AQSH prezident Jo Bayden “Milton” dovuliga qarshi ko‘rilayotgan choralarni nazorat qilish uchun Germaniya va Angolaga safarini kechiktirdi. So‘nggi haftalar ichida galdagisi bo‘lgan tabiiy ofat, AQSH OAVlariga ko‘ra, aslida yo‘q bo‘lgan “oltinchi toifa”ga mansub bo‘ladi. Qo‘shma Shtatlarda tabiiy ofatning yuqori va eng xavfli toifasi beshinchi toifa bo‘lib hisoblanadi. Bu haqda “Amerika ovozi”ning rus xizmati xabar qildi.
Baydenning Germaniyada 12-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Ramshtayn” formatidagi sammitga yetakchilik qilishi kutilayotgandi. Mazkur sammit Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berayotgan mamlakatlar oliy darajadagi vakillarining ilk uchrashuvi bo‘ladi.
Bu orada Germaniya hukumati vakili ismi oshkor etilmasligi sharti bilan sammitga hozirlikning borishi haqida gapirib bergan. U Germaniyadagi uchrashuv Rossiyaga Moskva G‘arb tomonidan Ukrainani dastaklash to‘xtatilishiga umid qilolmasligini ko‘rsatish uchun uyushtirilayotganini urg‘ulagan.
Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan keyin Vashington ellikka yaqin mamlakatdan iborat guruh tuzgan bo‘lib, bu mamlakatlarning mudofaa vazirlari Kiyevning qurol-aslaha talabini muhokama qilish uchun Germaniya janubiy-g‘arbidagi Ramshtayn havo bazasida (AQSH aviabazasi - tahr.) muntazam ravishda uchrashib kelishmoqda.
Shanba kungi uchrashuv Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Germaniya kansleri Olaf Shols chiqishlari bilan ochilishi kerak. Uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Polsha prezidenti Anjey Duda ishtirok etadi.
Berlin Ramshtayn sammitiga 20 chog‘li davlat va hukumat rahbari kelishini, Zelenskiy esa u yerda o‘zining “g‘alaba rejasi”ni taqdim etishini kutmoqda.
Ayni paytda Kiyev noyabr oyida o‘tkazishni rejalagan ikkinchi tinchlik sammiti o‘tkazilmasligi ma’lum bo‘ldi. Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Darya Zarivnaya 8-oktyabr kuni joriy oyda Zelenskiy taklif qilayotgan tinchlik formulasi bo‘yicha bir necha konferensiya bo‘lib o‘tishini qayd etgan. Zarivnayaga ko‘ra, sammit o‘tkazish masalasi konferensiyalar tugaganidan keyin hal etiladi.