Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2021, Тошкент вақти: 10:41

AQSh harbiylari Markaziy Osiyoga qaytadimi?


Ayrim ommaviy axborot vositalarida keyingi paytda e’lon qilingan hisobotlardan Afg‘onistondan 20 yil deganda harbiylarini olib chiqib ketayotgan AQSh o‘z qo‘shinlarining bir qismini Markaziy Osiyoda joylashtirishga urinib ko‘rishini xulosa qilish mumkin.

15 - aprel kuni "New York Times" AQSh rasmiylari qozoq, o‘zbek va tojik rasmiylari bilan mintaqada harbiy bazalardan foydalanish to‘g‘risida muzokara olib borayotganini xabar qildi.

AQSh Davlat kotibi Antoni Blinken "Twitter"da 22 - aprel kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirlari bilan suhbatlashgani haqida yozdi. Ammo ular AQSh yoki boshqa NATO qo‘shinlari mintaqadagi harbiy bazalardan foydalanishi ehtimolini muhokama qilgani yoki yo‘qligi noma’lum.

Agar Vashington va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida bunday bitim tuzilgan bo‘lsa, bu mintaqa uchun misli ko‘rilmagan holat bo‘lmaydi, chunki 2001 - yildan boshlab 2014 - yilgacha AQSh va boshqa NATO qo‘shinlari hududda harbiy bazalardan foydalangan.

Ammo G‘arb qo‘shinlarining Markaziy Osiyodagi ilk bazalari mashmasha bilan yopildi.

Bunga qaramasdan, AQSh va NATO rasmiylari Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ushbu masalada yana bir bor muzokara olib borishga urinishi uchun asos bo‘la oladigan bir nechta sabab hali ham mavjud.

Boshimizdan o‘tgan

2001 - yil 11 - sentabrda "Al-Qoida" tomonidan AQShga qilingan terror hujumlaridan ko‘p o‘tmay Vashington Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rasmiylari bilan bog‘lanib, Afg‘onistondagi AQSh boshchiligidagi harbiy kampaniyada Markaziy Osiyo rolini muhokama qilgan edi.

Markaziy Osiyo hukumatlari mamnuniyat bilan yordam berishga rozi bo‘lishi uchun bir necha sabab bor edi.

Turkmanistonni hisobga olmaganda, qolgan to‘rt mamlakat fundamentalist Tolibon harakati jangarilari Afg‘onistonning janubi-sharqiy qismidan o‘z hududlari tomon harakatlanayotganini xavotir bilan kuzatayotgan edi.

Tolibon kuchlari 1998 - yil avgust oyida Amudaryoning shundoq narigi tomonidagi Xayraton shahriga yetib bordi. Bir oy o‘tgach, ular Tojikistondagi Panj daryosining narigi tomonida joylashgan Sherxon Bandarga yetib bordilar.

AQShning Afg‘onistondagi harbiy kampaniyasi xalqaro miqyosda ham qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, AQSh 1990‑yillar davomida Markaziy Osiyoga yordam berib kelgan edi.

Masalan, AQSh birinchilardan bo‘lib Markaziy Osiyoning besh davlati mustaqilligini tan oldi (1991 - yil dekabrda) va ular bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi.

Vashington ularning suverenitetini qo‘llab-quvvatlagani yangi hukumatlarni ular faqat Moskvaga qaram emasliklariga ishontirdi.

Shuningdek, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmondan tashqari (2007 - yilgacha familiyasi Rahmonov edi) 1990‑yillarda Markaziy Osiyo prezidentlari Vashingtonga rasmiy tashrif bilan bordi. (Rahmon hali ham AQShga rasmiy tashrif bilan borgani yo‘q).

Bundan tashqari, AQSh 1992–1997 - yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushida Tojikistonga insonparvarlik yordamini ko‘rsatgan eng yirik donor bo‘ldi.

