Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:58

Avval Ukraina, endi Moldova. Kreml urushni kengaytirmoqchimi?


Молдовадаги Ленин ҳайкали.
Молдовадаги Ленин ҳайкали.

Moldovaning bo‘lginchi hududi Dnestrbo‘yida sodir bo‘lgan bir qator hujumlar odamlarning hududni tark etishiga sabab bo‘lib, Rossiya urushni Ukrainadan tashqariga kengaytirishga intilayotgani borasidagi xavotirni kuchaytirdi.

Kiyev Moldovadan ajralib chiqqan biroq tan olinmagan Dnestrbo‘yi poytaxti Tiraspolda sodir bo‘lgan va ikkita radioeshittirish minorasi hamda ma’muriy binoga zarar yetkazgan portlashlarda Moskvani aybladi.

Moldova ancha ehtiyotkor munosabat bildirdi. 26-aprel kuni o‘zining yuqori darajadagi xavfsizlik amaldorlari bilan uchrashgandan so‘ng, Moldova prezidenti Mayya Sandu “urush tarafdorlari”ni Dnestrbo‘yidagi keskinlikni kuchaytirishga urinishda aybladi.

Vayron qilingan radioantennalar.
Vayron qilingan radioantennalar.

Dnestrbo‘yida so‘nggi o‘ttiz yil davomida 2000 ga yaqin rus askari Ukraina bilan chegaradan atigi 2 kilometr uzoqlikda joylashgan, Yevropadagi eng yirik Kobasna o‘q-dori omborini qo‘riqlab kelmoqda.

Rus armiyasi generali Rustam Minnekayev 22-aprel kuni Moskva Ukraina janubini, jumladan, Odessani egallash niyatida ekanini va bu "Dnestrbo‘yiga chiqish uchun yo‘l” bo‘lishini aytdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Minnekayevning gaplari Rossiyaning Ukrainaga istilosi faqat “ibtido” ekanligini va “ular boshqa mamlakatlarni ham qo‘lga olmoqchiligiga” ishora ekanligini aytdi.

"Ukrainada harbiy muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘proq yerlarni egallashga harakat qilishi mumkin" dedi Birmingem universiteti xalqaro xavfsizlik professori Stefan Volf Ozodlik radiosiga elektron pochta orqali.

"Putin orzusidagi ssenariy bo‘yicha ketmoqda. U butun Ukraina janubini egallab, Dnestrbo‘yini tan oladi, keyin esa Moldovaning qolgan qismida, jumladan, Gagauziyada g‘alayon qo‘zg‘atadi", deya tushuntirdi Volf.

Gagauziya Moldovaning asosan turkiyzabonlar va pravoslav xristianlar yashaydigan avtonom viloyatidir.

"Rossiya harbiylari urushning dastlabki maqsadlaridan voz kechishni jiddiy xato deb biladi. Ular endi Rossiya Ukrainaga qarshi emas, balki NATOga qarshi kurashayotganini ta’kidlamoqda", deb yozdi Andrey Soldatov va Irina Borogan AQShda joylashgan Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi uchun yozgan maqolasida.

Strategiyadagi o‘zgarishlarning ehtimoliy belgisi sifatida 26-aprel kuni Rossiya raketa zarbasi Ukrainaning Bessarabiya viloyatini Odessa bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prikni nishonga olgani bo‘ldi. Biroq, shunga qaramay, Rossiya mintaqada yangi hujum uyushtira oladimi, degan savol tug‘iladi.

Virjiniya shtatida Rossiya tadqiqotlari dasturini boshqaradigan Maykl Kofman: "Men bunday bo‘ladi deb o‘ylamayman", deb ta’kidladi.

"Umuman olganda, Rossiya armiyasidagi katta yo‘qotishlar mavjudligi jangovar samaradorlikni keskin pasaytirdi. Ular qo‘shimcha kuchlarni shakllantirish uchun doimiy qo‘shinda qolgan resurslarni oldi. Bu yo‘qotishlarning o‘rnini bosa olmaydi", dedi Kofman.

