AQSH janubiy-sharqida Helen to‘foni tufayli, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 116 nafar odam halok bo‘lgan, ular orasida bolalar va qariyalar ham bor. Bu haqda CBS News xabar qildi.
Dastlab 26-sentyabr kuni Floridada boshlangan to‘fon keyin Jorjiya shtatiga o‘tib, har ikkala Karolina, Tennessi va Alabama shtatlariga daxl qilgan, uch kun o‘tgach esa tingan. 1300 kilometrga yaqin masofani qamrab olgan Helen sohilbo‘yi yerlarinida toshqinlarga sabab bo‘lgan, yo‘llar va uylarni vayron qilgan, daraxtlarni qo‘porib, ikki milliondan ziyod iste’molchini elektrsiz qoldirgan. Tabiiy ofat oqibatlarini vertolyotdan ko‘rgan Jorjiya gubernatori sodir bo‘lgan hodisani bomba tushishi bilan qiyoslagan.
AQSH prezidenti Jo Bayden jabrlangan shtatlarda favqulodda vaziyat tartibini e’lon qilgan, mazkur tartib ularga tiklash ishlari va yordam ko‘rsatish uchun federal byudjetdan mablag‘ ajratilishiga imkon yaratadi.
Moody's Analytics agentligi to‘fondan ko‘rilgan faqat moddiy zararning o‘zini taqriban 26 milliard dollarga baholagan. AccuWeather tomonidan e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat tufayli ko‘rilgan umumiy zarar kamida 95 milliard dollarni tashkil etadi.
Avvalroq Helen to‘foni AQSH tarixida o‘z kuchi bo‘yicha 14-to‘fonga aylangani haqida xabar qilingan edi. Iqlim o‘zgargani sayin to‘fonlar tobora kuchayib bormoqda.
2024-yil yozi kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, butun yil bo‘yi harorat o‘tgan yilgi rekordlarni ortda qoldirishi mumkin.
Global miqyosda harorat ko‘tarilib borayotgani tufayli suv toshqinlari, qurg‘oqchiliklar, o‘rmon yong‘inlari, po‘rtanalar, sovuq va issiq havo oqimlari tobora ko‘proq va tez-tez kuzatilmoqda. Tabiiy ofatlar odamlar va hayvonlar o‘limi va migratsiyasiga, uylar va infratuzilmalar vayron bo‘lishiga, ekin maydonlarining nest-nobud bo‘lishiga sabab bo‘lyapti.