Shu asnoda, Markaziy Osiyoning yangi davlatlari AQSh bilan aloqa o‘rnatish orqali tanilish uchun qulay imkoniyat ko‘rdilar. Shu bilan birga, bu mamlakatlar AQSh va uning G‘arbdagi ittifoqchilari bilan hamkorlik ularni mintaqa uchun jiddiy tahdid o‘laroq ko‘rilgan Afg‘onistondagi islomchi jangarilardan himoya qilishi mumkin, degan xulosaga kelgandi.

2001 - yil 11 - sentabrga qadar bo‘lgan vaziyat

Tolibon mintaqa ostonasida paydo bo‘lganidan keyin Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik muhim masalaga aylangan edi.

Turkmaniston betaraflik siyosatini olib bordi va Afg‘onistondagi turli guruhlar bilan, shu jumladan, toliblar bilan ham ularga hech qanday va’da bermasdan yoki ularning g‘azabini keltirmasdan aloqada bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo Tojikiston va O‘zbekiston etnik qarindoshlari boshchiligidagi tuzilmalarni qo‘lladi: Dushanbe etnik tojik qo‘mondon Ahmad Shoh Mas’udni, Toshkent esa etnik o‘zbek qo‘mondon Abdur Rashid Do‘stumni.

Toliblar hattoki 1997 - yil mart oyida, ya’ni Kobulni qo‘lga olgandan bir yil o‘tib Birlashgan Millatlar Tashkilotiga raqib afg‘on harbiy guruhlari Tojikiston va O‘zbekistondan yordam olayotgani haqida shikoyat qilishdi. Xususan, jangari guruh Tojikiston hukumati Mas’udga Tojikistonning Ko‘lob shahrida o‘z harbiy uchoqlarini joylashtirishga ruxsat berganidan shikoyat qildi.

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari toliblarga qarshi guruhlarni faol qo‘llab-quvvatlagani uchun Tolibon yoki uning izdoshlari ushbu ikki mamlakatga hujum qilishi mumkinligi haqida xavotir tug‘ildi.

Toliblar 1996 - yil sentabr oyida Kobulni qo‘lga kiritganda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida kamdan kam uchraydigan birdamlik mavjud edi.

Umumiy dushman, ya’ni Tolibon va uning islomiy mafkurasi ularni birlashtirdi.

Qarshi Xonobod harbiy bazasi
Qarshi Xonobod harbiy bazasi

2001 - yilning yoziga kelib, Tolibon Afg‘oniston hududining 95 foizi ustidan nazorat o‘rnatdi.

Bu Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlarini AQSh va uning ittifoqchilari o‘z hududlaridan, shu jumladan, harbiy bazalardan toliblar va ularning terrorchi hamkorlariga qarshi kampaniyada foydalanishiga rozi bo‘lishga undadi.

AQSh qurolli kuchlari O‘zbekistonda Xonobod bazasiga, Qirg‘izistonda Bishkek aeroportiga va qisqa muddatga Tojikistonning Ko‘lob shahridagi aerodromga – Mas’ud o‘z harbiy uchoqlarini ko‘chirgan bazaga safarbar qilindi.

NATO ittifoqchilari ham Markaziy Osiyoga harbiy yubordi.

Germaniya O‘zbekistonning Termiz shahri yaqinidagi bazadan, Fransiya qo‘shinlari Tojikiston poytaxti Dushanbe tashqarisidagi aerodromdan foydalandi.

Yangi hamkorlik deyarli darhol o‘z samarasini berdi.

AQShning 2001 - yil noyabr oyida Afg‘onistonning Qunduz viloyatida uyushtirgan amaliyotida O‘zbekiston Islomiy harakati (O‘IH) rahbari Juma Namangoniy o‘ldirildi, buning ortidan harakat parchalanib ketdi va uning qoldiqlari Pokistondagi qabila hududlarga qochib ketdi.

Markaziy Osiyoning janubiy chegaralari xavfsizligi hozircha ta’minlangan edi.

Ammo Afg‘oniston ichidagi mojaro davom etdi va dastlabki tinchlikdan so‘ng toliblar qayta to‘plangani va janglar yaqin orada to‘xtamasligi ayon bo‘ldi.

AQSh va uning ittifoqchilari qo‘shinlarining Markaziy Osiyo bazalarida qolish muddati dolzarb masalaga aylandi. Ayniqsa, boshida Markaziy Osiyo hukumatlarining AQSh boshchiligidagi kampaniyadagi rolini istar-istamas qo‘llab-quvvatlagan Rossiya uchun.

Xitoy ham o‘z g‘arbiy chegarasi yaqiniga oz sonli bo‘lsa-da AQSh va NATO qo‘shinlari yuborilganidan tobora ko‘proq xavotir ola boshlagan edi.

Xayrlashish vaqti kelgandi

2005 - yilning 24 - martda Qirg‘iziston prezidenti Asqar Aqayev xalq qo‘zg‘oloni ortidan hokimiyatdan ag‘darildi.

Sobiq sovet hududida sodir bo‘lgan ushbu «rangli inqilob» (2003 - yilda Gruziyada, 2004 - yilda Ukrainada rangli inqilob sodir bo‘lgan edi) Markaziy Osiyoning avtoritar rahbarlari uchun juda yoqimsiz hodisa bo‘ldi.

Aqaev Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlari singari (Tojikiston prezidenti hokimiyat tepasiga 1992 - yilda kelgan) 1991 - yildan beri Qirg‘izistonni boshqarib kelayotgan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2005 - yilning may oyida Andijon shahrida o‘tayotgan tinch norozilik namoyishiga qurolli guruh aralashdi va namoyish qo‘zg‘olonga aylandi. O‘zbekiston hukumati tartibni tiklash va mamlakatda rangli inqilob sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun keskin kuch ishlatdi.

Qonli voqealar davomida yuzlab odam o‘ldirilganiga ishoniladi.

2005 - yil 13 - may kuni O‘zbekistonda Andijon voqealari bo‘lgan edi
2005 - yil 13 - may kuni O‘zbekistonda Andijon voqealari bo‘lgan edi

AQSh va Yevropadagi hukumatlar namoyishchilarga nisbatan oortiqcha kuch ishlatilganini keskin qoraladi va mustaqil xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qildi.

O‘zbekiston hukumati bunga javoban AQShga o‘z qo‘shinlarini Xonobod bazasidan olib chiqib ketishni buyurdi.

2005 - yil iyul oyi boshida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti chog‘ida Xitoy va Rossiya O‘zbekiston pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi va Afg‘onistondagi "antiterror koalitsiyasi a’zolari" o‘z harbiylarini ShHTga a’zo mamlakatlardagi bazalardan olib chiqish muddatini belgilashi kerakligi to‘g‘risidagi bayonotni tayyorlashga ko‘maklashdi.

AQSh qo‘shinlari 2005 - yil oxirigacha O‘zbekistoni tark etdi, ammo nemis qo‘shinlari Termizda qoldi.

NATOning Dushanbe aeroportidan foydalanishi asta-sekin kamayib bordi, alyansning so‘nggi kuchlari 2014 - yilda mamlakatni tark etdi.

Bishkek aeroportidagi AQSh bazasi turli qirg‘iz siyosatchilari tomonidan muntazam ravishda tanqid qilinayotgan edi va Rossiya ta’siri bilan 2014 - yilda bu baza ham yopildi.

2002 - yildan 2014 -yilgacha Bishkekdagi Manas aviabazasida bo‘lgan AQSh qo‘shinlari ikki inqilobga hamda 2010 - yil iyun oyida sodir bo‘lgan dahshatli millatlararo zo‘ravonlikka guvoh bo‘ldi.

Aqaevning o‘rnini egallagan Qurmanbek Bakiyev 2009 - yilda Moskvaga Rossiya moliyaviy yordami evaziga AQSh bazasini yopishni va’da qilib, va’dasi ustidan chiqmagani uchun Kreml qahriga uchradi.

Bakiyev AQSh baza uchun to‘laydigan ijara narxi bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi, bu esa Moskvani g‘azablantirdi.

Bakiyev 2010 - yilda lavozimidan haydaldi va AQSh qo‘shinlari mamlakatda yana to‘rt yil qoldi. Ammo Qirg‘izistondagi bu tajriba va Moskvaning keskin qarshiligi “New York Times” maqolasida aytib o‘tilgan AQSh rasmiylari nima sababdan Qirg‘izistonni "kuchlar qayta joylashtirilishi" mumkin bo‘lgan joy sifatida tilga olmaganini izohlashi mumkin.

Vaziyat keskinlashdi

So‘nggi o‘n yil ichida xorijiy davlatlar Afg‘onistondagi qo‘shinlari sonini kamaytirdi va xavfsizlik uchun javobgarlikni Kobulga topshirdi, natijada mamlakat bo‘ylab yana to‘qnashuvlar boshlandi.

AQSh boshchiligidagi Afg‘onistondagi kampaniya boshlanganidan keyin Markaziy Osiyo chegaralari janubidagi hududlar 10 yildan oshiqroq vaqt davomida tinch bo‘ldi. Ammo so‘nggi 7 – 8 yil ichida Afg‘onistonning shimoliy qismi bo‘ylab xavfsizlik vaziyati yomonlashdi.

Ayni damda Afg‘oniston shimolida, Turkmaniston va Tojikiston bilan chegaradosh tumanlarning ayrimlari qisman yoki butunlay toliblar nazoratida bo‘lib, u yerda boshqa jangari guruhlar a’zolari ham bor.

Bu holat Afg‘oniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlarini xavotirga solib qo‘ygan.

Afg‘oniston shimolidagi xavfsizlik kuchlari Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshon, Tohar va Qunduz viloyatlarida hamda Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaradosh Balx viloyatida tojikistonlik va o‘zbekistonlik shaxslar qo‘lga olingani yoki o‘ldirilgani haqida muntazam ravishda ma’lum qilib turadi. Shuningdek, ular Turkmaniston bilan chegaradosh Juzjon, Faryob va Badg‘is viloyatlarida kelib chiqishi o‘zbekistonliklarga qarshi kurashmoqda.

Afg‘oniston shimolida rasmiy Kobul "Jundallah" deb ataydigan guruh ham bor.

Bundan tashqari, "Islomiy davlat" terrorchi tashkiloti tarkibiga kiruvchi "Xuroson islomiy davlati" (XID) guruhi ham mavjud.

XID jangchilari soni noma’lum. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya rasmiylari tez-tez o‘z taxminlarini e’lon qilib turishadi.

2019 - yilning 20 - fevral kuni Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Igor Lyakin-Frolov Afg‘oniston shimolida XIDning 3 000 ga yaqin jangarisi borligini aytdi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Tojikiston generali Rajabali Rahmonali hududda umumiy hisobda 16 700 ga yaqin jangari borligi, ularning 6 370 nafarini xorijiy yollanma jangari deb tasniflash mumkinligini aytdi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov 2019 - yil may oyida "Afg‘oniston shimolida, MDH davlatlari chegaralarida" terrorchi guruhlarning 5 000 ga yaqin a’zosi borligini ta’kidladi.

Ayni paytda, 2019 - yil dekabr oyida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Rashid Nurgaliyev Afg‘onistonda XIDning 3 500 dan 10 000 gacha jangarisi borligini aytdi.

AQSh bazalariga hanuz ehtiyoj bormi?

Bugun Afg‘onistonda vaziyat 1990‑yillarning oxiridagidan unchalik farq qilmaydi.

Toliblar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan chegaradosh ayrim hududlarga qaytdi, ammo Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari yana Afg‘oniston shimolidagi terror guruhlariga qo‘shilayotgani ushbu ikki mamlakat hukumatlari uchun boshog‘riq masaladir.

Bu safar Markaziy Osiyo hukumatlari tinchlik bitimi imzolanishiga umid qilgan holda Tolibon bilan muzokara olib bormoqda. Tinchlik o‘rnatish imkonsiz bo‘lgan taqdirda ham, Markaziy Osiyo davlatlari ichki terrorchilar hududda beqarorlik keltirib chiqarish uchun Afg‘onistondan foydalana olmasligini kafolatlash uchun biror kelishuvga erishishga umid qilmoqda.

Agar bazalarning bir qismi Afg‘onistonning shimoliy qismidagi markaziy osiyolik ekstremistik guruhlarni zararsizlantirishga yordam beradigan bo‘lsa, bu AQShga bazalardan vaqtincha foydalanishga ruxsat berish qarori uchun asos bo‘la oladi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon

Ayni damda, Rossiyaning Qirg‘iziston va Tojikistonda bazalari bor. Tojikistonning uzoq sharqiy qismida, tojik, xitoy va afg‘on chegaralari tutashgan tog‘larda Xitoyning ham kichik bazasi mavjud.

Ammo Rossiya va Xitoy Tojikistonning janubiy chegaralarida ko‘rsatayotgan yordam asosan yirik guruhlarga qarshi mudofaani ko‘zlaydi. Moskva, Pekin va boshqalar Tojikistonni yordam puli va qurol-yarog‘ bilan ta’minlab kelayotgan bo‘lsa-da, ayrim kichik guruhlar Afg‘onistondan Tojikistonga o‘tishda davom etmoqda.

Aftidan, yangi AQSh bazalari Afg‘oniston hukumati kuchlarining «Jamoat ansorulloh», «Islomiy jihod ittifoqi», O‘IH qoldiqlari va XID kabi guruhlarga qarshi operatsiyalarini dastaklashni ko‘zlaydi. Bu guruhlarning barchasi Markaziy Osiyo barqarorligiga tahdid solishi mumkin.

Ba’zilar Tojikiston AQShga o‘z hududida baza ochishga ruxsat beradigan bo‘lsa, bir paytda Rossiya, Xitoy va AQSh bazalariga mezbonlik qilgan birinchi mamlakat bo‘lishini aytmoqda.

Ammo bundan oldin Qirg‘iziston bir vaqtning o‘zida AQSh va Rossiya bazalarini qabul qilganida hamda Tojikiston ham Rossiya, ham NATO bazalariga mezbonlik qilganida muammolar yuzaga kelgan edi.

O‘zbekistonda Rossiya harbiy bazasi yo‘q va mamlakat Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan farqli o‘laroq, Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) a’zo emas.

O‘zbekiston xavfsizlik tahdidlaridan ikki tomonlama harbiy kelishuvlar himoya qilishiga umid qilmoqda. Mamlakatga AQSh qo‘shinlarini kiritish Afg‘onistonda o‘rnashib olgan markaziy osiyolik jangarilarni ushlab turish uchun qo‘shimcha vosita bo‘ladi. Bu, shuningdek, Toshkentga KXShTga a’zo bo‘lishni kechiktirishga yordam beradi.

AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarda o‘z harbiy bazalariga ega bo‘lishni xohlaydi. Yaqin Sharq, Eron va Pokistonda baza ochish varianti mavjud emas.

Bu esa harbiy bazalar uchun Markaziy Osiyo ideal variant ekanini anglatadi.

Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar yoki so‘nggi 20 yil ichida Afg‘oniston hukumatiga yordam berib kelayotgan davlatlarning hech biri AQSh va uning ittifoqchilari chiqib ketgandan keyin Afg‘onistonda Iroqda yuzaga kelgan beqarorlik takrorlanishini istamaydi, chunki bunday beqarorlik qo‘shni mamlakatlarga tarqalishi mumkin.

XS
SM
MD
LG