Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 11:25

Aqtauda qulagan uchoq “qora qutilari” Braziliyaga topshiriladi


Qozog‘istonda qulagan uchoq parchalari
Qozog‘istonda qulagan uchoq parchalari

Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulagan Azerbaijan Airlines aviashirkati uchog‘ining “qora qutilari” o‘rganish uchun Embraer uchoqlari ishlab chiqariladigan mamlakat – Braziliyaga topshiriladi. Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi bayonotida aytilgan.

Chikago konvensiyasi asosida hamda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tavsiyalarini hamda Ozarbayjon va Rossiya aviatsiya rasmiylari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlarni hisobga olgan holda uchoq halokati tekshiruvi bo‘yicha komissiya “qora qutilar”ni Braziliyadagi Aviatsiya hodisalarining oldini olish va tergov qilish markaziga (CENIPA) yo‘llashga qaror qilgan, deyilgan vazirlik bayonotida.

Qozog‘iston tomoni CENIPA ma’lumotlarni o‘qish uchun “sertifikatsiyalangan laboratoriyaga ega”ligi hamda “tegishli asbob-uskunalar bilan jihozlangan” zarur texnik imkoniyatlarga egaligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Bokudan Grozniyga uchib ketayotgan Azerbaijan Airlines aviashirkati uchog‘i 25-dekabr tongida Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulab tushgani haqida xabar qilingan. Hodisa chog‘ida 38 kishi halok bo‘lgan.

Euronews va Reuters ma’lumotiga ko‘ra, uchoq qulashiga Rossiya havodan mudofaa tizimi sabab bo‘lgan. Reuters uchoq tomonga raketa Grozniy uzra “dron faolligi” chog‘ida uchirilganini xabar qilgan. Raketa uchoq yaqinida portlab, uning qoplamasiga shikast yetkazgan.

27-dekabr kuni “Rosaviatsiya” rahbari Dmitriy Yadrov uchoq Grozniy aeroportiga qo‘nmoqchi bo‘lib turgan paytda shaharga dronlar hujum qilayotgan bo‘lganini tasdiqlagan. Uning iddaosiga ko‘ra, uchoq komandiriga qo‘nish uchun Rossiyadagi boshqa aeroportlar taklif qilingan, biroq u Aqtau aeroportiga yo‘l olishga qaror qilgan.

Euronews telekanalining Ozarbayjon hukumatidagi manbalari shikast yetgan uchoq ekipaji favqulodda qo‘nish uchun imkoniyat yaratilishini so‘ragani, biroq ekipajga Rossiya aeroportlaridan birontasida qo‘nishga ruxsat etilmagani haqida aytishgan edi.

XS
SM
MD
LG