bergan intervyusida:

"Menimcha, AQSh umid qilgan narsasiga erisha olmadi", dedi.

"O‘ylaymanki, Tolibon tub ma’noda o‘zgargan, degan xom xayollar ko‘p bo‘lgan", dedi u.

XS
SM
MD
LG