Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2020, Тошкент вақти: 04:18

AQSh saylovi: Jo Bayden g‘olib deb e’lon qilindi (VIDEO)


Qo‘shma Shtatlarning sobiq vitse-prezidenti va senator Jo Bayden keskin kurashlar ostida kechgan saylovda o‘z raqibi – amaldagi prezident Donald Tramp ustidan g‘alaba qozondi.

Bu Baydenning qariyb 50 yillik siyosiy faoliyatida prezidentlik kursisi uchun uchinchi bellashuvi edi.

Biroq u 2021 - yil yanvarida davlat rahbari o‘laroq Oq uyga qadam qo‘ygan payt bo‘linib - parchalanib ketgan AQSh jamiyati bilan yuzma-yuz kelishi mumkin.

Bayden kim?

Prezident Tramp ustidan qozonilgan g‘alaba Bayden uchun 30 yillik orzuning ushalishidir.

Demokratik partiya nomzodi prezident Trampning koronavirusga qarshi kurashidan norozilik va uning jamoatchilik oldidagi urishqoqligidan charchoq hissidan ustalik bilan foydalandi.

20 - noyabr kuni Bayden 78 yoshga to‘ladi, bu bilan u saylangan paytida AQShda eng keksa yoshda bo‘lgan prezidentga aylanadi.

АҚШнинг 46 президенти Жо Байден ҳаëтига назар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:02 0:00

Bayden amerikaliklarni birlashtirish, koronavirus yoyilishini sekinlatish, NATOdagi ittifoqchilar bilan aloqalarni tiklash va Amerikaga oldingi nufuzini qaytarishni va’da qilgan. 2020 - yil boshida u Trampning deyarli har bir qadami amalda Amerikaning "nufuzi va ta’sir kuchi"ga putur yetkazganini aytgan edi.

- Men mamlakatimizni bilaman. Men xalqimizni bilaman. Men hammamiz birlashib, yaralarimizni tuzata olishimizni bilaman, degan edi Bayden 27 - oktabr kuni Jorjiya shtatida o‘tkazilgan saylovoldi namoyishida.

Baydenni oldinda hali yechish qiyin bo‘lgan masalalar kutib turibdi.

20 - yanvarda Oq uyga rahbar bo‘lganidan keyin Bayden muhojirlik va irqchilik masalasida Amerika jamiyatidagi chuqur bo‘linishlar bilan bir qatorda qariyb 10 million odamga yuqqan va 230 mingdan ziyod insonning o‘limiga sabab bo‘lgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishi kerak bo‘ladi.

Pandemiya nafaqat iqtisodiyot, balki kundalik hayotga ham katta ta’sir ko‘rsatdi: ishsizlik darajasining oshib borayotgani aholi orasida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni susaytirmoqda.

Bundan tashqari, Bayden Yevropadagi ittifoqchilar bilan aloqani tiklashi, Rossiya tomonidan bo‘ladigan bosim hamda Xitoyning dunyodagi tartibni o‘zgartirish urinishiga ham qarshi turishiga to‘g‘ri keladi.

Saylangan prezident 330 million amerikalikka ham, xorijiy mamlakatlar liderlariga ham yaxshi tanish. Bayden qariyb yarim asr Vashingtonda davlat xizmatida ishlagan: buning 35 yili Senatda va 2009 - yildan 2017 - yilgacha 8 yil davomida Barak Obama davrida vitse-prezidentlik lavozimida kechgan.

Jo Bayden ko‘p yillar davomida Senatning xalqaro aloqalar qo‘mitasi a’zosi va uch marta uning raisi bo‘lgan. U tez-tez xorijiy davlatlarga safar qilgan, savdo-sotiq va yadroviy qurollarga oid muzokaralarda qatnashgan.

Bayden 1979 - yilda qurollanish ustidan nazorat o‘rnatishni muhokama qilish uchun SSSR Oliy Kengashi raisi Leonid Brejnev bilan uchrashgan edi. 1990-yillarda u Sovet Ittifoqi parchalanib, Sharqiy Yevropada kommunistik rejimlar qulashi ortidan NATOning kengayishini dastaklagan.

Xalqaro siyosatda tajribasi katta bo‘lgani uchun Obama Baydenni ikki marta vitse-prezident o‘laroq tanladi. 2008 - yilgi prezident saylovida Illinoys shtatidan bo‘lgan yosh senator Barak Obamaga Vyetnamdagi urushda qatnashgan va Senatning qurolli kuchlar qo‘mitasida ishlagan 71 yoshli respublikachi Jon Makkeynga qarshi kurashda Baydenning siyosiy tajribasi juda qo‘l kelgan edi.

Uchinchi urinish

Bayden va Tramp saylovoldi debatlarida bir-birlarini ko‘p tanqid qilishdi. Ammo Trampdan farqli o‘laroq, Bayden o‘zini yumshoq va xushmuomala tutdi.

Va bu bilan amaldagi prezident Trampning shaxsiy xurujlari va keskin ohangdagi tvitlaridan charchagan saylovchilarning simpatiyasini qozongan bo‘lsa, ajab emas.

Tahlilchilar fikricha, Baydenning uzoq yillardan beri siyosatda qolishiga sabab odamlar uni tinglashga tayyorligidadir: unda o‘zining mashaqqatli hayoti haqida aytib berish mumkin bo‘lgan hikoyalar ko‘p va bu ko‘pchilik saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Jozef Robinett Bayden 1942 - yili Pensilvaniya shtatidagi Skrantonda avval boy bo‘lgan, keyinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelib, o‘rtaholga aylangan katolik oilada tug‘ilgan.

Bayden oiladagi 4 farzand orasida to‘ng‘ichi edi. U Delaver shtatidagi Uilmington shahrida ulg‘aydi. Bu yerda Baydenning otasi minilgan avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanardi.

Bayden katolik maktabida o‘qib yurganida Amerika futboli va beysbol o‘ynagan. Maktabda baholari yomonroq bo‘lishiga qaramasdan, oxirgi ikki yilda sinf yetakchisi bo‘lgan. Keyinchalik u Delaver universitetida o‘qidi va Nyu York shtatidagi Sirakuza universitetini ham tamomladi.

Bayden 1966 - yilda Sirakuza universiteti talabasi Neliya Xanterga uylandi va ular Bayden advokatlik imtihonini topshirgan Delaverga ko‘chib o‘tishdi. Juftlik uch nafar farzand ko‘rishgan.

Neliya 1972 - yili 29 yoshli Bayden ilk bor Senatga saylanganidan bir necha hafta o‘tgach, avtohalokatda vafot etadi. Neliya bilan birga ularning bir yashar qizalog‘i Naomi ham nobud bo‘lgan, o‘g‘illari Xanter va Bo esa tan jarohati olishgandi.

Bo 2015 - yili 45 ëshida miya saratonidan vafot etdi. Hozir 50 yoshda bo‘lgan Xanter uzoq yillar ichkilikbozlik va giyohvandlikdan qutilish uchun kurashgan. 2014-2019 -yillar davomida u Ukraina energetika shirkati direktorlar kengashida ancha daromadli lavozimni egallagandi. Shu vajdan Tramp tarafdorlari prezidentlik poygasi chog‘ida Baydenga qarshi korrupsiya da’volarini ilgari surishdi.

Jo Baydenning aytishicha, avtohalokatdan so‘ng bolalari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish maqsadida Senatdan ketmoqchi bo‘lgan, ammo hamkasblari uni bu fikrdan qaytarishgan. U ishi va oila o‘rtasida muvozanat saqlash uchun Delaverdan Vashingtonga poyezdda kelishga har kuni bir yarim soat vaqt sarflar va shu sababdan, "temiryo‘lchi Jo" laqabini olgan edi.

Senatdagi 35 yillik faoliyati davomida Bayden biron marta ham yutqazgan emas, biroq uning siyosiy karyerasi bir tekis kechgan, deb bo‘lmaydi.

1988 va 2008 - yillarda u demokratlar partiyasidan prezidentlik nomzod bo‘lishga uringan, ammo ikkala safar ham partiyadosh raqiblariga yutqazgan edi.

2020 - yilgi prezidentlikka nomzod ko‘rsatishda ham dastavval shunday bo‘lishi kutilgandek edi.

Prezidentlikka nomzod bo‘lish yo‘li

Bayden prezidentlik bellashuvida ishtirok etish rejasini 2019 - yil aprelida e’lon qildi. U bir necha oy mobaynida qaror bera olmagan, o‘zidan ësh, liberalroq yoki so‘lchiroq, siyosatda Jo Baydendan tajribasizroq bo‘lgan yigirma chog‘li nomzod musobaqadan tushib qolganidan keyingina bunga ahd qilgan edi.

Bayden o‘zini Trampning uch yillik hukmronligi chog‘ida "jang maydoni"ga aylanib qolgan mamlakatda "barqarorlik ramzi" sifatida taqdim qildi. U Trampning irqchilik va immigratsiya masalalarida jamiyatni ikkiga bo‘lib tashlagani va AQShning asosiy qadriyatlari, dunyodagi mavqei, demokratik tizimini tahdid ostiga qo‘yganini uqtirdi.

"Biz xalqimizning yuragini zabt etish uchun jang olib boryapmiz", degandi Bayden o‘z nomzodini ilgari surarkan. Unga ko‘ra, agar Trampning hokimiyat tepasida qolishiga yana to‘rt yil yo‘l qo‘yib berilsa, u amerikaliklarning tabiatini butkul o‘zgartirib, ularni o‘zligidan ayiradi. "Men bir chekkada bunga tomoshabin bo‘lib tura olmayman", degan edi Bayden.

Biroq omma so‘rovlariga ko‘ra, Bayden demokratik partiyaning boshqa ehtimoliy nomzodlari orasida unchalik ajralib ham turmagan. Bu safar nomzodlar juda farqli edi: ular orasida kelib chiqishi afrikalik va hindistonlik ayollar ham, ochiq gey ham, sotsialist ham bor edi. Shu vajdan Baydenning nomzodlik uchun 2020 -yil boshidanoq jiddiy kurash olib borishiga to‘g‘ri kelgan.

Bayden poyganing fevral oyida bo‘lib o‘tgan ilk bosqichlarida o‘zini yaxshi ko‘rsata olmadi. O‘sha paytda yosh demokratlar 70ni qoralagan Berni Sanders va Elizabet Uorren kabi liberalroq yoki yoshroq va mo‘’tadilroq nomzodlarni tanlashgan. Bayden fevral oyi oxirlariga kelibgina Janubiy Karolinada, asosan qora tanli amerikaliklar dastagi tufayli ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Tez orada mo‘’tadil nomzodlar demokratik partiyadan nomzod uchun o‘z imkoniyatlarini yetarli darajada yuksak deb hisoblamagani yoki Sanders nomzod bo‘ladigan bo‘lsa, noyabrda bo‘ladigan saylovda Trampga yutqazib qo‘yishidan xavfsirab, prezidentlik poygasidan chekina boshlashdi. Mo‘’tadil nomzodlarning chekinishi Baydenning yo‘lini ochdi: u tez orada Sandersdan o‘zib, iyun oyida prezidentlik uchun Demokratik partiyadan rasman nomzod sifatida ilgari surildi.

Baydenning praymerizda qozongan g‘alabasini "ko‘pchilikka Jo amaki yoqishi bilan izohlash mumkin", deb yozgandi mart oyida "Vashington post" kolumnisti Maks But.

COVID-19 va prezidentlik kampaniyasi

2020 - yilgi prezidentlik kampaniyasini koronavirus pandemiyasi ostin-ustun qilib tashladi: zamonaviy siyosiy poygalarning asosiy unsuri bo‘lgan tarafdorlar va ikkilanayotgan saylovchilar ishtirokidagi keng ko‘lamli siyosiy namoyishlarni o‘tkazish salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirgani bois imkonsiz edi.

Respublikachilar o‘z tadbirlarining bir qisminigina onlayn rejimiga o‘tkazgan avgust oyida Demokratik partiya to‘laligicha virtual qurultoy uyushtirdi.

Bayden yoshi tufayli risk guruhiga kirgani uchun deyarli butun kampaniya davomida uyidan ishladi, intervyularni onlayn berdi.

Ko‘plab tarafdorlar ishtirokida o‘tadigan shovqin-suronli mitinglarga o‘rgangan Tramp tibbiyotchilarning tavsiyalarini ko‘pincha mensimadi va mamlakat bo‘ylab yirik tadbirlar uyushtirishda davom etdi.

Tramp Baydenning niqob taqishi va kampaniyani uyidan yuritaëtgani uchun uni "Jo Hayden" (Jo - bekinmachoqchi) deb atab, muntazam ravishda ustidan kulib keldi.

Ammo Baydenning shovqinsiz kampaniyasi unga o‘zining kuchsiz tomoni bo‘lgan omma oldidagi chiqishlarga chap berishda qo‘l kelgan. Bayden nafaqat o‘zining yoqimli tabassumi, balki o‘z chiqishlarida sonlar va yillarni adashtirishi, ismlarni boshqacha aytib yuborishi bilan ham tanilgan.

Shularga qaramay, sentabr va oktabr oylarida Tramp bilan o‘tkazilgan debatlarda Bayden qariyb adashgani yo‘q – u 200 mingdan ortiq amerikalikning yostig‘ini quritgan koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda amaldagi prezidentning muvaffaqiyatsizliklarini keskin tanqid qildi.

"Bu qadar o‘lim uchun mas’ul bo‘lgan odam Amerika Qo‘shma Shtatlarining prezidenti bo‘lib qolmasligi lozim", degandi Bayden 22 - oktabr kungi debatda.

Bayden prezidentligi qanday bo‘ladi?

AQSh prezidentligiga nomzod o‘laroq Jo Bayden prezident Donald Tramp hukmronligi davrida uzilgan hamkorlik aloqalarini tiklashni hamda avtoritarizm, pandemiyalar va iqlim o‘zgarishi kabi global masalalarga qarshi kurashda Amerikani qaytadan yetakchi davlatga aylantirishni va’da qildi. Ammo u xorijiy siyosat bilan shug‘ullanishdan oldin tengsizlik, ishsizlik va irqiy ziddiyatlar kabi mamlakat ichidagi muammolarni hal qilish yo‘lida chora ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Bayden Tramp ma’muriyatining tashqi siyosat sohasida qo‘ygan bir necha qadamlarini bekor qilishni va’da qilgan. Xususan, AQShni xalqaro kelishuvlarga qaytarmoqchi va Yevropa bilan aloqalarni yaxshilamoqchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropa o‘rtasidagi aloqalar Yevropada so‘nggi 75 yil davomida tinchlikning saqlanishida muhim rol o‘ynab keladi.

Sobiq vitse-prezident hamda Vashingtonda qariyb 50 yil mobaynida ishlagan Bayden AQSh demokratik davlatlar ittifoqlariga yetakchilik qilgan holda global muammolarga yechim topa olishiga ishonadi.

Bayden prezident kursisiga o‘tirganidan keyin, Amerika "qaytadan dunyoga yetakchi bo‘lishini" ta’minlash uchun zudlik bilan chora ko‘rishini aytgan.

Ammo Bayden yanvar oyida prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin, yirik ichki muammolar bilan ro‘baro‘ keladi. Ular orasida koronavirus pandemiyasi, ishsizlik, irqiy ziddiyatlar hamda oshib borayotgan tengsizlik kabi muammolar bor. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu holat Baydenni tashqi siyosatni ikkinchi o‘ringa qo‘yishga majburlashi mumkin.

Shuningdek, ularning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati xorijiy siyosat bo‘yicha jamoa tuzishi va muayyan ustuvor vazifalarni belgilashi uchun bir necha oy vaqt kerak bo‘ladi.

NATO va Yevropa

Bayden transatlantik aloqalarni mustahkamlashini aytib keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Tramp Yevropa Ittifoqi va NATOni qayta-qayta tanqid qilib, Yevropa mahsulotlariga qarshi tariflarni joriy qilish hamda Vashingtonni xalqaro kelishuvlardan chiqarib olish bilan AQSh va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarga putur etkazgan.

