Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:43

AQShda yangi moliyaviy inqiroz sharpasi. 2008-yil takrorlanadimi?


O‘tgan hafta AQShda boshlangan bank inqirozi ko‘pchilikka 15 yil burungi voqealarni eslatdi. Hammasi an’anaviy valyutalardan tashqari kriptoaktivlar bilan ham ishlovchi Silvergate bankidan boshlandi. 2022-yil oxirida Silvergate mijozlari orasida 94 ta kriptobirja va qariyb 900 ta institutsional investor bor edi. 8-mart, chorshanba kuni bankning ona shirkati – Silvergate Capital – bank amaldagi qonunchilikka muvofiq rejali ravishda tugatilishini ma’lum qildi.

“Yong‘in” ko‘p hayallamay turdosh tarmoqlarga tarqaldi. Atigi ikki kundan so‘ng AQShning yuqori texnologik startaplarga xizmat ko‘rsatuvchi asosiy banklaridan biri – Kaliforniyadagi Silicon Valley Bank (SVB, “Kremniy vodiysi banki”) ham “omonatchilar qochib ketishi” oqibatida xonavayron bo‘ldi.

SVB – aktivlari hajmiga ko‘ra AQShning 16-banki sanaladi, uning “sinishi” esa 2008- yildan beri mamlakat bank sektoridagi eng katta falokat bo‘ldi. Balansida juda katta miqdorda past foizli korporativ obligatsiyalar borligi bankning boshiga yetdi: bunaqa obligatsiyalarni katta zarar ko‘rmasdan tez sotish imkoni yo‘q hisob, shu bois ham, depozitini qaytarishni talab qiluvchi mijozlar soni kritik nuqtadan oshganida bank rahbariyati chorasiz qoldi. Boz ustiga, muammolar qalashib ketishi haftaning eng so‘nggi soatlariga – bozorlar yopilgan paytga to‘g‘ri keldi.

12-mart, yakshanba kuni Nyu-Yorkdagi regulyator idora mahalliy Signature banki yopilishi haqida qaror qabul qildi – uning aktivlari tarkibi Silicon Valley’nikiga o‘xshash edi. Nihoyat, alg‘ov-dalg‘ov bilan o‘tgan dam olish kunlari oxirlarida Federal g‘aznachilik, Federal zaxiralar tizimi hamda Omonatlarni sug‘urtalash federal korporatsiyasi qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, kasod bo‘lgan banklarning barcha omonatchilari 13- mart, dushanbadan e’tiboran o‘z hisobvaraqlaridan foydalanishi mumkin edi. G‘aznachilik buning uchun 25 milliard dollar mablag‘ ajratdi.

O‘z navbatida Federal zaxiralar Silicon Valley va boshqa banklarning xonavayron bo‘lishidan aziyat chekishi mumkin bo‘lgan boshqa banklarni shoshilinch moliyalash dasturini ishga tushirdi. Regulyator ushbu dastur doirasida garovga “maqbul aktivlar” qo‘ya oladigan kreditorlarga bir yilgacha muddatga kreditlar taklif qiladi.

Mazkur chora-tadbirlar boshqa banklardan omonatchilar qochib ketishini to‘xtatish va qimmatli qog‘ozlar arzongarovga sotib yuborilishining oldini olish uchun hozircha kifoyadek tuyulmoqda. Aks holda yangi hafta boshida birjalar birin-ketin qulab, aksiya va obligatsiyalar sariq chaqaga aylangan bo‘lur edi. Voqealar bunaqa tus olgan taqdirda talafot ko‘lami milliardlar bilan emas, balki trillionlar bilan o‘lchangan bo‘lardi.

Bu voqealar barcha uchun mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi, deyish qiyin. Ayni ssenariyni iqtisodchi Sergey Aleksashenko 2021-yilning ikkinchi yarmidayoq deyarli batafsil tasvirlab bergan edi. O‘sha kezlar AQShda inflyatsiya yuqoriga o‘rmalay boshlagan, Federal zaxiralar tizimi rahbariyati esa bozorni stavkalar ko‘tarilishiga tayyorlashga kirishgandi. O‘shandayoq ayon bo‘lgan ediki, “nol stavkali” deyarli tekin kreditlar berish siyosati oqibatsiz qolmayajak. Qolaversa, u paytga kelib juda past foizlar bilan yangi kreditlar jalb qilish hisobiga kun ko‘radigan “zombi shirkatlar”ning butun bir sinfi shakllanib ulgurgan edi. Bunaqa shirkatlardan aksari yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yuritgan va ular, alaloqibat, “Kremniy vodiysi banki”ning kasodga uchrashiga sabab bo‘ldi.

Ammo Amerika pul siyosatini yuritadiganlar 2008-yildan yaxshigina saboq chiqarishgan ko‘rinadi: ular bir vaqtlar inqirozning nazoratsiz rivojlanishiga olib kelgan xatolarga endi qo‘l urishmayapti, so‘nggi 15 yil davomida shishib, kattalashgan moliyaviy “pufak”larni lokallashtirib, qattiq “paqillatmasdan”, asta-sekin “damini chiqarishga” harakat qilishmoqda. Ayni chog‘da AQSh hukumati yoppasiga hammani qutqarmoqchi emasligini ham bilib qo‘yish kerak.

Moliyaviy barqarorlikka tupurib, foyda ketidan quvgan “zombi shirkatlar” va moliyaviy institutlarning hissadorlari o‘z mablag‘laridan ayriladilar. Moliya tizimini raqobatga layoqatsiz yoki shunchaki ziyonkor korxonalar va banklardan tozalash jarayoni tadrijiy va rejali ravishda olib boriladi. Biroq bunaqa taktika bilan yuqori inflyatsiya anchagina uzoq saqlanib turishi mumkin.

Shuningdek, nisbatan baland foiz stavkalari sharoitida fond va tovar bozorlari AQSh Federal zaxiralar tizimi va boshqa peshqadam mamlakatlar markaziy banklarining foizsiz saxovatpeshalik davridagi kabi ertaknamo daromadlar keltirmaydi. Lekin, jilovdagi inflyatsiyaning salbiy oqibatlari bilan birga afzalliklari ham bor: u risklarni kamaytirib, uy xo‘jaliklaridan tortib davlatgacha – iqtisodiyotning barcha subyektlari hisobiga kredit olish darajasini favqulodda oshiradi. Sodda qilib aytganda, umumiy narxlar o‘sishi tufayli qarzlar ham qadrsizlanadi.

Ammo bu global moliyaviy inqiroz dunyoga endi mutlaqo xavf solmaydi, degani emas. Pul siyosati tepasida turganlar yaqin bir necha yil bamisoli minalar ko‘milgan dalada yurgandek ehtiyot bo‘lishlari va stavkalarni oshirish bilan qo‘shimcha pul zarb qilish zarurati orasidagi nozik chegarani topishlari lozim – inqirozni chuqurlashtirib yubormaslik, qolaversa, tiyiqsiz inflyatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun. Lekin bugungi kunda o‘sha nozik chegarani topish 15 yil burungidan osonroq, harqalay.

XS
SM
MD
LG