Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2021, Тошкент вақти: 05:22

AQSh komissiyasi O‘zbekiston qamoqxonalarida 2000 dan ortiq diniy mahkumni aniqladi


O‘zbekistonda "Hizbut Tahrir" diniy guruhiga a’zolikda ayblangan shaxs qo‘lga olinmoqda, sentabr, 2021, Toshkent viloyati

Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh Komissiyasi 13 - oktabr kuni O‘zbekistonga oid navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

Hisobotda O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy motivlarda aylanib saqlanayotgan 2 mingdan ortiq mahkumni aniqlangani, bulardan 81 nafarining shaxsi tasdiqlangani qayd etilgan.

Hisobot muallifi, AQSh Kongressining Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha ma’ruzachisi Stiv Sverdlovning qayd etishicha, 81 nafar dindorning aksari qiynoq yoki boshqa turdagi tahqirlarga uchragan.

AQShning Diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasining bu galgi hisobotiga “O‘zbekistonning diniy va siyosiy mahbuslari: Repressiya amaliyotini bartaraf qilish” deb nom berilgan.

Unda mamlakatda tinchgina ibodatini qilib yurgani uchun qamoqqa tashlangan dindor mahkumlarning aniq soni uzoq muddatdan buyon jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari, AQSh hukumati, Yevropa Ittifoqi hamda BMT uchun noma’lum qolayotgani ta’kidlanadi.

O‘zbekiston hukumati bunday mahkumlar soni va shaxsiga doir ma’lumotlarni hech qachon oshkor qilmagan.

Hisobot muallifi Stiv Sverdlov keltirgan yangi raqam, O‘zbekistonni sobiq sovet hududida dindor mahkumlari eng ko‘p davlatga aylantiradi:

“Taxminan 2 mingdan ortiq dindor panjara ortida qolmoqda. Bu sobiq sovet davlatlari orasida hozir kuzatilgan eng katta raqam va bu odamlarni ozodlikka chiqarishga erishish huquq himoyachilari uchun katta maqsad bo‘lib qolmoqda".

Hisobot muallifi bu mahkumlarga qo‘yilgan ayblovlarga e’tiborni qaratadi. Bunday mahkumlarning aksari “mamlakatda konstitutsion tuzumni ag‘darish”, "taqiqlangan adabiyotlarni saqlash yoki tarqatish", "taqiqlangan diniy guruhlarga a’zolik" singari jinoyatlarda ayblangan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, eng muhimi, shaxsi aniqlangan 81 nafar dindor mahkumga bunday ayblov qo‘yilishi uchun asos bo‘ladigan biror jiddiy dalil yo‘q.

Stiv Sverdlovga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksida bunday mahkumlar bo‘yniga qo‘yilgan qator moddalar borki, bularning aksari O‘zbekistonning xalqaro huquqiy majburiyatlariga ziddir.

“O‘zbekiston Jinoyat kodeksi amalda Karimov davrida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolmoqda. Shu bois muammo hanuz mavjud”, deb ta’kidlaydi AQSh Komissiyasi hisoboti muallifi.

Bu mahkumlarning aksari qiynoq, tahqir hamda hibsga olish, sudlash jarayonida himoya so‘rovi rad etilganiga oid asosli iddaolarni keltirgan. Bunga qo‘shimcha, aksar dindor mahkumlarning hibsda va qamoqda saqlash muddatlari qonunga zid tarzda uzaytirilgan.

“Xususan, Jinoyat kodeksining dahshatli 221-moddasi hozir qo‘llanilmayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi ko‘plab diniy va siyosiy mahkumlar qamoqxonada qo‘yilgan yangi ayblovlar bilan muddati uzaytirib kelinmoqda”, deyiladi hisobotda.

Marhum prezident Islom Karimov davrida hukumat ozodlikka chiqarishni istamagan mahkumlarning panjara ortida qamoq jazosini uzaytirish uchun Jinoyat kodeksining 221-moddasi muttasil qo‘llanishi aksar xalqaro tashkilotlar, xususan AQSh komissiyasi tomonidan ham ko‘p bor qoralangan.

221-modda. Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik:

  • Ozodlikdan mahrum qilish joyida jazoni o‘tayotgan shaxsning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmasligi yoxud ma’muriyatning o‘z faoliyatini amalga oshirishiga boshqacha yo‘sinda to‘sqinlik qilishi, basharti, mahkumga nisbatan bir yil mobaynida jazoni o‘tash tartibi talablarini buzganligi uchun jazoni ijro etish koloniyasining kartseriga o‘tkazish tariqasidagi jazo qo‘llanilganidan yoki turmaga o‘tkazilganidan keyin sodir etilsa, — uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • O‘sha qilmishlar:
  • a) o‘ta xavfli retsidivist;
  • b) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm etilgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
  • uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hisobot muallifi Stiv Sverdovning aytishicha, mahkumlarning jazo muddatlari noqonuniy uzaytirilishi va umuman, ularga Jinoyat kodeksining 159, 216, 244 - moddalariga asoslanib qo‘yilgan ayblovlarning asossiz ekani, mahkumlarga nisbatan qo‘llanilgan qiynoq yoki tahqirlarni asoslovchi ko‘plab hujjat, mahkumlar va yaqinlarining ko‘rsatmalari, fotosuratlar yig‘ilgan.

Hisobotda 2000-yillar boshida 15, 18, 20, 25 yillik o‘ta uzoq muddatga qamalgan, ayniqsa “Hizbu Tahrir” taqiqlangan diniy guruhiga aloqadorlikda ayblanib, oilasi bilan qamalgan mahkumlar hanuz panjara ortida qolayotgani Shavkat Mirziyoyev hukumati va qator xalqaro tashkilotlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan dolzarb muammo ekani alohida ta’kidlanadi.

“Ko‘rinib turibdiki hukumat, zudlikda ozod qilish sharti bilan, hukumat nazarida “ekstremist” yoki “terrorchi” deb qaralgan guruhlarga aloqadorlik aybi bilan ochilgan jinoyat ishlarining barchasini tekshirib chiqish lozim”, deyiladi hisobotda.

Мустақиллик ва Ислом: "Мирзиёев даврида бутун оилам билан қамашди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:27 0:00


Ayni paytda amerikalik huquqshunos Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan 50 ga yaqin taniqli mahkumlar ozodlikka chiqarilgani, bundan tashqari yana yuzlab dindor mahkumlarning ozod qilinganini olqishlaydi.

Ammo bu mahkumlarni oqlash masalasi ochiq qolayotgani Sverdlov va boshqa huquq faollari, BMT va inson haqlari tashkilotlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston hukumati bilan shu yil boshida kechgan muloqoti chog‘ida ta’kidlangan.

“Ozodlikka chiqqan birorta siyosiy mahkum reabilitatsiya qilinmadi va hozirgacha hukumat bu masalani hatto muhokama qilishga ham harakat qilgani yo‘q. Ya’ni Karimov davrida siyosiy motivlar bilan ayblab qamash fenomeni bor edi va bu - mamlakatning barcha xalqaro majburiyatlariga zid edi”, deydi Sverdlov.

Sverdlovga ko‘ra, Mirziyoyev davrida ham dindorlarning anchagina qismi qamoqqa tashlangan. Hisobotda Umar Badalov (2017 - yilda qo‘lga olingan) va Muhammad Rashidov (2018 - yil) kabi qator mahkumlarning nomi keltiriladi.

Shuningdek, AQSh komissiyasining hisobotida siyosiy ayblar bilan qamalgan sobiq diplomat Qodir Yusupov (2018 - yil), blogerlar Otabek Sattoriy (2020) va Miraziz Bozorov (2021) taqdiriga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakat qamoqxonalarida diniy-siyosiy mahkumlar borligini rad etib keladilar. Hukumatning bu boradagi mavqei Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng ham o‘zgarmadi.

Shu yil yanvarida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jamshid Sultonov O‘zbekistonda diniy e’tiqodi bois jazo o‘tayotganlar borligini yana bir marta rad etgan.

Uning 28 - yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlashicha, "barcha mahbuslar qonun oldida barobar".

«O‘zbekiston qonunchiligida bunaqa toifadagi mahkumlar mavjud emas — ularning barchasi qonun oldida barobar", deb aytgan mulozim.


Ozodlik ushbu hisobot va unda nomi tilga olingan mahkumlarga oid maxsus dasturni hozirlamoqda. Bu dastur bilan tez orada saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG