Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2021, Тошкент вақти: 21:10

Asqar Aqayev Qirg‘izistonga kelishiga sharoit yaratib bergan Sadir Japarovga minnatdorlik bildirdi


Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Aqayev jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida, Bishkek, 2021 - yil 2 - avgusti

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Aqayev o‘z vataniga mamlakatning amaldagi rahbariyati bilan erishilgan kelishuv sharofati kelishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda A. Aqayevning o‘zi 2 - avgust kuni Bishkekdagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosidan chiqish chog‘ida jurnalistlar savoliga javob berish asnosida bildirdi.

“Men Qirg‘izistonga kelishimga imkoniyat yaratilgani uchun prezident Sadir Japarovdan minnatdorman. U kishi bunga ruxsat berdi va men 16 yil ichida ilk bor vatanimga qaytishga musharraf bo‘lganimdan juda xursandman”, degan Asqar Aqayev amaldagi davlat rahbari bilan Alaarcha qarorgohida uchrashganini qo‘shimcha qilgan.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati xabariga ko‘ra, sobiq prezident mamlakatda bir haftacha bo‘lishi, bu vaqt davomida MXDQda o‘tkaziladigan so‘roq jarayonida qatnashishini ham ma’lum qilgan.

“Men hamkorlik qilishga, yordam berishga keldim va men Qumtor bo‘yicha nima bilsam, hammasini aytib beraman. Bu loyiha bo‘yicha menga nisbatan e’tirozlar borligini bilasiz: Qumtor mening davrimda qurilgan. Shuning uchun men tergovga yordam qilib, ko‘rsatma berishni istayman. Men MXDQ raisidan minnatdorman – bu yerda meni samimiy kutib olishdi, menga juda e’tibor bilan muomala qilishdi”, deya ta’kidlagan Asqar Aqayev.

Sobiq prezidentga ko‘ra, u Bishkekka “Qumtor qanday qurilgani, nima uchun qurilgani va ehtimolki, bu jarayonda qanday xatolarga yo‘l qo‘yilgani haqida sidqidildan, samimiy gapirib berish” uchun kelgan.

O‘z so‘zi yakunida A. Aqayev “mamlakatning yangi rahbariyatida bunyodkorlik rejalari bor”ligini qayd etib, qo‘ldan kelgancha bu jarayonga yordam berish niyatida ekanini bildirgan.

Sobiq prezidentlar xususidagi savolga javob berarkan, u o‘zida xalaflariga nisbatan hech qanaqa e’tiroz yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

“Hamma o‘z muammosini o‘zi hal qiladi, men o‘z masalalarimni hal qilib olsam ham katta gap. Boshqa prezidentlarga nima bo‘lishiga oid savollarga javob berolmayman”, degan Asqar Aqayev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 - avgust kuni Moskvadan Bishkekka uchib kelgan sobiq prezident Asqar Aqayev Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) binosiga yetkazilgandi.

Qo‘mita A. Aqayev “Qumtor” oltin koni loyihasini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilgan korrupsiya faktlari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida qidiruvga berilganini eslatgan.

“MXDQ tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida Asqar Aqayev Bishkekka olib kelindi, shundan so‘ng zudlik bilan Mahkamalararo tergov guruhiga topshirildi. Hozirgi paytda Aqayev MXDQ binosida tutib turilibdi, uning ishtirokida zarur tergov harakatlari olib borilmoqda”, deya ma’lum qilgan qo‘mita vakillari keyinroq olib borilgan tergov harakatlari natijalariga oid tafsilotlarni ochiqlashga va’da berishgan.

Avvalroq qirg‘iz matbuotida mamlakatning to‘ng‘ich prezidenti Asqar Aqayev dushanba kuni Bishkekka uchib kelayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

A. Aqayev Qirg‘izistonni 1990 - yildan 2005 - yilgacha boshqargan. U va oilasi 2005 - yil mart oyida sodir bo‘lgan inqilob ortidan Rossiyaga qochishga majbur bo‘lgandi.

Shu yil 8 - iyulida MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatning sobiq prezidentlari Asqar Aqayev va Qurmonbek Bakiyev “Qumtor” loyihasini amalga oshirishning turli bosqichlaridagi korrupsiya faktlari bo‘yicha jinoyat ishi doirasida qidiruvga berilganini ochiqlagandi.

Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati Qumtor ishi bo‘yicha xalqaro sudda Kanadaning Centerra Gold Inc. Shirkati mamlakatning sobiq rahbarlarini pora evaziga sotib olganini isbotlash niyatida.

Qirg‘iziston rasmiylari 2005 - yilgi “lola inqilobi”dan beri Rossiyadan Asqar Aqayevni qaytarishni talab qilib kelishgan, biroq Moskva bu talabga doim rad javobi berib kelgan.

So‘nggi yillarda Asqar Aqayev Rossiyada ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan. Rossiya nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, 2014 - yildan beri u “Iqtisodiyot oliy maktabi” milliy tadqiqot universitetida ishlab, ijtimoiy-siyosiy beqarorlashtirish xatarlarini monitoring qilish laboratoriyasiga rahbarlik qilib kelayotgandi.

XS
SM
MD
LG