Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2022, Тошкент вақти: 22:02

AQSh senatorlari inson huquqlari borasida O‘zbekistonga bosim o‘tkazishga chaqirmoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga safari chog‘ida - Vashington, may, 2018

Senator Bob Menendez (Demokrat, Nyu-Jersi), Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi va yana boshqa besh nafar senator AQSh ma’muriyatini bo‘lajak muloqot chog‘ida inson huquqlari masalasi yuzasidan O‘zbekiston rahbariyatiga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

6 - dekabr kuni e’lon qilingan maktubda senatorlar “O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha erishayotgan yutuqlarini” tan olishlarini ta’kidlab, O‘zbekistonni “prezident Shavkat Mirziyoyev va’da qilgan” keng ko‘lamli islohotlarni o‘tkazishga chaqirgan.

Ikki davlat vakillari shu oy oxirida strategik hamkorlik bo‘yicha birinchi muloqotni o‘tkazishlari rejalashtirilgan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur uchrashuv “AQSh va O‘zbekiston munosabatlarinig muhim tarkibiy qismi bo‘lgan inson huquqlariga nisbatan hurmatni oshirish uchun noyob imkoniyatdir”.

Senatorlar o‘z maktubida, shuningdek, so‘z va matbuot erkinligining cheklanishi hamda siyosiy liberallashtirish yo‘lida hech qanday ijobiy o‘zgarishlar yo‘qligi bilan bog‘liq xavotirlarni alohida qayd etgan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga yuborilgan maktubni senatorlar Kris Van Xollen (Merilend), Dik Durbin (Illinoys), Kirsten Gillibrand (Nyu-York), Sherrod Braun (Ogayo) va Ben Kardin (Merilend) ham imzolagan.

“Islohotlar ko‘p e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston dunyodagi erkinlik yuqori darajada cheklangan davlatlar qatorida qolmoqda va bu so‘nggi yutuqlarga putur yetkazishi mumkin”, — deb yozgan senatorlar o‘z maktubida.

"AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan so‘ng O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarimiz ikki davlat manfaatlari va qadriyatlari uchun yanada muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashda o‘zaro hamkorligimizni kuchaytirar ekanmiz, shu bilan birga O‘zbekistonda inson huquqlari ta’minlanishi hamkorligimiz uchun ham muhimligini ta’kidlashimiz lozim".

Senatorlar prezident Jo Bayden ma’muriyatini O‘zbekiston Jinoyat kodeksini isloh qilish yo‘lida Toshkent bilan yaqindan ishlashga ham chaqirmoqda.

O‘tgan oy Human Rights Watch (HRW) Mirziyoyevning ikkinchi muddatga qayta saylangani, saylovda muxolifatdan haqiqiy nomzodlar ishtirok eta olmagani mamlakatda inson huquqlari bo‘yicha “ yaqqol orqaga siljishlar” fonida yuz berganini bildirgan edi.

Mirziyoyev saylov arafasida tanqidchilar va faollarni ta’qib qilgani uchun tanqid ostiga olingan.

O‘zbekiston prezidenti uning hukumati ham uzoq yillar mamlakatni boshqargan avvalgi prezident Islom Karimovning avtoritar tuzumi tomon ketayotgani haqidagi fikrlarga qarshi zo‘r berib kurashib kelmoqda.

Mirziyoyev Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholisiga ega davlatni xorijiy sarmoyalar uchun ochdi, O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan munosabatlarini yaxshiladi va Karimov davrida diniy erkinliklarga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatdi va o‘nlab siyosiy mahbuslarni ozod qildi.

Ammo o‘zidan oldingi prezident kabi, Mirziyoyev ham O‘zbekistonda deyarli cheksiz siyosiy hokimiyatni qo‘lida tutib turadi. Uning yaqinlari esa, Mirziyoyevning siyosiy nufuzidan boylik orttirishda foydalanganlikda ayblab kelinadi.

XS
SM
MD
LG