AQSHning Florida shtatida “Milton” to‘foni tufayli, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda CBS News Florida huquq-tartibotni muhofaza qilish departamentidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Qayd etilishicha, shtatga yopirilgan “Milton” to‘foni daraxtlar va simyog‘ochlar qulashi, ko‘chalarning suv bosishi, binolarga shikast yetishiga sabab bo‘lgan.
Ayni paytda Floridadagi 2,7 milliondan ziyod uy elektrsiz qolmoqda. Ularning ayrimlari sentyabr oyi oxirida shtatga yopirilgan “Helen” to‘fonidan beri elektrdan uzilganicha qolmoqda.
Tahlilchilarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, “Milton”dan ko‘rilgan zarar 100 milliard dollarga yetishi mumkin – o‘tgan yil sentyabrida AQSH sodir bo‘lgan barcha tabiiy ofatlar yetkazgan zarardan qariyb ikki baravar ko‘pdir. Oq uy to‘fondan jabr ko‘rgan shtatga federal yordam va’da qilgan.
To‘fon oldidan Floridada kamida 19 ta tornado hodisasi kuzatilgan. Shtatning g‘arbiy sohilida “Milton” haydab kelgan suv balandligi uch metrga yetgan.
Florida gubernatori Ron Desantis shtat eng yomon ssenariydan (to‘fonning sohil bo‘yidagi aholi zich yashovchi shaharlarga bevosita xurujidan) qutulib qolgani, biroq undan ko‘rilgan zarar baribir sezilarli ekanini aytgan.
“Milton” va “Helen” singari to‘fonlar iqlim o‘zgarishi tufayli shiddatliroq bo‘lib bormoqda: ular yildan yilga ilib borayotgan okean suvlari bilan to‘yinib boryapti, haroratning iliqligi esa ularga namni ko‘proq ushlab turish imkonini bermoqda.