Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 13:36

AQSH Maduroga afv evaziga hokimiyatni topshirishni taklif qildi


Nikolas Maduro
Nikolas Maduro

Qo‘shma Shtatlar yaqinda uchinchi bor Venesuela prezidenti deb e’lon qilingan Nikolas Maduroga narkotik kontrabandasiga oid ish bo‘yicha afv evaziga lavozimdan ketishni taklif qilmoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri muzokaralardan xabardor uch manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Maduroning galdagi inauguratsiyasi 2025-yil yanvarida bo‘lib o‘tishi kerak. AQSH Maduro bu paytgacha prezidentlik lavozimini tark etishga ishontirish uchun “barcha narsani o‘rtaga tashlagan”, degan WSJ suhbatdoshi. Amerikalik rasmiylar Maduro va Venesuelaning boshqa yuqori lavozimli mulozimlarini ekstraditsiya maqsadida ta’qib qilmaslik kafolatini berishga tayyor. Qo‘shma Shtatlar 2020-yili Maduroni “AQSHni kokainga to‘ldirib tashlash”ga uringanlikda ayblab, bu haqda guvohlik berganlik uchun 15 million dollar miqdorida mukofot va’da qilgan.

Iyul oyida Venesuelada bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijasiga ko‘ra AQSH mazkur saylovda muxolifat vakili Edmundo Gonsalesni g‘olib o‘laroq tan olgan. Avvalroq Gonsales va saylovga qo‘yilmagan demokratik kuchlar lideri Mariya Korina Machado timsolidagi muxolifat 80 foizdan ko‘proq uchastkadan olingan protokollarni e’lon qilgan edi. Ularda Gonsales sezilarli farq bilan saylovda g‘olib chiqqanini ko‘rish mumkin. Maduroni saylov g‘olibi deb e’lon qilgan Milliy saylov kengashi protokollarni yoyinlagan emas.

MSK tomonidan e’lon qilingan natijalar ortidan Venesuelada norozilik namoyishlari boshlangan, mazkur aksiyalar chog‘ida 2400 chog‘li kishi hibsga olingan, 20 dan ziyod odam halok bo‘lgan. Maduro norozilik aksiyalari ishtiroklari uchun ikki qamoqxona qurish, ko‘pchilikni esa og‘ir mehnatga yo‘llashni va’da qilgan.

Biroq, WSJ ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bilan Maduro o‘rtasidagi maxfiy muzokaralar saylovdan oldin bo‘lib o‘tgan. Qayd etilishicha, Venesuela muxolifati ovoz berish natijalari soxtalashtirilishidan amin bo‘lgan.

“O‘sha paytda Maduro prezidentlikdan ketishi kerak bo‘lgan shartlarni muhokama qilishdan bosh tortgan – uning bu pozitsiyasi hozir ham o‘zgargani yo‘q”, degan Maduroga yaqin bo‘lgan WSJ suhbatdoshi.

Gazeta kelishuv tuzish uchun uncha ko‘p vaqt qolmaganini qayd etgan. Agar noyabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tajak prezident saylovida Donald Tramp g‘alaba qozonsa, muzokaralar to‘xtatilishi mumkin. Tramp Maduroga nisbatan AQSHning amaldagi prezidenti Jo Baydendan ko‘ra keskinroq pozitsiyani egallab keladi.

XS
SM
MD
LG