Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:35

AQSh Davlat departamenti: Inson huquqlaridagi o‘zgarishlar “noto‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda”


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab inson huquqlari ahvoli yomonlashmoqda. Belarusda demokratiya uchun tinch namoyishlarga qarshi kuch qo‘llangani, Rossiyada Navalniy nishonga olingani ushbu o‘zgarishlarga yaqqol misollardir.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 30 - mart kuni aytishicha, bu mamlakatlarda “inson huquqlari sohasidagi o‘zgarishlar yo‘nalishi noto‘g‘ri ketyapti”.

Blinken dunyo bo‘ylab qariyb 200 davlatdagi inson huquqlari bo‘yicha o‘tgan yilgi ahvol yuzasidan tayyorlangan hisobot e’lon qilingan vaqtda gapirgan. Davlat departamenti har yili ana shunday hisobotni tayyorlab, Kongressga taqdim etadi.

“2020 - yilda juda ko‘p odamlar shafqatsiz sharoitlarda azob chekishda davom etgan”, deb yozadi Blinken hisobot muqaddimasida. Uning aytishicha, ayrim davlatlar koronavirus pandemiyasidan “inson huquqlarini cheklash, avtoritar boshqaruvni mustahkamlash” uchun foydalangan.

Hisobotda Rossiya ham tilga olinib, shu yili boshida Rossiyaga qaytgach qamalgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyga qarshi asabni falajlovchi modda qo‘llangani aytiladi. Unda aytilishicha, “ishonchli manbalar”ga ko‘ra, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) ofitserlari bu ishga bosh qo‘shgan.

Hisobotda, shuningdek, nohukumat tashkilotlar va mustaqil OAVning Chechenistonda LGBTga mansub odamlar sudsiz o‘ldirilgani, qiynoqqa solingani, hukumat va unga aloqasi bor guruhlar xorijiy davlatlardagi muxoliflarni o‘ldirishga uringani haqidagi “ishonchli” xabarlar ham tilga olingan.

Hisobot Belarusni “avtoritar davlat” sifatida ta’riflaydi va “inson huquqlari sohasidagi o‘ta muhim muammolar”, jumladan, xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘zboshimcha o‘ldirishlar, tergov izolyatorlaridagi qiynoqlar, o‘zboshimcha qamoqqa olishlar, sudlar erkinligidagi jiddiy muammolar, so‘z erkinligiga qo‘yilgan cheklovlar ro‘yxatini taqdim etgan.

Hisobotda Xitoy ayniqsa qattiq tanqid qilingan. Xitoy hukumatining Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa ozchilik musulmonlarga munosabati “genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat” deb ta’riflangan.

Davlatning Shinjonda bu ozchiliklarga qarshi sodir etgan jinoyatlari, o‘zboshimcha qamoqlar, majburiy bichib qo‘yishlar va homila oldini olish vositalarining qo‘llanishi, majburiy mehnat va erkinlikka qo‘yilgan og‘ir cheklovlar ham hisobotda qayd etilgan.

Bunga qo‘yshimcha, qariyb 1 million uyg‘ur va boshqa ozchilik musulmon guruhlar sudsiz qamoq lagerlariga joylashtirilgani va yana 2 millioni kunduzgi “qayta o‘qitish” kurslariga majburiy jalb qilinganiga ham e’tibor qaratilgan.

XS
SM
MD
LG