Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:26

AQSh hukumati Rossiyani yirik kiberhujumlarda gumon qilmoqda


AQSh josuslik xizmatlarining ishonishicha, rus hakerlarining maqsadi razvedka ma’lumotlarini to‘plash bo‘lgan
AQSh josuslik xizmatlarining ishonishicha, rus hakerlarining maqsadi razvedka ma’lumotlarini to‘plash bo‘lgan

5 - yanvar kuni AQSh hukumati, dastlabki xulosalarga ko‘ra, mamlakatdagi davlat va xususiy kompaniyalar tarmoqlariga qilingan yirik hakerlik hujumi ortida Rossiya turganini ma’lum qildi.

O‘tgan oy aniqlangan hujum uyushtiruvchilari bir necha oy davomida federal hukumat tarmoqlaridan ma’lumotlarni qo‘lga kiritishni ko‘zlagan.

AQSh Milliy razvedkasi direktori, Federal qidiruv byurosi va boshqa tergov idoralari tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda e’tirof etilishicha, AQSh hukumati hali-hanuz hujumni to‘liq o‘rganib chiqishga va uning oqibatlarini bartaraf etishga urinmoqda.

Hujjatga ko‘ra, bugunga qadar o‘tkazilgan tergov natijalari asosida hujum ortida «kelib chiqishi rossiyalik» hakerlar turganini xulosa qilish mumkin.

«Ularning maqsadi razvedka ma’lumotlarini to‘plash bo‘lgan. Ular o‘z urinishlarini hanuz davom ettiryapti, deb hisoblaymiz», deyiladi bayonotda.

AQShning eng yuqori martabali amaldorlari, jumladan, Davlat kotibi Mayk Pompeo bundan oldin ham murakkab hujum ortida Rossiya josuslik xizmatlari turganini aytgan edi. Moskva bu ayblovlarni rad etib keladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa kiberhujumning ko‘lami va ta’sirini ozaytirib ko‘rsatdi va uning ortida Rossiya turganiga shubha bildirdi. Buning o‘rniga u o‘z qo‘lida ishlayotgan rasmiylar va mutaxassislar bayonotlariga qarshi chiqib, hujum ortida Xitoy turgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Ammo 5 - yanvar kuni e’lon qilingan bayonot Tramp ma’muriyati Rossiyani rasmiy ravishda ayblagan ilk bayonot bo‘ldi.

Bayonotda hakerlarning maqsadi ochiqlandi. Aftidan, ular avval taxmin qilingandek, infratuzilma tarmoqlarini ishdan chiqarishni emas, balki razvedka ma’lumotlarini to‘plashni ko‘zlagan.

Yirik hujum o‘tgan yilning mart oyida boshlangan. O‘shanda hakerlar hukumat va minglab korxona va tashkilotlar foydalanadigan SolarWinds dasturiy ta’minotining yangi versiyasiga zararli kodni kiritishgan. Hujumdan birinchi bo‘lib 2020 - yil dekabrida FireEyE kiberxavfsizlik firmasi xabar topgan. FireEyE bu haqda xabar topishiga shirkatning o‘zi hujumga uchragani sabab bo‘lgan.

Bayonotda qayd etilishicha, SolarWinds shirkatining Orion dasturidan foydalanib kelgan taxminan 18 ming davlat va xususiy sektor mijozlari hakerlik hujumi qurboni bo‘lgan.

Ammo tergovchilar ularning «ancha kichik qismi» keyingi harakatlar qurboni bo‘lganini aytishmoqda.

«Biz hozirgacha ushbu toifaga kiradigan o‘ndan kam AQSh davlat idorasini aniqladik va hozirgi kunda zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashkilotlarni aniqlash va xabardor qilish ustida ish olib bormoqdamiz», deyiladi bayonotda.

«Bu jiddiy hujum bo‘lib, uning oqibatlarini bartaraf etish uchun muntazam va jiddiy kurashish kerak bo‘ladi», deyiladi hujjatda.

Bayonotda AQShning aynan qaysi davlat idoralari xavf ostida ekanligi haqida ma’lumot berilmadi. Shunday bo‘lsa-da, hujumga uchraganlar orasida g‘aznachilik, tijorat, davlat, ichki xavfsizlik va mudofaa vazirliklari borligi aytildi.

XS
SM
MD
LG