Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:43

Azizullo Orol: Afg‘oniston o‘zbeklari Navoiyni ona tilida o‘qishdan mahrum bo‘lishi mumkin


Azizullo Orol Toshkentda Navoiyga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda.
Azizullo Orol Toshkentda Navoiyga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda.

Toshkentda 9-10 - fevral kunlari shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda Navoiy tug‘ilgan yurt – Afg‘onistonning Hirot shahridan bo‘lgan jurnalist va navoiyshunos Azizullo Orol ham qatnashgan.

Ozodlik radiosining sobiq jurnalisti bo‘lgan Azizullo Orol toliblar Afg‘onistonni egallab olganidan keyin Navoiy va boshqa o‘zbek ijodkorlari merosini o‘rganish qanday kechayotgani haqida Ozodlikka so‘zlab berdi.

“Afg‘onistonda o‘tgan o‘n besh yil davomida Navoiy va Bobur merosini o‘rganish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar qilindi. Bir qancha xalqaro simpoziumlar tashkil etildi, Navoiyning o‘nlab jild asarlari nashr etildi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan Tolibon rejimi bu narsalarni yo‘qqa chiqaryapti. Olti oyki, buyuk ajdodlarimiz mahfillari o‘tkazilmaydi, bir sahifa ham kitob chop etilmaydi. Hozirgi hukm surayotgan vaziyat nafaqat ilmu ma’rifatga e’tibor berishga ojizlik qilyapti, balki xalqning oddiy turmush tarzini ham og‘irlashtirib yubordi. Buni biz Tolibonning aholiga bo‘lgan munosabati, ma’rifatga bo‘lgan munosabatidan ko‘rib turibmiz.

Afg‘onistonda asosiy Qonunning loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi. Eng achinarlisi shuki, bu loyihada o‘zbek tili hozirga qadar asosiy Qonunda bo‘lgan maqomidan ayrilganga o‘xshaydi. Chunki avval bo‘lganidek, o‘zbek tili rasmiy til sifatida e’tirof etilmagan. Bu degani, demak o‘zbek tilidagi maktablar bo‘lmaydi, o‘zbek bolalari Navoiyni va boshqa o‘zbek ijodkorlarini ona tilida o‘qishdan mahrum bo‘ladi. O‘zbek tilidagi maktablar faoliyati hozir to‘xtatilgan, milliy televideniyedagi ko‘rsatuvlarga ham taqiq qo‘yilgan. Bu juda ayanchli hol.

O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq, o‘zbek tomoni Alisher Navoiyning maqbarasi joylashgan bog‘ni obod qilib, sayilgoh qilishga va’da bergan edi. Afsus, bu ishlar ham to‘xtab qoldi. Toliblar kirib kelganda Javuzjon viloyatida Navoiyning rasmi tushirilgan devor yiqitib tashlanganiga guvoh bo‘ldik. Keyinchalik bunday holat ko‘rmadimu, ammo mamlakatda ma’rifiy-tarixiy ishlarga e’tibor deyarli yo‘q darajada”.

Azizullo Orol bilan intervyuni quyida tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:16 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG