Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:13

AQShda Green Card lotereyasiga start berildi - o‘tgan yilgi g‘oliblarning taqdiri savol ostida


6 - oktabr kuni AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi Green Card lotereyasi uchun arizalarni topshirish boshlandi, arizalar 2021 - yil 9 - noyabrgacha qabul qilinadi.

Ayni paytda o‘tgan yili Green Card lotereyasini yutgan minglab odam pandemiya cheklovlari bois suhbatga chaqirilmay, qolib ketgan. 30 - sentabrga qadar immigratsiya vizasini olishga ulgurmagan da’vogarlar AQShda hayot qurish imkoniyatini boy berishdan xavotirda.

Shulardan biri toshkentlik Sobir (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan-tahr.):

“2020 - yil lotereyasini yutganman. 2021 - yil 30 - sentabrgacha immigratsiya vizasini olib bo‘lishimiz kerak edi. Lekin bizga bog‘liq bo‘lmagan holat - pandemiya sabab jarayon cho‘zildi. Elchixona suhbatga chaqirishini kutdik, 28 - sentabr kuni 41 ta odamni qabul qildi, bitta odam otkaz oldi. Qolganlarga elchixona, sroklaring tugadi, deb boshqa odamni qabul qilmadi. Hozir yopilgan”.

Bundan oldin AQSh Green Sard lotereyasining minglab g‘oliblari pandemiya tufayli Amerikaga ko‘chib o‘tish imkoniyatini qo‘ldan boy berishidan qo‘rqib, Jo Bayden ma’muriyatiga qarshi mahkama da’vosini boshlagan edi.

Da’vogarlar himoyachisi Kertis Morrison dunyoning 141 mamlakatidan 24 mingdan ortiq odam nomidan sudga ariza kiritganini ma’lum qilgan.

Ular orasida 350 nafar o‘zbekistonlik ham bor.

Kolumbiya okrug sudi 30 - sentabr kuni da’voni ko‘rib chiqib, AQSh Davlat departamenti zimmasiga DV-2021 g‘oliblari uchun 6914 ta vizani zaxiralash majburiyatini yukladi.

Bu da’vogarlar tomonidan talab etilgan, 2021-moliyaviy yilda berilgan DV vizalarning 31 foizini tashkil etadi.

Sudya nima uchun bu qarorga kelgani, nega barcha da’vogarlar uchun vizalar zaxiralanmagani haqida izoh bergani yo‘q.

Green Card lotereyasini yutgan yuzlab odam, jumladan toshkentlik Sobir jarayondan chetda qolgani sabab Amerikada hayot qurish uchun yagona imkoniyatini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqmoqda.

“Sud bo‘lgan, 500 dollardan advokatga to‘lab, a’zo bo‘lganlar bor. 350ta o‘zbekistonlik ham 500 dollardan to‘lab, advokat yollagan. Bizning xabarimiz bo‘lmagan bu narsadan. Ularning ishi sudda ko‘rib chiqilgan. Hozir 7 mingga yaqin da’vogar arizasi zaxiraga olingan. Bular faqat sudga arz qilganlar. Bu berilishi kerak bo‘lgan vizalarning 30 foizidan sal ko‘proqni tashkil qiladi. Qolganlarniki nima bo‘ladi, meniki nima bo‘ladi, hech kim bilmaydi”, - deydi Sobir.

Ozodlik da’vogarlarning arzi yuzasidan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qildi, ammo hozirgacha izoh ololgani yo‘q.

"Chiqmagan jondan umid"

Kolumbiya okrug sudining 30 - sentabr kungi qarorida 6914 ta viza faqat sudda qatnashgan grin-karta g‘oliblariga berilishi aytilgan.

Sudda qatnashmagan “grin-kartachi”larning yagona umidi AQSh Kongressi tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilayotgan qonun loyihasidan.

“Chet elda yashash: Amerika” kitobining muallifi, o‘zbekistonlik jurnalist Baxtiyor Shohnazarov fikricha, grin-karta g‘oliblari uchun muddat o‘tib ketgan bo‘lsa ham immigratsiya vizalarini olishga hali ham imkonlar yo‘q emas.

