Jo Bayden ma’muriyati o‘z vakolatlari tugaydigan yanvar oyi yarmigacha Rossiya harbiy mashinasiga putur yetkazish uchun bu mamlakatga qarshi yanada ko‘proq sanksiyalar joriy qilishni rejalayatpi. Bu haqda AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bildirdi.
“AQSH Rossiyaning moliya sektoriga qarshi jiddiy sanksiyalar joriy qildi, ular ortidan yanada ko‘proq sanksiyalar kiritiladi”, deya qayd etgan Sallivan bunga oid tafsilotlarni ochiqlagan emas.
Bundan tashqari, AQSH Ukrainaga 725 million dollar miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam ajratadi, bu yordam dronlarga qarshi kurash tizimlari va HIMARS reaktiv artilleriya tizimi uchun snaryadlarni o‘zi ichiga oladi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bayonotida aytilgan.
Yangi paket doirasida Kiyev “Stinger” raketalari, dronlarga qarshi kurash tizimlari uchun o‘q-dori, 155 mm va 105 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, dronlar, piyodalarga qarshi minalar, tankka qarshi tizimlar, TOW boshqariluvchi raketalari, o‘qotar qurollar hamda o‘ta muhim infratuzilma obyektlarini himoyalash uchun jihozlarga ega bo‘ladi.
Prezident Jo Bayden Kongress tomonidan Ukrainaga harbiy yordam o‘laroq ajratilgan barcha mablag‘larni o‘z vakolatlari tugaydigan 20-yanvargacha sarflab bitirishni va’da qilgan. Bugungi kunda bu summa 7 milliard dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.
Donald Tramp prezident etib saylanganidan keyin Bayden komandasi Ukrainaga harbiy yordam yo‘llashni tezlashtirgan, Kiyevga Rossiya hududidagi hadaflarga uzoq manzilli ATACMS raketalari bilan zarba berishga ruxsat bergan, Ukrainaga piyodalarga qarshi minalar berilishiga erishgan, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgan.