Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2021, Тошкент вақти: 08:05

"AQSh demokratiyasiga qilingan hujum": Dunyo Kongressdagi zo‘ravonliklarga munosabat bildirmoqda


Tramp tarafdorlarining Kapitoliydagi zo‘ravon namoyishlari - Vashington, 6 - yanvar, 2021

6 - yanvar kuni Vashingtonda AQShning zamonaviy tarixida misli ko‘rilmagan hodisa sodir bo‘ldi: saylovda mag‘lub bo‘lgan prezident Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliy tashqarisida politsiya chizig‘ini yorib o‘tdi. Bu paytda Kongress yangi saylangan prezident Jo Bayden g‘alabasini rasman tasdiqlayotgan edi. Zo‘ravon olomon Kapitoliyga bostirib kirishi ortidan senator va kongressmenlar evakuatsiya qilindi.

Siyosiy tartibsizliklarni boshdan kechirgan mamlakatlardagi millionlab odam uchun Vashingtonda sodir bo‘lgan voqealar tanish manzara edi: olomon qonun chiqaruvchi hokimiyat binosiga bostirib kirdi va politsiya bilan to‘qnashdi.

Vashington politsiyasi tartibsizliklarda ishtirok etgan to‘rt kishi «tez tibbiy yordam ko‘rsatish» jarayonida o‘lgani va 52 kishi qamoqqa olinganini bildirdi.

Jahon davlatlari liderlari prezident Tramp tarafdorlari AQSh Kongressiga bostirib kirgani va tartibsizlik uyushtirganini qoraladi.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Twitterda «AQSh Kongressida sharmandali manzara. Qo‘shma Shtatlar butun dunyoda demokratiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir hokimiyat tinch va tartibli ravishda o‘tkazib berilishi juda muhim», deb yozdi.

Vashingtonning Rossiyadagi inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi ahvoli borasidagi tanqidlarini mensimay kelayotgan Rossiya diplomatlari esa boshqacha munosabat izhor qildi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova AQSh jurnalistining «Amerika Qo‘shma Shtatlari bundan buyon jahonga demokratiya namunasi ekanini iddao qila olmaydi», degan so‘zlarini iqtibos sifatida keltirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi Rossiya elchisining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy esa Vashingtondagi manzaralarni «Maydon uslubida» deb atadi. Polyanskiy bu bilan 2014 - yilda Ukrainaning Moskvaga do‘stona prezidenti Viktor Yanukovichni hokimiyatdan ag‘dargan xalq qo‘zg‘olonini nazarda tutdi.

Polyanskiyning ushbu tvitini Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qayta ulashdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dimitro Kuleba esa G‘arb rasmiylarining fikrlariga hamohang tarzda Vashingtonda qonun ustuvorligi va demokratik tamoyillar tiklanishi kerakligini ayti.

«Bu nafaqat AQSh uchun, balki Ukraina va butun demokratik dunyo uchun ham muhimdir», deb yozdi siyosatchi Twitterda.

Hatto Sloveniyaning Trampni qo‘llab-quvvatlab kelgan bosh vaziri Yanez Yansha ham Vashingtonda sodir bo‘lgan hodisalarni qoraladi va «Vashingtondagi zo‘ravonliklar hammani qattiq tashvishlantirishi kerak», deya tvit qildi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Tramp tarafdorlarini «demokratik qadriyatlarni oyoqosti qilishni bas qilishga» chorladi.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel esa Vashingtondagi hodisalarni «AQSh demokratiyasiga qilingan hujum» deb atadi.

«Dunyo nazarida bu kecha Amerika demokratiyasi qamal ostida qolgandek ko‘rinyapti», deb yozdi Borrel Twitter platformasida.

«Bu Amerika emas. 3 - noyabrdagi saylov natijalariga to‘liq amal qilinishi kerak», deya qo‘shimcha qildi u.

XS
SM
MD
LG