Ukrainaning Kiyev viloyatidagi Gostomel yaqinida tank ustida yotgan rus askari jasadi.
Ukrainaning Kiyev viloyatidagi Gostomel yaqinida tank ustida yotgan rus askari jasadi.

Ukraina rasmiylari 27-aprel holatiga ko‘ra, o‘lgan rus askarlari soni 21 mingdan oshganini ma’lum qildi.

"Haqiqatan ham, Moskva yangi bosqin amalga oshirish uchun harbiy salohiyatga ega emas. Ular Donbassda katta g‘alabaga erishish uchun kurashmoqda", deydi Volf. Joriy "reja" Ukraina hududining taxminan uchdan bir qismini bosib olish. Uzoq davom etadigan va Rossiyaga qimmatga tushadigan mahalliy qarshilik Ukraina va NATO tomonidan yaxshi qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Mudofaa bo‘yicha tahlilchi, polьshalik Konrad Muzika ham Rossiya tez orada hujumni kengaytirishiga shubha bildirdi. “Hozir Rossiyaning diqqat markazi Donbass va shimoli-sharqiy Xersonda” dedi u.

"Hamma Kiyev mudofaasi haqida gapiradi, lekin Nikolayevni himoya qilish ham juda muhim", deya tushuntiradi Muzika Rossiyaning o‘tgan oy Ukraina poytaxti atrofidagi hududlardan chekinishiga ishora qilib.

Agar Moskva haqiqatan ham Dnestrga yurish qilishga qaror qilganida, u yerdagi shundog‘am yaxshi ta’minlanmagan qo‘shindan ko‘mak olmagan bo‘lardi, dedi Ozodlik bilan suhbatda Dionis Senusa.

"Dnestrbo‘yi ham o‘z qurolli kuchlariga ega, ularning soni 4000 dan 7500 gacha, ammo ularning jangovar qobiliyati va texnikalari haqida ko‘p narsa ma’lum emas."

Dnestrga keng qamrovli hujum ehtimoli hozircha yo‘q bo‘lsa-da, Moskva Moldovani beqarorlashtirishga urinishi mumkin. Moldovada 2020-yil dekabrda Sandu prezident etib saylanganida Kreml asosiy ittifoqchisidan ayrilgan. G‘arbparast partiyalar parlament saylovlarida yaxshi natija ko‘rsatgan.

Volfning so‘zlariga ko‘ra, shundan kelib chiqib Dnestrbo‘yidagi so‘nggi voqealar Kreml tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya xavfsizlik xizmatlari hozirda “Moldovani beqarorlashtirish, janubiy chegarada Ukraina qo‘shinlarini to‘sib qo‘yish, mamlakatda kuchayib borayotgan evropaparast kayfiyatga qarshi turish va G‘arbga Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatishni muhokama qilmoqda, deb yozgan Jek Uotling va Nik Reynolds o‘z maqolalarida.

Moldova prezidenti Mayya Sandu
Moldova prezidenti Mayya Sandu

7-aprel kuni prezident Sandu Ukrainada Rossiya agressiyasining ramziga aylangan "Z" belgisi va Avliyo Georgiy lentasini taqiqladi.

Uotling va Reynoldsning so‘zlariga ko‘ra, taqiqdan so‘ng, Ukraina razvedkasi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Moldovada norozilik harakatini tashkil etish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabarlar ola boshlagan.

Siyosiy tahlilchi Kristian Vlasga ko‘ra, Moldovada bunday g‘alayonlar ehtimoli yuqoriroq. “Rossiyaparast sotsialistlar 9-mayda (G‘alaba kuni) Georgiy lentalarisiz miting o‘tkazishlarini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Gagauziyada va shimoliy hududlarda provokatsiyalar bo‘lishini kutish mumkin, deydi u Moldovaning rossiyaparastlar xayrixohligi yuqori bo‘lgan shahrini nazarda tutib.

Rossiya gazi narxining oshishi Yevropaning eng qashshoq mamlakati Moldovada aholiga qattiq ta’sirini hisobga olsa, vaziyat beqaror, deydi Vlas.

XS
SM
MD
LG