Линклар

Шошилинч хабар
10 октябр 2024, Тошкент вақти: 23:04

Apellyatsiya sudi bloger Abduqodir Mo‘minovga chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi


Bloger Abduqodir Mo‘minov.
Bloger Abduqodir Mo‘minov.

6-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati “Ko‘zgu” internet nashri muharriri, bloger Abduqodir Mo‘minovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborot xizmati ma’lum qildi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovga ko‘ra, apellyatsiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 4-avgust kuni Abduqodir Mo‘minovni 7 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqidagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Oliy sud bayonotida sudlanuvchi Abduqodir Mo‘minovning yuqori instansiya sudiga kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi borligini tushuntirgan.

Mahkamani yaqindan kuzatgan faollarga ko‘ra, apellyatsiya sudi ham xuddi quyi instansiya sudidagi kabi ochiq, ammo kuzatuvchilar va faollar kiritilmagan holda o‘tkazilgan.

Apellyatsiya sudi Abduqodir Mo‘minovning advokatlari tomonidan kiritilgan vajlarning birortasini inobatga olmagan, guvohlarni qayta so‘roq qilmagan.

Қамоқдаги блогер Абдуқодир Мўминовнинг қийноққа солингани иддао қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:34 0:00

Sud advokatlarning dastlabki tergov davrida Mo‘minovga nisbatan qiynoq qo‘llanilganiga oid iddaolarining isbotlanmaganini aytgan.

Ishda ishtirok etgan davlat qoralovchisiga ko‘ra, quyi instansiya sudi Mo‘minovning jinoyat ishiga oid barcha epizodlarning to‘g‘ri malakalangani va hukmning adolatli chiqarilganini iddao qilgan.

Mo‘minovning himoyachilari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi talablariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining kassatsiya sudlov hay’atiga tegishli tartibda shikoyat kiritilishini aytdi.

Abduqodir Mo‘minov shu yilning 4-avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan 3 yilgacha jurnalistlik faoliyatni cheklash bilan 7 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Hukm bilan u jazo muddatini umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Shuningdek, Mo‘minov zimmasiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdoridagi jarima hamda 900 million so‘mdan ortiq moddiy zararlarni qoplash yuklatilgan.

Sud blogerni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan.

OzodNazar: Тор залдаги “кенг” иш: Абдуқодир Мўминов устидан суд бошланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:33:44 0:00

Mirziyoyev tanqidchisi sifatida tanilgan bloger Abduqodir Mo‘minov ishi shu yil 25-iyulidan 4-avgustigacha jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilgan.

YouTube’dagi “Ko‘zgu” kanali muallifi Abduqodir Mo‘minov joriy yilning 8-fevralida “firibgarlik” va “tovlamachilik”da gumon qilinib, hibsga olingandi. Besh oydan buyon hibsda saqlanayotgan, dastlabki tergov va quyi instansiya sudida advokatdan voz kechgan Mo‘minovning o‘zi qo‘yilayotgan ayblovlarni qisman tan olgan.

Huquq faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloger prezident Mirziyoyevning kuyovlari biznesi haqida olib borayotgan surishtiruvi tufayli qo‘lga olinganiga ishonishadi.

XS
SM
MD
LG