Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:15

AQSH Eronni Yaqin Sharqdagi eskalatsiyadan tiyilishga chaqirdi


Prezident Jo Bayden ishtirokidagi amerikalik yuqori lavozimli mulozimlar yig‘ilishi (arxiv surati)
Prezident Jo Bayden ishtirokidagi amerikalik yuqori lavozimli mulozimlar yig‘ilishi (arxiv surati)

AQSH o‘zining diplomatik kanallari orqali Eronga “Yaqin Sharq uchun hassos bo‘lgan paytda” mintaqadagi vaziyatni taranglashtirish Tehron manfaatiga mos emasligiga oid xabar yo‘lladi, deya bildirdi AQSH Davlat departamenti 5-avgust kuni.

Davlat kotibi Entoni Blinkonga ko‘ra, Vashington Eron tomonidan Isroil hududiga zarba berishga hozirlik ketayotganiga oid xavotirlar manzarasida taranglikni yumshatishga ko‘maklashish uchun “tun-u kun intensiv diplomatik ishlarni olib bormoqda”.

Tomonlarning barchasi eskalatsiyadan tiyilishlari kerak. Tomonlarning barchasi taranglikni yumshatish uchun qadamlar qo‘yishi lozim. Eskalatsiyadan hech kim manfaatdor emas. U faqat yanada kattaroq ziddiyatga, katta zo‘ravonlik, katta xavf-xatarga olib keladi”, deya iqtibos keltirgan Blinken so‘zlaridan “Amerika ovozi”.

Avvalroq Entoni Blinken Yaqin Sharqdagi taranglik mavzusini Qatar bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurrahmon as-Soniy hamda Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdul Ati bilan muhokama qilgan edi. AQSH Davlat departamenti qaydicha, bu so‘zlashuvlarning vazifalaridan biri mazkur davlatlarning Eronga Vashington pozitsiyasini yetkazishi hamda ziddiyat eskalatsiyasi Eron manfaatiga mos emasligini Tehronga anglatishi bo‘lgan.

AQSH prezidenti Jo Bayden dushanba kuni Oq uyda Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarni muhokama qilish uchun Blinken doxil milliy xavfsizlik bo‘yicha o‘z komandasi bilan uchrashgan. Baydenning aytishicha, Eron tomonidan hujum qilingan taqdirda Isroilga dastak choralari haqida axborot berilgan.

Axios saytining xabar qilishicha, 5-avgustdagi yig‘ilish chog‘ida Baydenga Eronning muhtamal hujumi vaqti va xarakteri hozircha noma’lum bo‘lib qolayotganini ma’lum qilishgan. Xabarlarga ko‘ra, undan bir kun oldin Entoni Blinken G7 dagi ittifoqchilariga Eron va “Hizbulloh” 24-48 soat ichida Isroilga hujum qilishi mumkinligini bildirgan edi.

Beshinchi avgust kuni AQSHning Iroqdagi harbiy bazasi muhtamalan raketalardan o‘qqa tutilgani oqibatida amerikalik bir necha harbiy yaralangan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Iroq g‘arbidagi “Al-Asad” havo bazasiga zarba “Katyusha” yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi vositasida berilgan.

Yaqin Sharqda taranglikning kuchayib ketishiga 31-iyulga o‘tar kechasi Tehronda HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) guruhi siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilgani sabab bo‘lgan. Eron Haniyaning o‘limida Isroilni ayblab, “shiddatli qasos” bilan tahdid qilgan. Isroil rasmiylari Haniyaning o‘limi uchun mas’uliyatni zimmalariga olgan emaslar.

XS
SM
MD
LG