Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:13

Armaniston: Davlat to‘ntarishi qilmoqchi bo‘lgan guruh fosh etildi


Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati binosi. 16-iyun, 2020
Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati binosi. 16-iyun, 2020

Armanistonda davlat to‘ntarishi qilib, hokimiyatni zo‘rlik yo‘li bilan egallashni rejalashtirgan guruh fosh etildi, deb xabar berdi rasmiy Yerevan.

Armaniston Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, siyosiy to‘ntarish uyushtirishni qasd qilgan guruh Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatida tayyorgarlikdan o‘tgan. Ular har oy 220 ming rubl miqdorida rag‘batlantirilgan.

“O‘quv yig‘inlarida ular yangi og‘ir qurollarni qo‘llash bo‘yicha malaka oshirgan. Ular Armanistonga qaytgach, jangovar navbatchilik o‘tashi va orttirgan bilimini boshqa shaxslarga o‘rgatishi lozim bo‘lgan”, deyiladi Armaniston Tergov qo‘mitasi xabarida.
Tergov idorasi ta’kidicha, yollanma shaxslarga yopiq inshootlarda jang olib borish saboqlari o‘rgatilgan bo‘lib, ularga Armanistonning amaldagi hukumatini ag‘darish vazifasi yuklangan.

Tog‘li Qorabog‘ hududida tug‘ilgan arman fuqarolaridan iborat jinoiy guruhning uch a’zosi qo‘lga olingan, qolgan gumonlanuvchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Huquqni muhofaza qilish idoralari JKning hokimiyatni zo‘rlik yo‘li bilan egallashga tayyorgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan joriy yil fevral oyida France-24 telekanaliga bergan intervyusida Rossiyani 2023-yilning kuzida ommaviy norozilik namoyishlari orqali Yerevan hukumatini ag‘darishga urinishda ayblagandi.

Keyingi vaqtlarda Moskvadan uzoqlashuv siyosatini olib borayotgan Pashinyan hukumati Armanistonning Kreml shamsiyasi ostidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ishtirokini ham to‘xtatdi.

XS
SM
MD
LG