Tramp 2016 - yilda NATOni "eskirgan" tashkilot o‘laroq ta’riflagan edi. Bayden esa tashkilotni "zamonaviy tarixdagi eng samarali siyosiy-harbiy ittifoq" o‘laroq ta’riflab, tashkilot NATO bo‘lib qolishi hamda Rossiya soladigan yangi tahdidlarga moslashishi kerakligini aytib keladi.

2020 - yil boshida Bayden Foreign Affairs jurnaliga yozgan maqolasida "Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun biz ittifoqning harbiy salohiyatini kuchli ushlab turishimiz kerak. Shu bilan birga, korrupsiya, dezinformatsiya va kibero‘g‘rilik kabi noan’anaviy tahdidlarga qarshi kurashish imkoniyatlarini kengaytirishimiz kerak", deya ta’kidlagan edi.

Rossiya va Ukraina

Bayden Rossiyani "raqib" va AQSh xavfsizligiga bugunga kundagi eng yirik "tahdid" o‘laroq ta’riflagan. U prezident Vladimir Putinga qarshi qattiq turishini aytib keladi.

Bayden Kremlni Qrimni anneksiya qilib olgani hamda Ukrainaning Donbass mintaqasida rossiyaparast bo‘lginchilarni dastaklab kelayotgani uchun keskin tanqid qilgan. Shuningdek, u Kremlni AQSh saylovlariga aralashishda hamda rossiyalik jurnalistlar va fuqaroviy jamiyat yetakchilariga qarshi hujumlar uyushtirishda ayblab keladi. Tramp esa, Kremlni kamdan-kam holatlarda tanqid qilgan edi.

Bayden avgust oyida Twitterda "Trampdan farqli o‘laroq, men demokratik qadriyatlarimizni himoya qilaman va Putin singari avtokratlarga qarshi turaman", deb yozgan edi.

Shuningdek, Bayden Moskva 2020 - yilgi prezidentlik sayloviga aralashsa, uni jazolashni va’da qilgan. Qolaversa, Trampdan farqli o‘laroq, Bayden Rossiyani sanoati rivojlangan Katta yettilik (G7) guruhiga qaytadan taklif qilishni istamaydi.

"Biz Rossiyani xalqaro me’yorlarni buzganligi uchun javob berishga majburlashimiz hamda muntazam ravishda va jasorat bilan Putinning kleptokratik, avtoritar tuzumiga qarshi kurashib kelayotgan Rossiya fuqarolik jamiyatini qo‘llashimiz kerak", deb yozgan edi u Foreign Affairs maqolasida.

Bayden Rossiya gazini Yevropaga eltishni ko‘zlovchi Nord Stream 2 (Shimoliy oqim-2) loyihasini bekor qilish tarafdori. Loyihaga qarshilar u Ukrainani gaz tranzitidan tushadigan mo‘may daromad manbasidan ayirishi hamda Yevropaning Rossiya energiyasiga qaramligini oshirishini aytib keladilar.

Bayden Ukraina mustaqilligini hamda Yevropa bilan integratsiyasini yaqindan qo‘llaydi. Xususan, u Rossiya dastaklayotgan bo‘lginchilarga qarshi kurashda Kiyevga ko‘maklashish uchun mamlakatni qurol-aslaha bilan ta’minlash tarafdori.

Qurol-yarog‘ nazorati

Bayden yadroviy qurollar bo‘yicha Rossiya bilan imzolangan New START shartnomasini uzaytirishini, bir vaqtning o‘zida yangi kelishuv ustida muzokara olib borishini aytib keladi. Strategik yadroviy qurollarga cheklov qo‘yuvchi New START shartnomasi fevral oyida o‘z kuchini yo‘qotadi. Taraflar kelishsa, kelishuv yana besh yilga uzaytirilishi mumkin.

Tramp ma’muriyati Moskvaning shartnomani hech bir o‘zgarishsiz uzaytirish taklifiga rozi bo‘lmadi va bu masalada biror kelishuvga kelmadi. Bayden shartnoma AQSh xavfsizligi uchun muhim ekanligiga va yangi shartnoma imzolangunicha, joriy kelishuv uzaytirilishi kerakligiga ishonadi.

Baydenning Putin va Rossiya harakatlari bo‘yicha pozitsiyasidan Vashington va Moskva o‘rtasidagi ziddiyat saqlanib qolishini va hatto Bayden lavozimiga kirishganidan keyin, yanada keskinlashishini taxmin qilish mumkin.