“Chiqmagan jondan umid deydi-ku, harakat qilaverish kerak. Advokatlar yollab harakat qilish kerak. Chunki pandemiya sabab bu jarayon cho‘zilgan, bunda hech bir tomonni ayblab bo‘lmaydi. Bu tabiiy ofat sifatida ko‘riladi. Ayni paytda elchixonalar, konsulxonalar uchun ham pandemiya muammolar keltirib chiqargan. Elchixonalar faoliyati to‘xtab qolgan, vizaga murojaat qilganlarning hammasini talabi qondirolmay qolgan. Albatta elchixona qo‘shimcha mehnat resurslariga ega emas, shuning uchun ularni ham ayblab bo‘lmaydi. Grin karta yutganlar AQSh vatandoshi emas va ularning talabini bajarishga Amerikadagi idoralarni majburiyati ham yo‘qday. Lekin chiqmagan jondan AQShda advokatlar yollab harakat qilaverish kerak, axir AQSh huquqiy davlat”, - deydi Bahtiyor Shohnazarov.

Ushbu loyihaga ko‘ra, DV dasturida g‘olib bo‘lgan 55 ming kishining barchasiga viza berilishi ko‘zda tutilgan.

Har yili Qo‘shma Shtatlar milliy xilma -xillikni targ‘ib qilish maqsadida turli mamlakatlardan immigrantlarga 55 minggacha grin-karta beradi.

Ayni paytda AQShda yashashni istovchi turli millat vakillari uchun 2023 - yilgi viza dasturi (Diversity Visa Program) boshlanmoqda.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, dasturda qatnashish uchun arizalar 2021 - yil 6 - oktabr Vashington vaqti bilan soat 12:00 (Toshkent vaqti bilan soat 21:00)dan boshlab qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish dvprogram.state.gov saytida, 9 - noyabr Toshkent vaqti bilan soat 21:00gacha davom etadi. Bu vaqt oralig‘ida bittadan ko‘p ariza yuborgan talabgorlarning arizalari inobatga olinmaydi.

Tashkilotchilar ariza topshirish uchun so‘nggi haftagacha kutmaslikni tavsiya qiladi; muhlat yaqinlashgani sari talabgorlar soni ko‘payib borishi portalda texnik nosozliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bu gal ham dastur orqali 55 ming kishiga AQShda yashash huquqi taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Dastur g‘oliblari kompyuter yordamida tasodifiy tanlanadi. Natijalar 2022 - yil 8 - may kuni e’lon qilinadi.

AQSh Davlat Departamenti ariza topshirish bepul ekani, pul mukofoti evaziga yutuq kafolatlayotgan shaxslarga aldanib qolishdan ogohlantirib keladi.

O‘zbekistonda har yili grin-karta lotereyasi o‘ynalishi arafasida "grin-karta firibgarlari" faollashgani kuzatiladi.

Green Card lotereyasiga hujjatlarni topshirishda o‘z ko‘magini taklif qiluvchi ba’zi vositachilar anketani to‘ldirib berish uchun pul olmaydi.

Lekin yutuq chiqqan taqdirda yutuq kodi uchun bir necha ming dollar taklif qilishi mumkin.

Grin-karta o‘ynash huquqi mavjud 201 davlat ichida O‘zbekiston Sudan, Jazoir va Ukraina qatorida eng ko‘p hujjat topshirgan davlatlardandir.

Dunyo bo‘yicha har yili deyarli 10 million kishi bu dasturda ishtirok etadi.

AQSh Davlat Departamentiga ko‘ra, O‘zbekistondan har yili 5 mingga yaqin kishi lotereyada o‘ynash uchun ariza topshiradi.

2018 - yili bu raqam qariyb to‘rt baravar ko‘p bo‘lgan, 2 million 114 ming O‘zbekiston fuqarosi Amerikada yashash huquqini beruvchi grin-karta lotereyasi o‘yinida qatnashgan.

1990 - yilda asos solingan Green Card dasturi doirasida har yil 50 mingga yaqin immigrant Amerika Qo‘shma Shtatlarida doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritadi.

XS
SM
MD
LG