Линклар

Шошилинч хабар
29 май 2022, Тошкент вақти: 03:17

AQSh Rossiya-Ukraina inqirozida "voqealarning har qanday rivojiga tayyor"


Oq uyning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Vashington Moskvaga qat’iy javob berishga tayyor.

16 - yanvar kuni Oq uyning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Moskva bilan bir hafta davom etgan muzokaralardan so‘ng ham xavotirlar tarqalmaganini aytib, AQSh yaqin kunlarda Rossiya-Ukraina chegarasidagi vaziyat bo‘yicha kelgusi qadamlarini belgilab olishini ma’lum qildi.

Sallivan «CBS» telekanaliga bergan intervyusida Vashington «har qanday holatga tayyor»ligini aytdi.

«Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz, jumladan, Ukraina bilan ham yaqin aloqadamiz», dedi Jo Baydenning bosh maslahatchisi Jeyk Sallivan. «Keyingi qadamlarni muvofiqlashtirish uchun yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Kelgusi hafta boshida kelgusi diplomatik qadamlar borasida atroflicha muhokamalar bo‘ladi».

«Ammo bu yerda asosiy jihat shundaki, biz har handay vaziyatga tayyormiz. Agar Rossiya diplomatiya yo‘lidan olg‘a borishni istasa, biz ham ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda bunga mutlaqo tayyormiz».

Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukraina bilan chegara bo‘ylab 100 mingga yaqin harbiy joylashtirganini ta’kidlab, Moskvani ehtimoliy hujum uchun «bahona» yaratishga urinayotganlikda ayblab kelmoqda.

«Agar Rossiya bosqinchilik va keskinlikni oshirish yo‘lini tanlasa, biz bunga ham qat’iy javob berishga tayyormiz», dedi Sallivan.

Qo‘shma Shtatlar va uning NATOdagi sheriklari shu hafta Rossiya bilan Ukraina va Yevropada xavfsizlik bo‘yicha yuzaga kelgan keskinlik borasida muzokaralar o‘tkazdi. Biroq, Jeneva, Bryussel va Venada bo‘lib o‘tgan muzokaralarning uchala raundi ham aytarli ijobiy natija bermadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov 13 - yanvar kuni Moskva G‘arb bilan xavfsizlik masalasida yangi muzokaralarni o‘tkazish uchun hech qanday sabab ko‘rmayotganini aytdi.

16 - yanvar kuni Kreml bir hafta davom etgan qizg‘in muzokaralarga qaramay, G‘arb va Rossiya «butunlay boshqa yo‘lda» ekani haqida ogohlantirdi.

«O‘rtamizda qandaydir anglashuv bor. Ammo umuman olganda, biz hozir butunlay boshqa-boshqa yo‘ldan ketyapmiz desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu yaxshi emas. Bu tashvish uyg‘otadigan holat», dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «CNN»ga bergan intervyusida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropada xavfsizlik kafolatlari, jumladan, NATO Ukraina va Gruziya kabi yangi a’zolarni qabul qilmasligi hamda Sharqiy Yevropadagi NATO a’zolariga ittifoqchilarni joylashtirishni cheklash bo‘yicha qator talablar qo‘ydi.

G‘arb rasmiylarining aytishicha, Rossiyaning jangovar ritorikasi va Ukraina yaqinida qo‘shin to‘plashidan maqsadi AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilariga bosim o‘tkazish, Kremlning xohish-istaklariga yon berishiga erishishdir.

Moskva o‘z harbiylarini chegara yaqiniga joylashtirganini NATOning Rossiya ta’sir doirasida kuchayib borayotgan ishtirokiga javob deb izohlash bilan birga Ukrainaga bostirib kirish rejasini rad etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG