Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:38

AQSh va NATO Rossiyaga javob berdi: Ukraina masalasida yon berish yo‘q


Bayden ma’muriyati diplomatiyaga qaytish yoki mojaroni davom ettirish  prezident Putinning qaroriga  bog‘liq bo‘lishini aytgan.
Bayden ma’muriyati diplomatiyaga qaytish yoki mojaroni davom ettirish  prezident Putinning qaroriga  bog‘liq bo‘lishini aytgan.

Prezident Jo Bayden ma’muriyati chorshanba kuni AQSh va NATO Ukraina inqirozi bo‘yicha Rossiyaga yon bermasligini aytdi.

Associated Press agentligining xabar berishicha, Rossiyaga javoban berilgan yozma bayonotlarda AQSh va NATO alyansning a’zolik uchun ochiq eshiklar siyosatiga sodiqligini aytib, Ukraina a’zoligini taqiqlash talabini rad etdi.

Shuningdek, Sharqiy Yevropada ittifoqchilar qo‘shinlari va harbiy texnikalarini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmasligini ham ma’lum qilgan.

«Hech nima o‘zgarmadi, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi», dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken. Qolaversa , Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga AQSh va Yevropa shunchaki muzokaralar bilan javob bermaydi. Bunday bosqin uzoq davom etadigan ham siyosiy, ham jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib keladi” Blinken so‘zlaridan iqtibos keltirgan Associated Press.

Blinkenning bayonoti kutilganidek, AQSh va NATOning boshqa yuqori martabali rasmiylari fikrini aks ettirdi. Shundan kelib chiqib, G‘arb va Rossiyaning mavjud masalaga munosabati Yevropa yana urushga kirishi yoki kirmasligini belgilashi mumkin.

Rossiyadan zudlik bilan javob bo‘lmadi. Biroq Rossiya rasmiylari agar Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Moskvaning talablarini rad etadigan bo‘lsa, Moskva bunga javoban tezkor «javob choralarini» ko‘rishi haqida ogohlantirdi.

Blinken Vashingtonda jurnalistlar bilan uchrashuvda, AQSh taqdim qilgan bir necha sahifalik hujjat mazmuni Rossiyani ajablantirmasligidan umid qilgan. AQShning Rossiyadagi elchi Jon Sallivan mazkur hujjatni chorshanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga topshirgan.

«Agar Rossiya ham to‘g‘ri yo‘lni tanlasa yuqorida aytilgan barcha narsa diplomatiya yo‘lidan olg‘a siljishga turtki beradi.», dedi Blinken. «Biz taqdim etgan hujjatda AQSh va ittifoqchilarimizning Rossiyaning xavfsizlikka putur yetkazuvchi xatti-harakatlaridan xavotirlari, o‘z navbatida Rossiya bildirgan xavotirlarga prinsipial va pragmatik baho, shuningdek, umumiy qarashlarni topish mumkin bo‘lgan sohalar bo‘yicha o‘z takliflarimiz bayon qilingan»

Blinken yaqin kunlarda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov javobiga umid qilayotganini aytdi. Ammo u diplomatiyaga qaytish yoki mojaroni davom ettirish Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qaroriga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagan.

«Ko‘ramiz, ular qanday javob berishadi. Fikrimcha , agar Rossiya barcha uchun jamoaviy xavfsizlikni kuchaytirishga qat’iy qaror qilgan holda jiddiy yondashsa, bu hujjatda anchagina ijobiy takliflar mavjud. Putin uchun bunday qarorni biz qabul qila olmaymiz”- deya Blinkenning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Associated Press agentligi.

Blinken nutqidan ko‘p o‘tmay, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda alyans Rossiyaga aloqalarni yaxshilash, harbiy harakatlardan qochish yo‘llarini topish hamda qurol-yarog‘ nazoratini muhokama qilish taklifi bilan alohida so‘rov yuborganini ma’lum qildi.

“Biz alyans xavfsizligi, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi xavfsizlik tamoyillariga tayangan holda murosaga kela olmaymiz. Gap boshqa xalqlarni hurmat qilish va ularning o‘z yo‘lini tanlash huquqi haqida ketmoqda.»

«Rossiya ittifoqchilar va boshqa davlatlarga qarshi zo‘ravonlik, tajovuzkorlik va g‘arazli harakatlaridan voz kechishi kerak. Rossiya Ukraina, Gruziya va Moldovadan ham o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi lozim. Qo‘shinlar bu davlatlarga ularning roziligisiz joylashtirilgan», - dedi Stoltenberg.

AQSh va NATO e’lon qilgan hujjatida Sharqiy Yevropada hujumkor raketalarni joylashtirish va harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish imkoniyatlari, shuningdek, Rossiya Ukraina chegarasidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketsa, qurol nazorati bo‘yicha kelishuvga erishish takliflar aks ettirilgan.

Moskva NATOdan Ukraina va boshqa sobiq post sovet davlatlarini a’zo sifatida qabul qilmaslikni va sobiq Ittifoq davlatlariga qo‘shinlarini joylashtirmaslik kafolatlarini talab qildi. Bu talablardan ba’zilari, xususan a’zolik borasidagi talab umuman ko‘rib chiqilmasligi ma’lum qilingan. Nizo faqat urush bilan yakun topishi haqidagi xavotirlar o‘rtada turg‘unlikni keltirib chiqarmoqda.

Kreml Ukrainaga hujum qilish rejalari borligini bir necha bor rad etganiga qaramay, AQSh va NATO Rossiyaning Ukraina yaqinida o‘z qo‘shinlarini to‘plashidan va keng qamrovli harbiy manevrlar o‘tkazishidan jiddiy tashvishda.

Rossiyaning janubi-g‘arbiy qismidagi mashg‘ulotlarda motorli piyoda qo‘shinlari va artilleriya bo‘linmalari o‘q uzishni mashq qildi. Boltiq dengizidagi Kaliningradda harbiy samolyotlar bombardimon mashqlarini o‘tkazdi, o‘nlab harbiy kemalar Qora dengiz va Arktikada o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun yuborildi, Rossiya qiruvchi samolyotlari qo‘shma harbiy o‘quvlar uchun Belarusga kelishdi.

Bir kun oldin Lavrov u va boshqa yuqori amaldorlar Putin bilan keyingi harakatlar borasida maslahatlashishini aytdi.

«Agar G‘arb agressiyani davom ettirsa, Moskva kerakli javob choralarini ko‘radi», - dedi Lavrov.

«Biz xavfsizlik borasidagi takliflarimiz oxiri yo‘q muhokamalar bilan qolib ketishiga qarab tura olmaymiz», qo‘shimcha qildi u.

Qarama-qarshiliklar fonida AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya va Kanada o‘z diplomatlari va ularning oila a’zolarini Kiyevdan olib chiqishga tushdi.

Chorshanba kuni AQSh Ukrainadagi amerikaliklarni mamlakatni tark etish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirib, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat «Rossiya harbiy tahdidlari tufayli oldindan aytib bo‘lmasligini, istalgan daqiqada vaziyat yomonlashishini» haqida xabar qilgan..

Chorshanba kuni Parijda Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya elchilari mojaro yuzasidan sakkiz soatdan ortiq davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Hech qanday samara bermagan muloqot davomida tomonlar ikki hafta ichida Berlinda yangi muzokaralar o‘tkazishga kelishib olgan.

Shundan so‘ng Fransiya o‘z bayonotida barcha tomonlar Ukraina sharqida o‘t ochishni to‘xtatishni «so‘zsiz» qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Muzokaralarda mojaroga barham berishga qaratilgan 2015 - yildagi Minsk tinchlik kelishuvi muhokama qilindi. Yakuniy bayonotda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq hozirgi xavotirlar borasida hech nima deyilmagan.

«Bular boshqa masalalar, biz buni muhokama qilmadik», dedi Kreml vakili Dmitriy Kozak.

Ukraina vakili Andrey Yermak chorshanba kungi muzokaralar haqida ehtiyotkorlik bilan optimistik fikr bildirdi. Uning aytishicha, bu 2019 - yil dekabr oyidan beri o‘tgan birinchi muvaffaqiyatli muzokaralardir. Ammo, u muzokaralar chegaradagi mavjud ziddiyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilmaganini ham tan olgan.

“Albatta, hammamiz tezroq natijaga erishmoqchimiz. Biroq, Ukraina xalqining urushni to‘xtatish, hududlarimiz va xalqimizni qaytarish istagidanda muhimroq narsa yo‘q" deydi Yermak.

Kozak Minsk kelishuvi turlicha talqin qilinayotganini asosiy to‘siq bo‘layotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki hafta ichida tomonlar yana bir bor bu masalada murosaga erishishga yana urinib ko‘radi.

XS
SM
MD
LG