Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 22:01

AQSh prezidentlik saylovi: Ovozlar sanalarkan, dunyo jim kuzatmoqda


AQShda ovozlarni sanash jarayoni o‘z yakuniga yaqinlashar ekan, prezidentlik poygasini butun dunyo ehtiyotkorlik bilan va aksar holatlarda jim kuzatmoqda.

3 - noyabr kuni amerikaliklar AQShning 46-prezidentini saylash uchun saylov uchastkalariga borib ovoz berdilar. Bunga qadar aksar saylovchilar pochta, faks yoki Internet orqali muddatidan oldin ovoz bergan edilar.

Saylovning ertasi amaldagi prezident Donald Tramp berilgan ovozlar hanuz sanalayotgan bo‘lishiga qaramasdan, g‘olib chiqqanini iddao qildi va «saylov qog‘ozlarini sanash jarayoni to‘xtatilishini istashini» ta’kidladi.

Demokratik partiyadan nomzod va sobiq vitse-prezident Jo Bayden Tramp iddaosini rad etib, «har bir ovoz, har bir byulleten sanalmagunicha» saylov o‘z yakuniga yetmasligini aytdi.

Boshqa mamlakatlar esa prezidentlik poygasini nisbatan tinch kuzatmoqda.

Prezident Tramp nafaqat o‘zini g‘olib deb e’lon qildi, balki ovozlarni soxtalashtirishga urinish bo‘layotganini iddao qilib, ovozlarni hisoblashni to‘xtatish talabi bilan Oliy sudga murojaat qilishi mumkinligini ham aytdi.

Trampning bu tahdidi ortidan rossiyalik politolog va deputat Vyacheslav Nikonov Facebookda «qaysi biri qonuniy kurashlarda g‘alaba qozonsa ham, amerikaliklarning yarmi uni qonuniy prezident deb tan olmaydi. Ko‘p miqdorda popkorn olmasak bo‘lmaydi», deb yozdi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab esa, AQSh saylov jarayoniga ishonch bildirdi.

«Natija qanday bo‘lishini kutaylik. Katta noaniqlik mavjud, bu shubhasiz. Poyga ko‘pchilik kutganidan ancha yaqin kechyapti», deb aytdi vazir Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

AQShning dushmani Eronda esa, prezident Hasan Ruhoniy saylov natijasi ahamiyatsiz ekanligini aytdi. Tehronda qilgan chiqishida u «Tehron uchun kim yutishi emas, navbatdagi [prezident] ma’muriyati siyosati muhim», - dedi.

Xitoyda mamlakat kommunistik partiyasiga aloqador Global Times gazetasi muharriri AQSh saylov jarayonining ahvoli mamlakat inqirozga yuz tutganidan darak berishi haqida yozdi.

Ho Shijin «bunday tartibsizlik odatda qashshoq mamlakatlardagi saylovlar ortidan yuzaga keladi, ammo odamlar bu holat AQShda sodir bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. AQSh degradatsiyaga uchragan», deb yozdi.

Trampning saylov natijalari soxtalashtirilayotgani va allaqachon g‘alaba qozongani haqidagi iddaolarini ayrim mamlakatlar yetakchilari qo‘lladi.

Birinchi xonim Melaniya Trampning vatani bo‘lmish Sloveniya bosh vaziri Yanez Yansha Twitterda «Amerikaliklar @realDonaldTrump va @Mike_Penceni #yana to‘rt yilga saylagani aniq», deb yozdi.

Germaniya mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer esa, Tramp iddaosini tanqid qilib, AQShda vaziyat xavfli ekanligi va mamlakatda «konstitutsion bo‘hron» yuzaga kelishi mumkinligini aytdi.

«Saylov natijasi chiqqani yo‘q. Ovozlar hanuz sanalmoqda», - dedi vazir.

Human Rights Watch tashkiloti ham davlatlar yetakchilarini saylov natijasi haqida fikr bildirayotganda "tillarini tiyish"ga chorladi.

Saylov natijasi bo‘yicha yuzaga kelgan noaniqlik moliyaviy bozorlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Global birjalar bir ko‘tarilib, bir pastladi, neft narxlari tushdi.

Ammo ayrim davlatlar butunlay sukut saqlamoqda. Ular orasida 2016 - yilgi AQSh prezidentlik sayloviga aralashishda ayblanib kelinayotgan Rossiya ham bor.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh saylovi «kim Rossiyani ko‘proq yomon ko‘rishi» masalasida bellashuvga o‘xshayotganini ta’kidlagan edi. Ammo saylov ortidan Kreml sukut saqlamoqda.

Ukraina hukumati ham jim. Tramp kampaniyasi Bayden va uning o‘g‘li Ukrainada poraxo‘rlikka qo‘l urganini iddao qilib keladi.

XS
SM
MD
LG