Tahlilchilar fikricha, qurol-yarog‘ nazorati masalasi AQSh va Rossiya o‘rtasida samarali muzokaralarni boshlash uchun asos bo‘la oladi.

Eron

Bayden agar Eron 2015 - yilda Tehron va qudratli davlatlar o‘rtasida tuzilgan bitimda o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajara boshlasa, AQShni kelishuvga qaytarishni xohlaydi. Mazkur bitimda Tehron yadroviy dasturi cheklanishi evaziga Eronga nisbatan kiritilgan sanksiyalarning olib tashlanishi ko‘zda tutilgandi.

2018 - yilda Tramp Vashingtonni kelishuvdan chiqarib olib, Tehronga qarshi sanksiya joriy qilishni boshladi, natijada Eron kelishuv shartlarini buzishga kirishdi. Sanksiyalar Eron iqtisodiga qattiq zarba bo‘ldi, ammo Tehronni yangi kelishuv imzolashga majburlay olmadi.

Bayden kelishuvni imzolagan boshqa davlatlar – Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda kelishuv shartlarini o‘zgartirishini aytgan.

"Hamkorlarimiz bilan biz yadroviy kelishuv qoidalarini kuchaytirish va kengaytirish bo‘yicha ish olib boramiz", - dedi Bayden. Shuningdek, u AQSh hamkorlari bilan birgalikda Eronda inson huquqlarining buzilishi va chet elliklarning qamoqqa olinishi kabi boshqa muammolarni hal qilishga va’da berdi.

Xitoy

Bayden 2009-2017 - yillarda vitse-prezident o‘laroq ishlagan. Keyingi yillarda u vitse-prezident bo‘lib ishlagan davriga solishtirganda Xitoy bo‘yicha mavqeyini yanada qat’iylashtirdi. Xususan, u Pekinni inson huquqlarini buzishda hamda adolatsiz savdo siyosatini olib borishda aybladi.

Ayni damda Bayden Trampning Xitoy bo‘yicha siyosatini tanqid qildi. Xususan, Bayden Tramp dunyodagi ikkinchi yirik iqtisod bo‘lmish Xitoy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo urishini boshlash o‘rniga, hamkor mamlakatlar bilan koalitsiya tuzishi lozim bo‘lganini aytdi.

"Biz boshqa demokratik davlatlar bilan sa’y-harakatlarimizni birlashtirganimizda kuchimiz ikki barobardan ko‘proqqa oshadi. Xitoy global iqtisodiyotning yarmidan ko‘pini e’tiborsiz qoldirolmaydi. Bu bizni atrof-muhitdan tortib to mehnat, savdo-sotiq, texnologiya va shaffoflikkacha bo‘lgan mavzularda yo‘l xaritalarini shakllantirish uchun muhim vosita bilan ta’minlaydi", - dedi u.

Ammo ayrim tahlilchilar Bayden Tramp joriy qilgan tariflarni zudlik bilan bekor qilmasligini taxmin qilmoqda.

Afg‘oniston

Bayden AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan uylariga qaytarishini aytgan. Qo‘shma Shtatlar 2001 - yil 11 - sentabrida sodir etilgan terror hujumlari ortidan Tolibon ekstremistik guruhini hokimiyatdan ag‘darish uchun Afg‘onistonga bostirib kirgan edi. Bayden mamlakatda terrorizmga qarshi kurashni davom ettirishi uchun oz sonli maxsus kuchlarni qoldirishni istaydi.

U vitse-prezident bo‘lib ishlagan paytida Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari sonini oshirishga qarshi chiqqan edi.

Bayden 20 - yanvar kuni prezident kursisiga o‘tirganidan keyin, Tramp ma’muriyati boshlagan tinchlik jarayonini davom ettirishi kerak bo‘ladi. AQSh hukumati joriy yil fevralida Tolibon bilan siyosiy kelishuv imzolagan. Bu esa jangarilar Afg‘onistonning AQSh qo‘llab kelayotgan hukumati bilan muzokara olib borishiga zamin yaratdi.

Atrof-muhit

Bayden global iqlim isishni "ekzistensial tahdid" deb atab, Qo‘shma Shtatlarni 2015 - yil iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha imzolangan Parij kelishuviga qaytarishini aytgan. Tramp lavozimiga kirishganidan keyin bir necha oy o‘tib, Vashingtonni mazkur kelishuvdan chiqarib olgan edi.

"Men Bayden ma’muriyatining birinchi kunidayoq Parij iqlim kelishuviga qo‘shilaman va dunyodagi yirik uglerod chiqaruvchi davlatlar sammitini chaqiraman", deb yozgan edi u Foreign Affairs maqolasida.

Bayden mamlakatdagi uglevodorodlar iste’molini kamaytirish maqsadida ichki qayta tiklanadigan energetika sanoatini, xususan, shamol va quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi shirkatlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Tanqidchilar Bayden qazib olinadigan yoqilg‘i sanoati ustidan nazoratni kuchaytirishidan hamda bu holat investitsiyalar va iqtisodiy o‘sish sur’atini pasaytirishidan xavotirda.

Tramp yetakchiligi ostida AQSh neft va gaz qazib olishni davom ettirdi va dunyodagi eng yirik uglevodorod ishlab chiqaruvchi davlatga aylandi.

AQShda neft va gaz qazib olish hajmining o‘sishi Vashingtonga Rossiya, Eron va Venesuela kabi mamlakatlarga nisbatan energiya bilan bog‘liq sanksiyalarni joriy etishga imkon berdi.

Demokratiya

Bayden AQSh hamkorlari bilan jahon bo‘ylab demokratik davlatlarni mustahkamlash va avtoritarizmni cheklash yo‘lida ishlashini aytgan. U NATOga a’zo ba’zi davlatlarda, jumladan, Polsha va Vengriyada demokratiyaning orqaga qaytganidan xavotir izhor qildi.

"Prezidentligimning ilk yilida erkin dunyo xalqlarining ruhi va umumiy maqsadlarini yangilash uchun Qo‘shma Shtatlar demokratiya bo‘yicha global sammitni tashkil qilib, unga mezbonlik qiladi. Sammit demokratik institutlarimizni mustahkamlash, ortga chekinayotgan davlatlar bilan ochiqchasiga gaplashish va umumiy kun tartibini tuzish uchun dunyo demokratiyalarini birlashtiradi", deb yozgan edi Bayden 2020 - yil boshida.

Ichki masalalar

Bayden so‘nggi oylarda qora tanlilarga qarshi politsiya zo‘ravonligi va koronavirus yuzasidan boshlanib ketgan norozilik namoyishlari tufayli bo‘lingan mamlakatga yetakchi bo‘ldi.

Trampning tanqidchilari uni irqiy va immigratsiya masalalarida bo‘linishni kuchaytirishda aybladilar. Bayden esa, keskin kechgan saylov kampaniyasi ortidan mamlakatni birlashtirishi kerak bo‘ladi.

Bayden koronavirusga qarshi kurashda "olimlarni tinglashini" hamda virus AQShda tarqalishiga qarshi kurashish uchun "nima kerak bo‘lsa" qilishini aytgan. Jumladan, u keskin karantin choralarini joriy qilishi mumkin. Shuningdek, Bayden jamoat joylarida tibbiy niqob taqishni majburiy qilishini aytgan.

AQShda koronavirus infeksiyalari va virus tufayli nobud bo‘lganlar soni boshqa mamlakatlarga solishtirganda eng yuqori. Pandemiya ishsizlik avj olishiga olib keldi va kam ta’minlangan ishchilarga og‘ir tushdi. Bu esa mamlakatdagi tengsizlikni yanada oshirdi.

Bayden Trampning korporatsiyalar va eng badavlat amerikaliklarga soliq yengilliklarini berish siyosatini bekor qilib, eng kam ish haqini oshirishini aytgan. Shuningdek, u Obamacare nomi bilan tanilgan tibbiy sug‘urta qonunini kuchaytirishga va’da bergan. Tramp 2010 - yilda imzolangan "Tibbiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunni" o‘zgartirgani uchun tanqidga uchragan edi.

XS
SM
MD
LG