AQSh Rossiyani Ukrainada «bemulohaza» ish tutish «oqibatlari» haqida ogohlantirdi
Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya qo‘shinlari soni oshib borayotgani haqida xavotir kuchayar ekan, Vashington Moskva Ukrainaga nisbatan bemulohaza ish tutsa yoki tajovuzkorlik qilsa, buning «oqibatlari» yomon bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 11 - aprel kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida «Prezident Baydenning pozitsiyasi juda aniq», - deya ta’kidladi.
«Agar Rossiya bemulohaza ish tutsa yoki tajovuzkorlik qilsa, bu qimmatga tushadi, oqibatlari ham bo‘ladi», - deya so‘zini davom ettirdi Blinken.
So‘nggi haftalarda Ukraina hukumati qo‘shinlari va mamlakat sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida janglar avj oldi. Rossiya Ukraina chegarasi yoki uning yaqiniga hamda Ukrainadan anneksiya qilib olgan Qrimga o‘z qo‘shinlarini joylashtirayotgani aytilmoqda.
Kreml o‘z qo‘shinlari hech kimga tahdid solmasligi va Rossiya ichidagi harbiy harakatlar suveren, ichki masala ekanini aytib, G‘arbning o‘z qo‘shinlarini ortga qaytarish chaqiruvlarini rad etmoqda.
11 - aprel kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «hech kim urush boshlashni rejalashtirayotgani yo‘q», deb ta’kidladi. Ammo u Moskva Ukraina sharqida yashovchi va rus tilida so‘zlashuvchilar taqdiriga «befarq qaramasligini» ham qo‘shimcha qildi.
11 - aprel kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab London va Vashington «Rossiyaning Ukrainadagi beqarorlik keltirib chiqarish kampaniyasiga qat’iy qarshi ekanini» aytib, Rossiyani vaziyatni deeskalatsiya qilishga chaqirgandi.
«Rossiya zudlik bilan vaziyatni deeskalatsiya qilishi va @OSCEda (YeXHT – tahr.) imzolagan xalqaro majburiyatlarini bajarishi kerakligi haqida ayni fikrdamiz», - deb yozdi Raab Twitter platformasida.
Raab bildiruvidan bir kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashib, Ukraina sharqidagi vaziyatni muhokama qildi.
Istanbulda Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Erdo‘g‘on Ukraina sharqida sodir bo‘layotgan voqealarni «xavotirli» deb atadi va mojaro «tinch yo‘lda va diplomatik vositalar bilan, Ukrainaning yaxlitligi va xalqaro huquq asosida hal qilinishiga» umid bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki rahbar harbiy hamkorlik masalasini ham muhokama qilgan.
9 - aprel kuni Blinken Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari bilan Rossiyaning bosib olingan Qrim yarim orolida va Ukrainaning sharqiy chegaralari yaqinidagi harbiy harakatlarini to‘xtatish zarurligi to‘g‘risida suhbatlashgan.
Rossiya Qrimni 2014 - yil mart oyida anneksiya qilib oldi va kamida 100 ta davlat tomonidan noqonuniy deb e’lon qilingan referendumni o‘tkazdi.
Shundan buyon Rossiya Donbass mintaqasida jang qilayotgan qurollangan bo‘lginchilarga diplomatik va harbiy yordam ko‘rsatib keladi.
2014 - yil aprel oyidan beri mojaro 13 mingdan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi, 1 milliondan ortiq odam o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.